Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men ko‘rgan urush

Men odamzod kushandasi bo‘lgan nemis- fashist bosqinchilarining yer  yuzidan  tamoman  supurib tashlanganiga 10 yil to‘lganda dunyoga kelgan ekanman. Esimni taniganimda esa insonlarning 1418  kunini tahlikaga solgan, har daqiqada ajal o‘z qiyofasini ko‘rsatib turgan bu mudhish tarix bizdan  birmuncha yiroqlashgan, odamlar ancha xotirjam  tortib, qayta tiklash ishlariga astoydil kirishgan   edi.

Biroq men bu urushni bilmayman,  deyolmayman. Men uni turli taqdirlarda  ko‘rganman. Uning kishilar qalbida qoldirgan og‘riqlarini murg‘ak ko‘nglim  bilan  his  qilganman.  Chunki oltmishinchi yillar  nihoyasida hali qishlog‘imizda II  jahon  urushida qatnashgan,  janggohlarda  oyog‘i, qo‘li, ko‘zidan ayrilib bo‘lsa-da qaytib, mushtipar onalarini quvontirgan,   qalbi   kemtik  erkaklar, urush huvillatib qo‘ygan oilalar ko‘p edi. O‘nlab,  yuzlab xonadonlarning  devorlarida   kimningdir  otasi, kimningdir o‘g‘li,  kimningdir  turmush o‘rtog‘i,  shu   yerdan   nasibam   uzilmasin, rizqim chorlab tursin, uyimga eson-omon qaytib kelay degan umidda bir tishlamgina   uzib yegan nonlari qotib, qovjirab egalariga ilhaq   osilib turardi. Xonadon egalari uchun bu diydor  ilinji edi.

Yon qo‘shnimiz  Turshak   buvi (asl  ismlarini  bilmasdik. Qishlog‘imizdagi barcha bolalar uni shunday atardi. Uning hovlisida juda ko‘p  serhosil o‘rik daraxti o‘sar edi. Turshak  buvi   o‘rik  mevalarini quritib, turshak qilib qo‘shnilarga tarqatar, duo qilinglar, savobi bolalarimga tegsin, derdi. Balki  shuning  uchun ham  ismlari  shunday bo‘lib qolgandir)ning katta uyidagi devorga  qoqilgan palak ustida  ana  shunday uchta non osig‘liq turardi.   Biz o‘quvchilar tez-tez borib uning holidan  xabar   olar, ro‘zg‘or   ishlariga   yordamlashardik. Turshak  buvimiz   yolg‘iz  yashardi-da.  Ishlarni  tugatgach Turshak buvimiz bizni o‘sha katta    uyga  taklif  qilardilar. Birga o‘tirib choy ichardik. Keyin  buvijonimizdan    devordagi  nonlar  haqida  so‘rardik. U kishi hech erinmasdan ehtimol  o‘ninchi  marta  savollarimizga  hayajon  bilan javob  berar, ko‘zi hijron yoshlari bilan to‘lardi.

– Mana bu katta  patir  Qodirimniki, u  juda  kelishgan, sherkelbat yigit edi. Qishloqdagi  hammani havasi kelardi. Ataylab uning uchun   katta   patir  yopganman.  Anavi   kulcha   Qosimjonimning   nasibasi.  Erkatoyim  sho‘x  bo‘lgani  uchunmi  ixchamgina edi. Lekin ovozi juda yo‘g‘on,  jarangdor   edi. Ashula aytsa, yetti uy  naridagi  qo‘shniga  ham  eshitilardi.  Otasi   rahmatlik,  shu o‘g‘limni Mulla  To‘ychiga shogird qilib beraman, katta  hofiz  bo‘ladi, derdi.  O‘rtadagi  lochira patirni   dadasiga   tishlatib olganman. Rahmatli mirishkor   bog‘bon edi. Avval Qodirjonni, bir yil o‘tib  dadasini   urushga   olishdi. Urushning to‘rtinchi yili Qosimjonga ham chaqiruv qog‘ozi keldi. Shu kuni  tongda ona-bola  ikkovimiz  huv  hovli  etagidagi   ikki tup o‘rikni ekkanmiz. Juda  og‘ziga  mahkam  edi. “Bular hali shunday katta daraxt  bo‘ladi-ki, soyasiga  supa  qurib  o‘tirasiz”, dedi  ishonch  bilan. Lekin   jangga   ketishi  haqida  hech  narsa  demadi.  Kechki  ovqatga  ul-bul  to‘g‘rashga  uringanimda oshxona derazasidan mo‘ralab, onajon,  siz damingizni  olavering.  Bugun sizga o‘z qo‘lim  bilan choyxona  palov  qilib beraman.  Men   frontdan  qaytguncha  mazasi  og‘zingizda  turadi.  Akamga  maqtab  yurasiz,  deb  gap  ochdi. Men  nodon,  dadang  bilan   akang   o‘sha  fashist  o‘lgurni  o‘zlari yengib  qaytadi. Sen  ham  ketib   qolsang,  men  qanday  yashayman. Shundog‘am   huvillab qolgan bag‘rimni vayron qilma, demabman. “Oyijon, o‘qishimdagi  uchta o‘rtog‘im  bilan  birga  ketyapmiz. Fashistlar dovdirab  qolgan.  Borib  o‘zimiz  urushni  tugatamiz. Yo‘lda   akamni topib, uyga  qaytarvoraman” , desa ishonibman-a, – deb  ko‘z yoshlarini   ko‘ylaklarining  yengi  bilan  artib, go‘yo o‘g‘lini  ko‘rmoqchiday  devordagi  nonga  qarardilar. Shunda Kozim o‘rnidan  dik  etib turardi-da, tagidagi  kursichani ustiga  chiqib  nonlarni  birin-ketin Turshak buviga olib berardi. Buvimiz  ularni   bir-bir  ko‘zlariga  surtib,  yumshoq sochiq  bilan artar, xuddi   bolasini  yuzini silaganday  nonlarni avaylab   siypalab bag‘riga  bosardi. Keyin asta o‘pgach:

– Ma, bolam, ehtiyot  bo‘lib joyiga ilib  qo‘y, –  deb Kozimga  qaytarib   berardilar.

– Birortasidan ham qoraxat olmaganman,  bedarak ketishgan. Balki  plenga  tushib  qolishgandir. Ajabmas, erta-indin eshigimdan uchovlashib kirib  kelishsa. Ana  shunda  butun qishloqqa qo‘y so‘yib,  osh  beramiz. Siz – dastyorlarim laganlarni  tashishda akalaringizga qarashasizlar. Mazza  qilib  osh  yeymiz, –  derdilar.  Shunday  paytda Turshak  buvining   chehralari yorishib  ketardi.  Bu  gaplariga  bizdan  ko‘ra  ham  o‘zlari  ko‘proq   ishonardilar. Oradan yillar  o‘tdi. Bizlar  ulg‘aydik.  Men  shaharga  o‘qishga  ketdim.  Shu yerda ishda qoldim. Bir kuni uyga  borsam, Turshak  buvi olamdan  o‘tgan   ekanlar.

– Dada, endi  devordagi nonlarni   kim  artib  turadi? –  so‘radim   bolalarcha soddalik   bilan. 

–  Buving rahmatli qiziq  qildi. Tobi  qochib  yotgan  paytda  men  bilan ukasini   chaqirdi.

– Fathulla,  Mahmudjon. Meni kunim bitgan ko‘rinadi. Es-hushim joyidaligida sizlarga bir  o‘tinchimni  aytib  qolmoqchiman. Bolalarimning, dadasining  nonlarini  xaltaga  solib   qo‘ydim.  Bilaman,   endi ular bilan   u  dunyoda   ko‘rishamiz.  Ana  shu   nonlarni – shu  kungacha  menga umid bag‘ishlagan, kuch-quvvat bergan  orzu-umidlarimni   menga   qo‘shib  qabrga ko‘minglar.   Toki   urush  degan   baloni  o‘zim  bilan birga   qaro  yerga  olib  ketay. Mendan  keyin  hech  kim,  hech bir  onaizor  judolik,  ayriliq  dardini,  farzand dog‘ini  ko‘rmasin. Uyoqqa borgach, Yaratgandan  ham shuni   so‘rayman, –  dedilar.  Biz  u  kishining vasiyatlarini  ado  etdik, – dadam bu gapni yig‘lab  turib  aytdilar, men, onam yig‘lab   turib   eshitdik. Ana shunda  lug‘at  kitobida  mung‘ayibgina  turgan “urush” so‘zi dunyodagi  eng   xunuk, eng  mudhish   so‘zligini   yurak- yurakdan  his  qildim.

Dunyoda hech qachon urush  bo‘lmasin,  onalar  bo‘zlab  qolmasin, deb  duo  qildim.

                 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.