Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tushdan chiqarilgan xulosa

Qadim-qadim zamonlarda emas, hozirgi zamonda Jasur ismli bola bor ekan. Lekin uni ko‘pchilik o‘z oti bilan emas, balki Chalavoy deb chaqirar ekan. Chunki u juda ham dangasa, boshlagan ishini hech qachon tugallamas ekan-da. Chalavoy qish kunlarining birida o‘rtoqlari bilan qorbobo yasamoqchi bo‘libdi. Ammo, qorbobo yasayotgan paytida oyisi chaqirib qolibdi. U uyga kirib, hayratga tushibdi. Chunki to‘ldirilmagan kundaligi, qulog‘i chizilmagan “fil” va chala tayyorlangan uy vazifalari tilga kirib, oyisining boshini qotirayotganmish. Ular Chalavoyni ko‘rib, uning ustiga bostirib kelib so‘roqqa tutishibdi. Holdan toygan Jasur: “Bo‘ldi, bas qilinglar, hammangizni tugatib qo‘yaman”, deb xonasiga qochib qolibdi.

Kechki payt eshik taqillabdi, Chalavoy yugurib hovliga chiqibdi. Eshikni ochgan dadasining ro‘parasida bir ko‘z va burunsiz qorbobo yig‘lab turganmish. Dadasi darhol o‘g‘lini chaqiribdi va: “O‘g‘lim, hoziroq chiqib, qorboboni to‘liq yasab qo‘y”, debdi.

Chalavoy qorbobo bilan birga ko‘chaga chiqibdi, ammo atrofda qor qolmagan emish. Bundan qorboboning jahli chiqibdi va Jasurga tashlanibdi. Qo‘rqib ketgan Jasur yordam so‘rab baqiribdi. Shunda u o‘z ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketibdi. Qarasa, xonasida yotganmish. Bo‘lib o‘tgan voqealarning bari tush ekan.

Xayriyat, deb boshini yana yostiqqa tashlabdi-yu, o‘sha zahoti o‘rnidan turib ketibdi. Axir, uning qanchadan-qancha uy vazifalari-yu, chala bajarilgan ishlari bor. Jasur ko‘rgan tushidan ham qo‘rqibdi, ham ta’sirlanibdi. Shundan keyin u boshlagan ishini hech qachon chala qoldirmaydigan bo‘libdi.

 

Bahodir AHMATOV,

Toshkent shahar Shayxontohur tumani

324-maktabning 6-sinf o‘suvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.