Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ochko‘zlik qilmang

“QAMAR MEDIA” MCHJ nashriyotida chop etilgan “365 kunga 365 ibratli hikoya” nomli kitobida siz bolajonlarning kelajakda yaxshi inson bo‘lib kamolga yetishingizga, chiroyli tarbiya topishingizga ko‘mak beradigan  ajoyib rivoyatlar, tarixiy voqealar o‘rin olgan.  Afsuski, bu kitob hali ko‘pchilik  xonadonlarga  yetib bormagan. Ana shuni hisobga olib, biz jurnalimizning ushbu sonidan boshlab undagi rivoyatlardan  “Odobnoma” ruknida   berib borishga qaror qildik.

Kuz oxirlab, o‘rmonda o‘t-o‘lanlar siyraklashgach, u yerdagi hayvonlar ye­mish topishga qiynalib qolibdi. Shunday kunlarning birida  Karkidon qorin to‘ydirish g‘amida o‘rmonning ichkarisiga kirib qolib­di. “Voy-bo‘, bu yerda  o‘t-o‘lanlar  juda se­rob ekan-ku”. Karkidon tinim bilmay ishlab, anchagina  o‘t-pichan  jamg‘aribdi.  Va tuni bilan  uni uyiga tashib olibdi: “Yomg‘ir yo­g‘ishi ham kechikyapti, o‘t-o‘lanlar qovjirab  tamom bo‘lyapti. Bunaqada  o‘rmonimizdagi  jonivorlarga  qiyin bo‘ladi. Ba’zilari ochlikdan nobud bo‘lishlari ham mumkin. Men esa chaqqonligim bois  qishligimni g‘amlab oldim. Endi qorin tashvishini qilmay, mazza qilib yashayman”, deb o‘ylabdi u qornini silab uyquga ketarkan.

O‘rmonda bir ona kiyik ham yashar ekan. U tongda turib qarasa, qorni ochlikdan surnay chalyapti. O‘rmonda qornini to‘ydira­digan  birorta giyoh topolmagach noiloj   qo‘sh­nisi Jirafaning eshigini taqillatibdi. Jirafa uni ochiq chehra bilan kutib olibdi. Kiyik ming xijolat bilan unga maqsadini aytibdi. Shunda  Jirafaning uyatdan quloqlari qizarib, ko‘ziga yosh olibdi:

– Omborimda  biror narsa bo‘lsa jonim bilan  berardim, qo‘shni, lekin o‘zim ham ke­cha­dan beri tuz totganim yo‘q. Yuring,  yaxshisi  uyoq-buyoqdan  biror yegulik qidirib ko‘ramiz. – Ular yemish qidirib yo‘lga chiqishibdi. Maymunning uyidan o‘tayotib undan ham ovqat so‘rashibdi. U ham o‘zida bitta  nonushtaga yetgulik banan qolganini aytib, uzr so‘rabdi.

– Yuringlar, qo‘shnimiz Karkidonning oldiga boramiz, kecha darvozasi oldida o‘t-o‘lanlar sochilib yotgan edi, – debdi chehrasi yorishib. Qo‘shnilar ochlikdan sulayib,  Kar­ki­don­ning  uyiga  yo‘l olishibdi. Eshikni Karki­donning o‘zi ochibdi.

– Og‘ayni, iltimos bizga  bir siqim  xashak ber, – deyishibdi ular.

– Shunday  yugurik  sizlar topolmagan  yem-xashakni  men  topolamanmi?!   Ancha­dan  buyon yomg‘ir yog‘mayotganini, o‘rmon­dagi o‘t-o‘lanlar qurib-qaqshab yo‘q bo‘lib ketganini mendan ko‘ra o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku, – debdi u hech  tortinmasdan. Ilojsiz qolgan Maymun hamrohlaridan uzr so‘rab uyga qaytibdi.

Kiyik va Jirafa esa yana yo‘lga tushibdi. Bir payt ro‘paralaridan bepoyon dengiz chiqib qolibdi.  Sohilda  Dengiz otini uchratishibdi.

– O‘rmonda qurg‘oqchilik.  Bahorda ko‘kargan o‘t-o‘lanlarni allaqa­chon yeb bitirdik, yeyishga bir chimdim o‘t yoki yashil yaproq qol­gani yo‘q. Kechadan beri hech narsa yeganimiz yo‘q. Ochlikdan o‘lay deyapmiz, – deyishibdi Dengiz oti bilan salomlashib uning yoniga o‘tirishgach.

– Xafa bo‘lmang, biz sizga yordam beramiz, – debdi Dengiz oti va dengizga sho‘ng‘ibdi. Ko‘p o‘tmay, bir quchoq dengiz o‘tlaridan olib chiqib, ularning oldiga qo‘yibdi. – Sizlar  bemalol qorningizni to‘ydirib  olinglar. Men hozir, – u shunday deb  den­gizdagi bosh­qa hayvonlarni ham yordam­ga chaqiribdi. Ko‘p o‘t­may dengiz  toshibdi, ko‘piribdi. Chun­ki   bar­cha  suv hayvonlari  quruql­ikdagi  og‘aynilari uchun  o‘t yulishga kirishgan ekan-da. Hash-pash de­gun­cha  sohilda   suv o‘tlaridan ko‘p­lab xirmonlar paydo bo‘libdi.

Bu orada  Kiyik o‘rmonga borib do‘stlarini chaqirib kelibdi. Hamma hayvonlar  bu  ko‘maklari  uchun  dengiz  hayvonlariga  minnatdorchilik bildirib ko‘zlariga yosh olibdi. Keyin    o‘z­la­riga kerakli  yemishni uy-uylariga tashib olishibdi.  Shu tariqa o‘rmon jonivorlari och­lik­dan qutulib qolishibdi.

Bir necha kundan keyin shunaqangi  yomg‘ir yog‘ibdi-ki, qovjirab yotgan maysalar ko‘karib, o‘rmon yam-yashil o‘tloqqa aylanib­di. Karkidon to‘plab qo‘ygan ozuqalar esa yomg‘irda qolib, chirib, ichida mikroblar paydo bo‘libdi. Karkidon ularni yeb kasal bo‘lib  qolibdi.

Hayvonlar yomg‘ir yog‘ganini bayram qilish uchun to‘planishibdi. Biroq  Karkidon  bu bayramda qatnasholmabdi.  Hayvonlar uni ko‘rish uchun uyiga borishibdi.

– Karkidon, nega bayramga  chiqmading, seni  rosa kutdik.  Sog‘lig‘ing yaxshimi, ran­ging sal  o‘chibroq turibdi, – so‘rabdi  Kiyik mehribonlik bilan. Bu g‘amxo‘rlikdan  Kar­kidonning ko‘ngli  bo‘shab  yig‘lab  yuboribdi:

– Meni kechiringlar! Sizlar  juda  yaxshi qo‘shnilarsiz. Men esa qizg‘anchiq va yomonman. Siz och qolganingizda  g‘aram-g‘aram o‘tim bo‘la turib bermadim. Faqat  o‘zimni o‘yladim, mazza qilib yeb yotmoqchi bo‘l­dim.  Oqibatda  ular yomg‘irda chirib ketdi. “Yemishni ko‘p to‘plab olsam boshqalarga muhtoj bo‘lmayman”, deb o‘ylagandim. Lekin hozir  anglab yetdimki,  to‘kin-sochinlikda ham, qiyinchilikda ham do‘stlar, yaqinlar hamjihat bo‘lishi kerak ekan, – debdi.

Shunda hayvonlar ikkiga bo‘linibdi. Bir qismi Karkidonni tabibga olib boribdi, qolganlari esa uning uyini tozalab, havosini almashtirishibdi.

 

Saboq: Kishi doim do‘stlariga yor­dam qo‘lini cho‘zishi kerak. O‘zi uchun ya­shaydiganlar, ya’ni birovlarga  qo‘shil­maydiganlar  dam olib, oromda yashashlari mumkin. Lekin hayoti qiziq bo‘lmaydi. Inson baxillik qilmay, atrofdagilarga yaxshilik qilishi, xato qilganni kechirishi lozim.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.