Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gullar – zabonsiz do‘stlar

O‘tgan sonlarda “Qizlarjon” rukniga ko‘zim tushdi. Shu sahifadagi voqeadan ilhomlanib, men ham sizlarga maktub yozyapman.

 Ismim Gulchiroy, lekin meni ko‘plar “Gulchi” deb chaqirishadi. Nega deysizmi?!

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchim Nasiba opadan gul parvarishlashni o‘rganganman. Ular xonaki, ko‘cha gullari haqida ko‘p ma’lumotlarni biladilar. Sinf xonamizda ellikka yaqin gul tuvaklarda rang-barang gullari bor. Havasi kelganlar bildirmay shoxchasidan uzib, ko‘paytirish, o‘stirish uchun olib ketishardi.

Gullar parvarishi haqida bilganlarimni o‘rtoqlashmoqchiman. Gulsevarlarga foydasi tegsa, xursand bo‘laman.

  • Agar gulning pastki barglari qurib, to‘kila boshlasa, unga yorug‘lik yetishmayapti yoki unga xona harorati issiqlik qilyapti.
  • G‘unchasi yoki guli to‘kilishiga havoning quruqligi, kam sug‘orish, tuvak joyini tez-tez almashtirish, azot yetishmasligi va zararkunandalar sabab bo‘ladi.
  • Gullaringiz tez so‘lib qolsa, o‘g‘itga muhtojligi, xona iqlimi unga mos emasligini bildiradi.
  • Barglar uchining sarg‘ayishi yetarlicha sug‘ormaslik oqibatida kalsiy yetishmasligini keltirib chiqaradi.
  • Yaproq va shoxchalari chiriy boshlasa, gullarga kasallik tushgani, ko‘pincha tuprog‘idagi yuqori namlik sabab bo‘ladi.
  • Barcha o‘simliklar uchun kuz va qish sokinlik davri hisoblanadi. Bu paytda ular deyarli o‘smaydi, dam oladi yoki juda sekin o‘sadi. Agar bu hol bahor va yozda ham davom etsa, mineral moddalar, yorug‘lik yetishmayotganidandir.
  • O‘z vaqtida gullamasligi sokinlik davrining buzilishi, mineral moddalarning ortiqcha berilgani yoki ko‘p marta tuvak almashtirilganiga ham bog‘liq.
  • Barglari burishib qolsa, o‘simlik haddan ortiq sovuqda qolib ketgan bo‘ladi. Uning joyini o‘zgartirgan ma’qul.

Xonaki gullar yaxshi o‘sishi uchun ularni o‘z vaqtida parvarishlash kerak. Aks holda turli kasalliklar yuzaga keladi. Bu parvarish qanday bo‘ladi?

  • Yog‘och kuli - o‘simliklar uchun juda foydali ozuqa. Kul eritmasini tayyorlash uchun 1 osh qoshiq kulni 1 litr issiq suvga solib, bir haftaga qoldirish, vaqti-vaqti bilan aralashtirib turish kerak. Eritma tayyor bo‘lgach gulni 10 kunda bir marta sug‘orish kifoya.
  • Anor yoki sitrus mevalari po‘stini olib, suvga solib qo‘yamiz, bir sutkadan so‘ng yana bir ozuqaviy damlama tayyor bo‘ladi.
  • Xona o‘simliklarining immunitetini oshirishda aspirindan ham foydalanish mumkin. Bitta tabletkani bir litr suvda eritib, uni o‘simlikka purkab chiqamiz.
  • Suv qo‘shilgan aloe sharbati ham barcha turdagi xona gullari uchun foydali. Bir choy qoshiq sharbatni bir yarim litr suvga aralashtiriladi.
  • Fikuslarni bir oyda bir marta shirin suv bilan sug‘oring. 

Yana bir qiziq ma’lumot: 1980-yil oxirida NASA va AQSh landshaft pudratchilari uyushmasi havoni tozalashning turli xil usullarini o‘rganishdi. Kuzatishlar natijasida, gullarning ba’zi turlari kosmik ob’ektlarda ham, uy sharoitida ham havoni a’lo darajada tozalashi aniqlandi. E’tiboringizga ana shu gullar ro‘yxatini taqdim etmoqchiman.

Azaliya guli nafaqat go‘zalligi bilan ko‘zni quvontiradi, balki uni oshxonaga qo‘ysangiz, u yerda ishlatiladigan idish yuvish vositalari tarkibidagi formaldegid va benzolni o‘ziga yutib, havoni tozalaydi.

Gerbera guli bolalar xonasidagi yelim o‘yinchoqlar, sintetik tolalar tarkibidagi zararli moddalardan bolalarni himoya qiladi.

Benjamin fikusi havoni yaxshi namlantirib, ammiak, formaldegid kabi moddalardan xonani tozalaydi. Shuningdek, bu gulni printer va hujjatdan nusxa ko‘chirish moslamasi (kseroks) oldiga qo‘ysangiz, ulardan chiqayotgan ksilola, toluola moddalari sizga zarar keltirmaydi.

Yotoqxonangizda aloening bo‘lishi to‘g‘ri tanlov.  Odamzod u bilan do‘stlashganiga 6000 yildan oshdi. Misrda bu o‘simlikni hatto mangulik guli deb nomlashgan. Shundan buyon bu gul tabobatda keng ishlatiladi. Aloe guli kechasi o‘zidan kislorod chiqarib, karbonat angidrid gazini yutadi, siz esa toza havoda orom olasiz.

Ish joyingizda kaktus sizni boshqa gullarga qaraganda ko‘proq kompyuterdan tarqalayotgan elektromagnit nurlaridan himoya qiladi.

Dahlizga  soyani xush ko‘ruvchi koleus gulini qo‘ying. Koleus doimiy o‘g‘itlash va ko‘chirib o‘tkazishlarga ehtiyoj sezmaydi. Yelvizakni yaxshi qabul qiladi. Havoni a’lo darajada tozalab, rang-barangligi bilan dahlizga zeb beradi.

Uyning ayvon qismiga   geranni joylashtirsangiz,  havoni dezinfeksiya qilib, sizni bakteriyalardan va kuyadan himoya qiladi. Guldan chiqayotgan efir ifori butun ayvonni qoplab, sizga xushkayfiyat bag‘ishlaydi.

 

Hilola ABDURASULOVA

Tahririyatdan: Aziz o‘quvchilar, gullar eking, ular bilan sirlashing, qalbingiz ravshan tortadi, uyingiz go‘zallashib, havosi tozalanadi. Gulchiroyning tav­siyalari esa bu borada sizga beminnat ko‘mak­lashadi.

Gulxanoy

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.