Axtamquli
1964-yil 20-mart kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Shotiro‘d qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursida tahsil olgan. Mehnat faoliyati davomida “Tong yulduzi” gazetasida muharrir (2007-2008-yillarda), 2008-2023-yillarda bo‘lim muharriri lavozimida ishladi. Hozir ham ushbu gazetada faoliyat yuritib kelmoqda. “Bodomginam” (2003-yil), “Qorachiqda asraganimsan” (2005-yil), “Bahorimdan kechikkan gul” (2007-yil), “Qirq g‘azal” (2009-yil), “Boshimda osmon aylanar” (2014-yil), “Qarog‘imda gullaydi Vatan” (2016-yil), “So‘z chamani” (2020-yil), “Ismingni yurakka yashirdim” (2021-yil) nomli she’riy hamda “Ibratli hayot” (2005-yil), “Baxt izlagan Odam” (2007-yil), “Yakkabog‘da ulg‘aygan chinor” (2013-yil) nomli biografik qissa va “Tog‘lar ham qariydi” (2012-yil), “Lolazorim Shotiro‘d” (2020-yil) nomli hikoyalar to‘plami muallifi. Shoirning ko‘plab she’rlari qo‘shiqlarga aylanib, xalqimiz qalbidan joy olgan. Bunga mashhur “Shukur qil” qo‘shig‘ini misol qilish mumkin.
U jahon adabiyotidan Shayx Sa’diy, Loyiq Sherali, Muhammad ibn Roshid al-Maktum kabi shoirlarning asarlaridan namunalarni o‘zbek tiliga o‘girgan.
Axtamquli 2008-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat targ‘iboti guruhi a’zosi hisoblanadi.