Kechir meni, qushcha
Qish bo‘yi uyda o‘tiraverib zerikkanimizdan bahor quyoshi yilt etishi bilan bog‘ga yugurdik. Oldinda ketayotgan bolalar birdan “Jim”, degandek bir-birlariga ishora qilishdi.
– Nima gap, – so‘radim sekin atrofga alanglab. O‘rtoqlarim yana ko‘rsatkich barmog‘ini labiga qo‘yib, olma daraxtiga ishora qildilar-da, atrofini aylanib o‘ray boshlashdi. Men ham yaqinroq borib qarasam, o‘tlar orasida mittigina qushcha yo‘rg‘alab ketayapti. Qushcha uchmoqchi bo‘lardi-yu ucholmasdi. Davrani yorib kirdim-da, chaqqonlik bilan uni tutib oldim.
– V-o-o-y! Muncha chiroyli bo‘lmasa! – baravariga qichqirib yubordi bolalar qo‘limdagi qushchaga qarab. – Patlarini qaranglar, rang-barangligini... Endi uni nima qilasan?
– Uyga olib ketaman. To‘tilarimdan qolgan qafasda boqib ko‘ray-chi...
– Qo‘yib yuborganing yaxshi. Uni nima yeyishini bilmasang...
– Men tutib oldimmi, nima qilishni ham o‘zim bilaman, – dedim qat’iy. O‘rtoqlarim indamay o‘yinga berilib ketishdi.
Uyga kelib, qafasni qidirib topdim. Ichiga qushchani solib, hovlimizdagi o‘rik shoxiga osib qo‘ydim. So‘ng, o‘zimni chetga olib, uni kuzata boshladim. Qushcha chirpanib, tinmay o‘zini qafasga urib chiqib ketish uchun ochiq joy izlayotgandi. Oxiri charchadimi, patlarini xurpaytirgancha “Meni qo‘yib yubor”, degandek menga ma’yus tikilib qoldi. Unga rahmim keldi. Hozir qafasdan chiqarsam, biron mushuk yo itga yem bo‘lishi aniq. Uchirma bo‘lsa qo‘yib yuborarman, ungacha boqib turay, deb o‘zimga taskin berdim. Nima bilan oziqlantirsam ekan, deb boshim qotdi.
Birinchi navbatda qafasdagi suvdonga suv quydim. Tomorqamizning zaxroq yeridan kaftdek joyni kovlab, chuvalchang terib, oldiga tashladim. Ozroq nonni maydalab, ushog‘ini sochdim. Qayrilib qaramadi. Keyin bir-ikki kunda o‘rganib qolar, deb o‘z ishlarim bilan band bo‘ldim. Kechqurun qushchadan xabar olgani borsam, ushog‘iga tumshug‘ini ham tekkizmabdi. Qafasning bir burchagiga biqinib, bog‘ tomonga xomush termulgancha ufqqa botayotgan quyoshni kuzatardi. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib uyga kirdim.
Ertasi kuni ertalab bozordan qushlar yeydigan dondan olib kelib sepdim. Olmani qirg‘ichdan o‘tkazib berdim. Ko‘rmagandek, miq etmay o‘tiraverdi. Havasim kelib, qushchani yana ushlab ko‘rgim keldi. Qafasni ochib, sekin qo‘limni cho‘zdim. Uni mendan hayiqmagani, qochishga harakat ham qilmagani ajablantirdi. Qanot qoqolmagani uchun uchib ketolmasligini o‘zi ham sezyapti, deb ko‘nglim xotirjam tortdi. Chiroyli patlarini silayotib, kaftimdagi jonsarak qushchaning dir-dir titrayotganini, jussasining issiqqina taftini his qildim. Qo‘yib yuborishga ko‘zim qiymadi. Bir-ikki kun tursa, ovqatga kirib qolar, degan umidda qaytarib qafasga soldim. Shu orada ikki kun o‘tdi. Qushcha bir alfozda ko‘zini yumib, ko‘ksini yerga bosib yotaverdi.Kasal bo‘lib qoldimikan, deb xavotirga tushdim. Nima bo‘lsa bo‘lar, qo‘yib yuboraman, degan qarorga keldim. Qushchani urintirmay deb, qafasi bilan boqqa bordim va o‘sha – uni ushlab olgan yerga qo‘yib yubordim. Qushcha ko‘m-ko‘k maysalar ustida biroz tetiklashgandek bo‘ldi. Men esa undan uzr so‘radim:
– Seni parvoz zavqidan mahrum qilganim uchun meni kechir! Mana, o‘z uyingdasan, do‘stlaringni, oila a’zolaringni topib, mazza qilib balandlarda uchib yur.
Saodat Musayeva,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi