Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

108 daqiqa

Yulduzlarga yetib bo‘lmas­ligini har bir ahmoq biladi, ammo aqllilar ahmoqlarga e’ti­bor bermay, harakat qiladilar.

 

(Garri Anderson)

 

Buyuk kashfiyotlar yaratilishi, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar sodir bo‘lishi uchun ba’zan uzoq vaqt talab etilmaydi. Hozir sizlarga bir soatdan ko‘proq, ikki soatdan kamroq bo‘lgan 108 daqiqa ichida qanday olamshumul voqea yuz berganligi haqida aytib beraman.

1961-yilning 12-aprelida dunyo tarixida hali uchramagan hodisa ro‘y berdi. Rus kosmonavti Yuriy Alekseyevich Gagarin “Vostok” deb nomlangan kosmik kemada jahonda eng birinchi bo‘lib fazoga sayohat qildi. Bepoyon kosmosga qilingan bu sayohat 108 daqiqa davom etgandi.

Ayni mana shu 108 daqiqalik samo sayri jahon kosmonavtikasi tarixida olamshumul voqea bo‘ldi. Kosmosga, Oyga, qo‘shni sayyoralarga yo‘l ochildi. Qisqa qilib aytganda, kosmonavtika tug‘ilgan, kosmos sirlari ochila boshlagan “kosmik era” ana shu daqiqalarda boshlangan edi.

Kosmonavtika – kosmosga parvoz qilish, turli fazoviy kemalar, qurilmalar yordamida Yerdan tashqaridagi kosmik obyektlar (sayyoralar, tabiiy yo‘ldoshlar, kometalar)ni o‘rganadigan soha. Bu so‘z yunoncha (kosmos) – fazo va (nautike) – “kemani boshqarish san’ati, navigatsiya” so‘zlarining yig‘indisidan kelib chiqqan. Kosmonavtlar ham sayyohlarning bir turi. Farqi shundaki, ular suvga yoki quruqlikka – Yer yuziga emas, balki fazoga sayohat qilishadi.

Gagarin parvozidan ko‘p o‘tmay, 1963-yil 16-iyunda ilk fazogir ayol Valentina Tereshkova ham kosmosga uchdi. Chegara bilmas kosmonavtlarning navbatdagi manzili – Oy 1969-yil 16-24-iyun sanalarida AQShlik shovvozlar – Nil Armstrong, Edvin Oldrin va Maykl Kollinzlar tomonidan zabt etildi. Oyga ilk qadam qo‘ygan inson sifatida – Nil Armstrong tarixda qoldi, do‘stlari esa undan bir necha soniyaga kech qolishgandi.

Kosmonavtikaga o‘zbeklar ham o‘z hissasini qo‘shishgan. Jumladan, o‘zbek kosmonavtlaridan Solijon Sharipov, Vladimir Jonibekovlar o‘z fazoviy ekspeditsiyalarini amalga oshirgan. Bugun yurtimizda shu soha tadqiqotlarini amalga oshiruvchi “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi” bor.

Qarang, bolalar, bir necha daqiqalik sayohatdan boshlangan kosmonavtikada bugun qanday yutuqlarga erishilyapti. Demak, inson hayotida juda oz vaqt, hatto soniyalar ham muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, hamisha vaqtdan unumli foydalanish, uni to‘g‘ri sarf etish payida bo‘ling! A’lo baholarga o‘qib, kerakli bilimlarni o‘zlashtirsangiz, kosmos sayohati sizga ham nasib etishi aniq!

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.