1-aprel – Xalqaro kulgi kuni
***
O‘qituvchi jahl bilan o‘quvchidan so‘radi.
– Nima uchun uy vazifalaringni dadang bajarib beradi?
– Chunki oyimning vaqtlari yo‘q-da!
– Borib dadangga ayt, senga boshqa qarashmasin. Bo‘lmasa, seni sinfdan qoldiraman.
– Dadam ham endi qarashmaydilar. Kechagi uy vazifamga “2” qo‘yganingiz uchun xafa bo‘ldilar.
***
Matematika darsida o‘qituvchi Sobirni turg‘izib so‘radi:
– Sening o‘ng cho‘ntagingda 10 ming so‘m bor, chap cho‘ntagingda 20 ming so‘m bor.
– Ustoz-ustoz, bu shim aniq meniki emas.
***
Sobir o‘qituvchisiga qarab:
– Ustoz, ertadan uy vazifalarning hammasini bajarib kelishga va’da beraman.
– Ehh, Sobir, sendan bunday va’dalarni ko‘p eshitganman, – dedi o‘qituvchi ishonqiramay.
– Bu safar aniq. Ertadan bobom nafaqaga chiqadilar, – dedi Sobir quvonib.
***
Maktab direktori bezori o‘quvchidan so‘radi:
– Sening ukang yo‘qmi?
– Yo‘q.
– Singling-chi?
– Yo‘q.
– Ohh, qandoq yaxshi!
***
O‘qituvchi o‘quvchilardan so‘radi:
– Bugun sizlar bilan fe’l zamonlarining shaxs-son bilan tuslanishini ko‘rib chiqamiz: Men turdim, sen turding, u turdi, biz turdik, siz turdingiz, ular turdilar.
– Alisher, qaytar-chi?
– Haligi, hamma turdi, ustoz.
– Joyingga o‘tir!
***
– Men cho‘mildim, sen cho‘milding, u cho‘mildi... Qani, kim aytadi? Qaysi zamonda kelyapti?
– Shanba-yakshanba zamonida, ustoz, – dedi kimdir ovoz chiqarib.