Baxo qo‘yilmaydigan maktab
Salom, aziz do‘stlarim! Mana, maktab yakunlanib, yozgi ta’til boshlanishiga ham atigi bir oy qolibdi. Maktabdan zerikib, ta’til kunlarini sog‘inib qolmadingizmi? Menimcha, “Gulxan” o‘qiydigan bolalar maktabni juda ham yaxshi ko‘rishadi, shundaymi? Lekin nima deb o‘ylaysiz, sizningcha, eng yaxshi maktab qanday bo‘lishi kerak?! Biz ham o‘zimizning maktabimizni eng yaxshi maktabga aylantira olamizmi? Agar javobingiz “Ha” bo‘lsa, qanday qilib? Bu savolga javob berish biroz qiyindek tuyuladi. Sababi, buning uchun boshqa – yaxshi deb tan olingan maktablarni kuzatish va ularning tajribasidan o‘zimizga mosini o‘rganishimiz lozim. Men hozir sizga aytmoqchi bo‘lgan maktab Ozarbayjondagi eng yaxshi maktablardan biri sifatida tan olingan ekan. Darvozadan kirar ekanman, oddiygina ko‘ringan bu maskan nimasi bilan eng yaxshi maktab bo‘lgan ekan, degan savol tug‘ildi. Keyin maktabning oltinchi sinf o‘quvchisi Samir bizni maktab, ustozlar va o‘quvchilar bilan tanishtirgach savolimga javob topgandek bo‘ldim. Samirning maktabi haqida to‘lqinlanib gapirganlarini oqizmay-tomizmay yozib oldim. Siz do‘stlarimga ham bu fikrlarni ulashishni xohladim.
Oddiy, ammo o‘zgacha
Maktabda darslar boshqa o‘quv muassasalaridan farqli ravishda oltita guruhga bo‘lingan ekan. Masalan, eng birinchisi tillar guruhi hisoblanib, unga ko‘ra o‘quvchilar maktabni bitirgunga qadar uchta tilda bemalol gapirishi lozim ekan. Boshlang‘ich sinfdan o‘quvchilar ozarbayjon, ingliz va rus tillarini o‘zlashtirsalar, yuqori sinfga kelib, fransuz, ispan, xitoy va nemis tillaridan birini tanlab, chuqur o‘rganishar ekan.
San’at fanlariga ixtisoslashgan guruhlardan birini o‘quvchilar ixtiyoriy tanlab, musiqa, tasviriy san’at darslarini o‘rganishlari mumkin. Ijtimoiy fanlar guruhi iqtisodiyot, siyosat, tarix va psixologiya darslarini o‘z ichiga oladi. Amaliy fanlardan biologiya, fizika, kimyo, ekologiya va jamiyatshunoslik chuqur o‘rgatiladi. Ko‘pchilik bolalarning boshini qotiradigan matematika o‘zi alohida guruh sifatida birinchi sinfdan o‘n birinchi sinfgacha o‘tiladi.
Nazorat – rivojlanish uchun
Bahosiz ham maktab bo‘lishi mumkinmi, deb hayron qolayotgandirsiz?! Ha, shunday bo‘lishi mumkin ekan. Bu maktabda hatto imtihonlar ham yo‘q desam, quvonganingizdan balki o‘sha yerda o‘qishni istab qolarsiz! Gap shundaki, bu maktabda qaysidir testni yodlab, nechadir ball olganingizga yoki qaysidir kitobdagi ma’lumotni qanchalik yaxshi aytib berganingizga qarab sizni bilimli yoki ikkichiga chiqarishmaydi. Bu maktabda siz o‘rganayotgan bilimingizni hayotga qanchalik tatbiq qila olishingiz va qo‘llay olishingizga ko‘proq e’tibor beriladi. Misol uchun, ingliz tili darslarida buyruq gaplar, meva-sabzavotlar, oziq-ovqatlar mavzusini o‘rgandingiz deylik. Nazorat ishida sizdan sabzavotlsar bo‘yicha lug‘atlar so‘raladi yoki buyruq gap qanday yozilishi bo‘yicha gramatik test topshirish talab qilinmaydi. Aksincha, sizdan qaysidir milliy toamlar kitobini yoki restoran uchun taomnoma tuzishni talab qilishadi. Bu taomnoma va retseptlarni tuzishda ingliz tilidan o‘rgangan bilimlaringiz qo‘l keladi. Retseptlarni internetdan, ishonchli manbalardan izlash davomida tadqiqotchilik ko‘nikmasini shakllantirasiz. Taomnoma yoki kitobcha tayyor bo‘lgach, uni sinfdoshlaringizga taqdimot qilib berasiz va omma oldida nutq so‘zlash, kommunikatsiya ko‘nikmangizni mustahkamlaysiz. Tasviriy san’at ustozi kitobingiz dizaynini yaratishga yordam beradi. Texnologiya ustozi sizga kitob qilish mumkin bo‘lgan InDesign, Srivener kabi dasturlarda qanday qilib ishlashni o‘rgatadi. Qisqa qilib aytganda, har bir nazorat ishida siz barcha fanlardan olgan bilimlaringiz asosida nimadir yaratasiz.
Maktabdagi qadriyatlar
Baho va imtihonlar yo‘q bo‘lishiga qaramay, har bir nazorat ishida oldindan belgilangan mezonlar mavjud. O‘quvchilar shu mezonlarga qanchalik amal qilganligiga qarab a’lo, yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz deb nomlangan yorliqlarga ega bo‘ladilar. Maktabdan tashqari o‘quvchilar jamoatchilik ishlari va turli to‘garaklarga qatnashishadi. Jamoatchilik ishlarida bolalar maktabdagi ishlatilgan yelim idishlardan, makulatura qog‘ozlaridan qanday qilib foydali buyumlar yasashni o‘rganadilar. Har bir o‘quvchi o‘zi yasagan buyumini yil oxiridagi ko‘rgazmada namoyish etishi va sotishi mumkin. Maktabda qo‘g‘irchoq teatri ham tashkil etilgan bo‘lib, qo‘g‘irchoqlar va teatr dekoratsiyalari o‘quvchilar tomonidan yasalgani e’tiborimni tortdi. O‘quvchilar yasagan qog‘oz qutilari va yelim idishlarni atay siz uchun rasmga oldim. Ularni quyida ko‘rishingiz mumkin.
Maktabdagi ajoyib qadriyatlardan biri bu turli fe’l-atvor, turli qiziqishdagi bolalarni boricha qabul qilish, o‘zgachalikning qadrlanishi bo‘ldi. Masalan, bizda quvnoq, bilimli, gapdon savol berilsa, darrov javob qaytaradigan o‘quvchilar og‘ir, bosiq, kamgap o‘quvchilardan ko‘ra ko‘proq qadrlanadi. Ushbu maktabda barcha o‘quvchilarga birdek munosabatda bo‘linishi, ularga bo‘lajak professorlar, bo‘lajak olimlar sifatida qaralishi va hurmat qilinishi diqqatga sazovordir. Kreativlikning qadrlanishini maktabda rasm chizilmagan biror bo‘sh devor yoki ustun qolmaganidan ham bilib olish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu maktabdan bir olam taassurotlar bilan qaytdik. Agar sizning maktabingizda ham buni hamma bilishi lozim deb hisoblaydigan muhim jihatlar, boshqa maktablarga namuna qilish mumkin bo‘lgan yangi g‘oyalar, qadriyatlar yoki sizni qiynayotgan muammolar bo‘lsa, fikrlaringizni telegram orqali @dilnavoz_najimova yoki “Gulxan” jurnali manziliga yuborishingiz mumkin. Unutmang, sizning fikringiz biz uchun qadrli!
Dilnavoz NAJIMOVA tayyorladi.