Yopiq eshiklar kaliti
Yozgi ta’til arafasida turgan do‘stlarim! Albatta, to‘qqiz oy davomida maktabga qatnab, turli fanlardan bilim olib, uyga berilgan vazifalarni tayyorlab, darslarda faol ishtirok etib, biroz toliqqansiz. Bular o‘quvchidan katta mehnat talab qiladi. Qo‘shimcha repetitorga yoki “Barkamol avlod markazi”dagi to‘garaklarga qatnagan bo‘lsangiz, “Endi yozda ozgina dam olishim kerak” degan fikringiz bo‘lishi tabiiy. Bu borada biz sizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo... Bu degani uch oydan iborat yoz fasli davomida yotvolib telefonga sho‘ng‘ish, televizorning bolasiga aylanish, You Tubening hisobini to‘ldirish, degani emas. Oralaringizda allaqachon o‘zini yaxshi anglab olgan, vaqtining har bir soniyasi, soatini qadriga yetadigan bolalar bor, ularga qarang. Ular xorijiy tillarni o‘rganyaptimi, hunarmandchilik ishlarida, oiladagi uy-ro‘zg‘or, xo‘jalik yumushlarida ota-onaga yordam beryaptimi, bo‘sh paytida badiiy kitoblar o‘qiyaptimi, to‘garaklarga qatnayaptimi? Ularga havas qiling, do‘st tutining, hamroh bo‘ling.
Siz shiddat bilan o‘zgarib, yuksalib borayotgan Yangi O‘zbekistonning umidi, kelajagisiz. Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Maktab, tuman, viloyat kutubxonalari davlat mablag‘lari hisobidan yangi kitoblar bilan to‘ldirilyapti, boyitilyapti. “Yoshlar uchun – ming kitob” loyihasi doirasida barcha kutubxonalarga bepul kitoblar tarqatilmoqda. Ta’til davomida maktab kutubxonasidan yoshingizga mos badiiy kitoblarni tanlab, ko‘proq o‘qishga harakat qiling va ularni ro‘yxat qilib boring. Ishonaman, oradan ko‘p o‘tmay mutolaa qilgan kitoblaringiz aqlingizni zukko, nutqingizni burro, dunyoqarashingiz va fikringizni o‘stirganida siz yurtimizda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida har yili bo‘lib o‘tadigan “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etasiz. Kitobxon tengdoshlaringiz bilan bellashib, o‘zingizni sinab ko‘rasiz, ongingizni, hayotingizni yangi ma’nolar bilan boyitasiz. Ajab emas, kun kelib bilimdon yoshlarning “Zakovat” loyihasi qatnashchisiga aylansangiz.
Kitob – barcha bilimlarning, ochilmagan eshiklarning kaliti. Har bir o‘quvchining ota-onasi, maktabi, ustozlari oldida mas’uliyati va javobgarligi bor. Bu – kelajak oldidagi javobgarlikdir. Savoli yo‘q bolaning maqsadi, bilimi, qiziqishi, fikrlashi ham bo‘lmaydi. Fanlarga qiziqqan, bilim egallashga intilgan bolalarning qalbi to‘la savol bo‘ladi. O‘zini “Men ota-onamga, do‘stlarimga, Vatanimga kerakman”, deb o‘ylagan o‘quvchi o‘qish va o‘rganishdan to‘xtamasligi kerak.
Bu yilgi ta’til kunlari sizning ong-u tafakkuringizda o‘zgarishlar bo‘lishida o‘zgacha o‘rin tutishiga ishonaman.