Hammasi bolalarga
Matbuot aholiga axborot tarqatishning ta’sirchan vositasi bo‘lib, u jamoatchilik fikrini shakllantirish, omma ongiga muayyan qarashlarni singdirishga xizmat qiladi. Matbuot jamiyat hayotining qanday yo‘nalishini yoritishiga qarab turlarga bo‘linadi (masalan, ijtimoiy-siyosiy, tanqidiy-tahliliy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ko‘ngilochar).
Matbuot XV asrning o‘rtalarida Yevropada shakllanib, qariyb V asr mobaynida (radio va televideniye paydo bo‘lguniga qadar) ommaviy muloqotning, bilim va g‘oyalar tarqatishning asosiy vositasi sanalgan. Dastlabki bosma nashrlar kitob, risola va varaqalardan iborat bo‘lgan. XVII asrning boshlarida gazetalar, keyinroq esa jurnallar chop etila boshladi.
Dunyoning turli mamlakatlarida bolalar va o‘smirlar uchun ham yoshga mos gazeta-jurnallar chiqariladi. Keling, jahon bolalari o‘qiydigan dunyoga mashhur jurnallar bilan birgalikda tanishamiz.
“National Geographic Kids” – “National Geographic Society” tomonidan chop etiladigan sakkiz va undan katta yoshdagi bolalar uchun qiziqarli ilmiy jurnal. Uning har bir soni qiyin jumboqlar va aql mashqlari bilan to‘ldirilgan bo‘lib, jurnalxonlar bir vaqtning o‘zida o‘rganish va zavq olishlariga ko‘maklashadi. Jurnaldan tashqari, o‘z “NatGeo Kids” veb-saytini ham faol yuritadi. U yerda siz turli ilmiy, asosan, tabiatga oid mavzulardagi maqola, videolar, hatto, onlayn o‘yinlarni ham topishingiz mumkin.
“Science & Vie Junior” Italiyaning “Mondadori” mediakompaniyasi tomonidan moliyalashtirilib, Fransiyada chop etiladigan bolalar jurnalidir. Jurnalga 1989-yilda asos solingan bo‘lib, bir oyda bir marta nashr etiladi. Uning sahifalaridan qiziqarli ixtirolar, ilm-fan, turli tajribalar haqidagi maqolalar, statistika ma’lumotlari, komikslar, boshqotirmalar joy olgan.
Xitoylik o‘smirlar ham gazeta-jurnallarni sevib o‘qishadi. “Qin nian wen zhai” – Xitoyning eng ommabop o‘smirlar jurnali. Uning sahifalarida turli kitoblar, ommaviy axborot vositalari, internetdagi ma’lumotlardan to‘plangan saviyali, yoshlarbop maqolalar chop etiladi. Jurnalning asosiy maqsadi o‘smirlarda yorqin va sog‘lom ruhni shakllantirishga qaratilgan.
“The teenager today” – Hindistonda o‘smirlar uchun chop etilgan birinchi bosma nashr. 61 yoshga to‘lgan bu jurnal minglab hindistonlik o‘smirlarning qadrdon do‘sti. U hind yoshlarining barcha turdagi ma’lumotlar, amaliy maslahatlar va savollariga javob olishi uchun qulay resursdir.
52 sahifali jurnalda yoshlar muammolari, hayotiy maslahatlar, mashhurlar bilan suhbatlar, musiqa, sport, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, bloglar, fan va texnologiya, umumiy bilimlarga oid maqolalar mavjud. Bundan tashqari, fotosuratlar, xandalar, mantiqiy savol-javoblar, she’rlar kabi ijodiy va ko‘ngilochar mavzulardagi materiallar chop etiladi.
“Tu” – ispan bolalar va o‘smirlar jurnallarining eng qadimgisi hisoblanadi. Jurnalda sizlar sevadigan hamma narsa: musiqa, sport, mashhurlar, psixologiya, astrologiya, yovvoyi tabiat, tarix haqida juda qiziq maqolalar bo‘lib, ularni jurnalning veb-saytidan ham o‘qish mumkin.
Muhammadali PO‘LATOV