Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yong‘oq

Yana tabiatshunoslik darsi tashqarida o‘tadigan bo‘ldi. Biz yong‘og‘imiz tagidan talashib joy egallaymiz. Yaxshilab o‘rnashib olgach,  jim o‘tirib, uni kuzatamiz. Birinchi sinfga chiqqan kunimizni  yaxshi eslayman.

Muborak opa bizga maktab oshxonasi, ustaxona, kutubxonani ko‘rsatdi. Biz sinfimiz ro‘parasidagi ikki quloch qari yong‘oq daraxti ostida to‘xtadik.

–   Bu siz yaxshi bilgan yong‘oq daraxti.  U gapirmasa ham ko‘p narsani tushunadi. Ayniqsa, bolalarni sevadi.  Yozi  bilan soyasida o‘tiramiz, kuzda mevasi bilan siylaydi.  Agar kimdir daraxtning ustiga tirmashib, ozor yetkazsa,  xafa bo‘ladi, – dedi muallim.

–   Voy,  daraxtning ham joni bo‘larkanmi, ustoz? – deb so‘radi Jasur.

–   Albatta, joni bor. U ham suv ichadi,  ham meva beradi.  Faqat gapira olmaydi.

O‘quvchilar ko‘z qisib tepaga alanglar, daraxtning serhosil shoxlari mayin tebranib, opaning gaplarini ma’qullagandek edi.

Shu-shu  yong‘oq daraxti yaqin do‘stimizga aylandi.  Ertalab sinfga kira solib, derazadan unga bir qarab olamiz. Darsdan keyin xazonni supurib, ariqni tozalaymiz. Ko‘klamda  bo‘y baravar oqlaymiz. Ayniqsa, uni bahorda kuzatish maroqli. Xayolimda ertalab maktabga kelgunimcha uning barglari sal o‘sib qolgandek tuyuladi. Uzun-uzun mar­jondek dovchalari to‘kilsa, uvol bo‘lmasin deb Muborak  opaga ko‘rsatamiz. Shunda o‘qituvchimiz:

–   Qaytaga puch, kasalmandlari  to‘kilib,  bo‘liq  hosil  beradiganlari qoladi, – der edi.

Yong‘og‘imiz kuzda bizni iliq bag‘riga chorlardi. Binoni aylanib o‘tib, avval uning  oldiga yuguramiz. Daraxtning bir qismi panjara tashqarisidagi  bolakaylarniki. Tepadan  “paq” etib to‘kilgan yong‘oqning po‘stlog‘i ajraladi. Cho‘ntak-cho‘ntak terib, yetakchi xonasidagi  qutiga solamiz. Qishda  Yangi yil bayrami uchun shirinlikka qo‘shib, sovg‘alar tayyorlaymiz.

Muborak opa har bir fandan hayotiy misollar keltirishimizni yoqtiradi. Masalan, matematika  darsida shunday masala tuzdim. “Menda yuzta yong‘oq bor edi. Dugonam bilan baravar bo‘lib oldik. Har birimizga nechtadan yong‘oq tegdi?”. Ona  tilidan “Uyushiq  bo‘lakli gaplar”  mavzusini o‘tdik.  “Anvar bilan   Karim  yong‘oq terdi”,  “Umar  yong‘oq daraxtini oqladi,  qurigan shoxlarini kesdi” degan gaplar tuzdim. Sinf  burchagimizdagi shkaf javonida “Mohir qo‘llar”  to‘garagi a’zolarining mehnat namunalari saqlanadi. Yong‘oq pallasidan plastilin yordamida meva-cheva yasaymiz.  Gerbariy uchun albom­ning birinchi betiga eng avval, yong‘oqning chiroyli barglaridan joylaymiz.

Kech kuzga borib, yong‘oq daraxtining tillarang  yaproqlari duv to‘kiladi. Ma’yus boqamiz. O‘qituvchimiz:

– U ham insondek charchaydi. Kelasi yil bizga hosil berish  uchun qishda yaxshilab uxlab,  kuch yig‘ishi kerak, – deya ko‘nglimizni ko‘taradi.

Nihoyat, biz boshlang‘ichni tamomlab, bosh­qa xonaga ko‘chdik, rahbar o‘zgardi. Bir kuni maktab hovlisida besh-oltita amaki paydo bo‘ldi. Ular elektr arra bilan  yong‘oq daraxtini arralashdi. Daraxt azob chekkandek qarsillab asta quladi. Avval  shoxlarini butashdi.  Keyin bo‘lak-bo‘lak qilib, traktor pritsepiga ortishdi. Traktor yong‘oq daraxtiga qo‘shib bizning quvnoq bolaligimizni ham uzoq-uzoqlarga olib ketgandek bo‘ldi.

 

Muhayyo TO‘LAGANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.