Saboq
Dilshod bilan Murod qadrdon do‘st. Ular bir sinfda tahsil oladi, birga dars qiladi. Har ishni birgalikda bajarishga intiladi.
Ikki do‘st maktab yo‘lakchasidan ketayotgan edi Murodning ko‘zi yerda yotgan pulga tushdi.
– Do‘stim, anavi yerda yotgan pulmi?
– Qani? – Dilshod u ko‘rsatgan tomonga qaradi-yu, darhol pulni qo‘liga oldi. – 50 ming so‘m ekan.
– Zo‘r-ku, – xursand bo‘lib ketdi Murod. – Kel do‘stim, shu pulni menga beraqol, - dedi muloyimlik bilan.
– Bu pulni yerdan birinchi bo‘lib men oldim, – zardali javob qaytardi Dilshod. – Shuning uchun bu meniki bo‘lishi kerak.
– Ammo uni birinchi bo‘lib men ko‘rdim, agar aytmaganimda olmagan bo‘larding.
Dilshod qarasa Murodga pulni bermasa, orasi buziladi.
– Yaxshisi, bu pulga darsdan keyin shirinlik olib birga yeymiz, – murosa qilmoqchi bo‘ldi u.
– Menga hozir shirinlik yeyish mumkin emas, – qovog‘ini uydi Murod. – Tomog‘im og‘riyapti.
– Unda shirinlikni uylaringga olib borib ukalaringga berasan.
– Bo‘lmaydi, ota-onam pulni qayerdan olding desa, nima deb javob qaytaraman?!
– Unda do‘konga kirib, pulni maydalaymiz. Senga 20 ming so‘m beraman.
– Nega endi menga 20 ming, – jahli chiqdi Murodning. – Pulni teng ikkiga bo‘lamiz...
Ikki do‘stning tortishuvi janjalga aylandi. Hatto mushtlashishgacha borib yetdi. Yaxshiyamki, ona tili o‘qituvchisi Muazzam opa kelib qoldi. Ikkisidan janjal sababini so‘radi. Murod boshini eggancha jim turaverdi. Dilshod esa do‘stini ayblamoqchi bo‘lib, so‘z ochdi-yu tilidan ilindi. Oxiri ustoziga janjal sababini aytib berishga majbur bo‘ldi. Muazzam opa ularning qo‘lidan pulni olar ekan:
– Qayerdan pul topib olsangiz ham darhol egasiga qaytarishga harakat qiling, – dedi ustoz. – Bu pulni esa maktabdan topib olganingiz uchun, sinf rahbaringiz yoki maktab ma’muriyatiga yetkazishingiz kerak edi. Odob-axloqli bolalar albatta, shunday qiladi. Unutmang, birovning puli hech qachon buyurmaydi.
Muazzam opa o‘qituvchi va o‘quvchilardan pulning egasini so‘rab-surishtirdi. Dastlab pulning egasi topilmadi. Ko‘p o‘tmay, o‘quvchilardan biri matematika fani o‘qituvchisi Nargiza opa bolalardan “Pul topib olmadilaringmi?” deb so‘rab yurganini aytdi. Muazzam opa unga pulini qaytardi.
– Pulingizni 6-sinf o‘quvchilari Hakimov va Azimov topib olishgan ekan. Mening qo‘limga tutqazishdi, men esa sizga.
Ko‘p o‘tmay Murod va Dilshodning sinfiga matematika o‘qituvchisi kirib keldi.
– Sizlarga katta rahmat, – dedi Nargiza opa. – Sizlarni halol va insofli qilib tarbiyalagan ota-onangizga ming rahmat! Qolaversa, sizlarga ta’lim-tarbiya bergan ustozlarga ham tashakkur. Birovning haqiga xiyonat qilmaydigan mard bolalar ekansiz.
– Rahmat, – deyishdi Murod bilan Dilshod baravariga va bir-birlariga xijolatli qarab qo‘yishdi.
Bu voqea ular uchun umrbod saboq bo‘lib qolishi aniq, albatta.
Diyora FAXRUTDINOVA,
Toshkent shahar
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
241-maktabning 7-sinf o‘quvchisi