Sayroqi qush
Archali soyda soyning guvillashi, tonggi qushlarning nag‘masi avjga chiqadi.
Ota-bola Zarcho‘yan cho‘qqisi yonbag‘ridagi Zarcho‘yan bulog‘ining shundoq tepasida ming yoshli archa ostida bobolardan qolgan manzil – supada kecha kun bo‘yi yo‘l yurib kelishgani uchunmi, charchab uxlab yotishibdi. Ustlarida issiq choyshab. Ana, o‘g‘il uyg‘onganday bo‘ldi, yotgancha qo‘llarini keng yozib kerishdi. Go‘yo bu bilan u “Hoy tog‘lar, men sizni sog‘inib keldim. Qani, bag‘rimga sig‘sangiz, quchoqlab sog‘inchim ayta olsam”, demoqchiday.
Atrofda bir-biridan sayroqi qushlar ovozi ko‘payib boradi. O‘g‘il yotgancha qushlar ovoziga quloq tutadi. Namuncha bu ovozlar bir-biridan yoqimli bo‘lmasa, o‘yladi u. Ayniqsa, qushlardan birining yoqimli ovozi, berilib sayrashi uni rom etib qo‘ygandi. Alanglab shu sayroqi qushni qidirdi. Atrofda esa qushlar to‘p-to‘p bo‘lib uchib yurishibdi. Ammo o‘ziga yoqqan sayroqi qush qay biri ekanini bilolmadi. Sinchiklab atrofni kuzatdi – ko‘rolmadi. Dadasining uyg‘onishini kutdi. Qimirlaganini ko‘rib darrov so‘rashga tushdi:
– Dada, dadajon, yaxshi yotib turdingizmi? Anavi yoqimli sayrayotgan qanday qush?
– Ha, u qush – bulbul! Dunyodagi eng mitti qushlardan. Rangi ham o‘ziday ko‘rinmas – kulrang. Qay shoxda turmasin, ko‘rolmaysan, faqat ovozini eshitasan, ovozini, bolam...
– Juda qiziq, shunday chiroyli ovozli qushni ko‘rib bo‘lmasa-ya...
– Bu qushni tabiat shunday yaratgan. Barglar orasida panalanib sayrayveradi.
– Tillaqo‘ng‘iz ham kichkina-ku, qayerda uchsa darrov ko‘ramiz.
– O‘g‘lim! Sen bulbul ovozini yoqtirib qolibsanmi, deyman.
– Ha, dada, yoqqandayam juda yoqdi, – o‘g‘ilning javobini qattiq esgan shamol bo‘lib yubordi. – Uyimizdayam, bog‘imizdayam shunaqa bulbul bo‘lsaydi...
– Bo‘ladi, uyda gullar ekib, gulzor qilsang, ko‘chatlar ekib, bog‘ qilsang, bulbul, albatta, keladi, o‘g‘lim.
Shamol yanada kuchaydi. Go‘yo butun borliqni ag‘dar-to‘ntar qiladiganday. Birpasda qushlar ovozi tindi. Bulbul ham sayramay qo‘ydi. Ota o‘rnidan turdi-da, buloq suvida yuz-qo‘lini yuvdi, artinib, yana joyiga qaytib o‘tirdi.
– O‘g‘lim, tobim bo‘lmayotganga o‘xshaydi. Sen choy qaynatguningcha archaga suyanib o‘tiray. Harna shamoldan pana, – dedi-da archaga suyanib oldi. “Sen tez choy qo‘y, bulbul haqida so‘rama”, demoqchi bo‘ldi-yu, demadi. Xayoliga yoshligi, bolalar bilan toqqa chiqqanlari, yo‘lda daraxtdagi indan tuxum olganlari – uni bo‘lishganlari, tog‘dan lola, ravoch terib yurganlarida tuxumlar qayerdadir qolib ketganlari yodiga keldi, bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ldi. “O‘shandagi ishimiz gunoh ekan” demoqchiydi, bo‘lmadi.
O‘ylarini archaning tepasidanmi, pasidanmi shamol uchirib tushirgan in bo‘lib yubordi. In...unda temirqanot palaponlar bor ekan. Kichkina-kichkina! Aftidan bu palaponlar bulbulchalar edi. Ular yiqilayotganda oyoqlarini yig‘ib, ko‘zlarini yumib olishgandi. O‘g‘ilning ko‘zi katta-katta ochilib ketdi. Archaga suyanib holsiz o‘tirgan dadasiga yalindi:
– Dadajon, palaponlar tirik ekan. Biror narsa ularni yeb qo‘ymasidan saqlab qolaylik. Qo‘lbola in yasaylik...
Ota o‘rnidan turdi. Shu atrofda o‘sgan butalarning mayda shoxlaridan sindirib, tovoqchaga o‘xshash in yasadi. Ichiga yumshoq o‘tlardan yulib, to‘shadilar, so‘ng palaponlarni avaylab tutib inchaga joyladilar. Ish bitgach, inchani avvalgi joyiga olib chiqib o‘rnatdilar. Shamolda yana uchib ketmasin deb chilvir ip bilan mahkam bog‘lab qo‘ydilar.
Ini qulagandan beri tinmay sayrayotgan qush jim qoldi. Bolalarining oldiga – yasama in oldiga qo‘ndi. Palaponlari sog‘-omon ekanliklarini ko‘rdimi, yo ota-bolaning mehribonligi bois yangi uyga ega bo‘lganlaridanmi baralla sayrab yubordi.
– Dada, dada, men o‘z ko‘zim bilan tirik bulbulni ko‘rdim.
– Ha, o‘g‘lim, buni yodingda tut, qushlar sen qilgan yaxshilikni hech qachon unutmaydi. Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishga intiladi.
Ota-o‘g‘il o‘zlari qilgan ishlaridan xursand. Bulbulning baxtiyor ovozi jaranglab, tanlariga singib borardi.
Hamidulla MURODOV