Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘zgarishni o‘zingdan boshla

Oilada ikki farzandmiz: opam va men. Ba’zan bolalik xotiralarimni eslasam, opam ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Biz doim birga o‘ynardik va hech kimga bir-birimizni xafa qildirib qo‘ymasdik. Biroq, barcha opa-singillar kabi bizda ham kelishmovchilik bo‘lib turardi. Ayniqsa, uy yumushlarini bajarishga kelganda doim janjal chiqardi. Shu sababdan ham onam uydagi barcha yumushlarga ikkimizni birdek mas’ul qilib, doim bizni birga ahillikda uy ishlarini qilishga undardilar. Bir kuni otam uyga bir-biridan chiroyli tuvaklarda rang-barang gullar olib keldilar va ularni parvarish qilish opam ikkimizning zimmamizga tushdi. Oradan vaqt o‘tib, sansalorlik qilib, gullarga qaramay qo‘ydik. Men opamning boshlashini kutardim, opam esa bu ishni doim menga yuklardi. Natijada, gullarning barchasi so‘lib qoldi. Gullarni aziz ko‘ruvchi ota-onam bu voqeadan so‘ng bizdan rosa ranjishdi. Ayniqsa, otam bizga gapirmay yurdilar. Nihoyat, bir kuni kechki payt ovqatlanayotganimizda, otam gap boshlab qoldilar: “Olib kelgan gullarga qarash kimning vazifasi edi?”, dedilar. Opam ham, men ham boshimizni eggancha, past ovozda: “Bizning”, – deb javob berdik. Shunda otam men hech qachon unutmaydigan gapni aytdilar: “Sizning xatoyingiz aynan mana shunda! Ikkingiz ham “bizning” emas, “mening” deb javob berishingiz kerak edi. Nega odamlar chiqindilarni beparvolik bilan jamoat joylariga tashlashi, lekin o‘z uyini hech qachon iflos qilmasligi sababini bilasizmi? Chunki ular ko‘chalarni tozalash farroshlarning va obodonlashtirish xodimlarining vazifasi, deb o‘ylaydilar. Agar biz hamma narsaga umumiy mas’uliyat sifatida qaraydigan bo‘lsak, barcha o‘zganing boshlashini kutadi. Doim yodingizda saqlang, qachonki siz har bir narsani o‘z shaxsiy burchingiz deb bilsangiz, ana shunda harakatga tushasiz va boshqalar ham beixtiyor sizga ergashadilar”.

Bu voqea sodir bo‘lganiga ancha bo‘ldi, u vaqtlarda kichkina qizaloq edim. Hozir o‘n to‘qqiz yoshdaman va otam aytgan gaplarni har qachongidan ham yaxshiroq tushunyapman. O‘shandan beri hamma narsani o‘z burchim deb bilaman va boshqalarni kutib o‘tirmayman. Tabiatni asrash, yaxshi o‘qish, yetuk mutaxassis bo‘lish, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shish – bular mening burchlarimdir. Demak, dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Agar ta’lim tizimini takomillashtirmoqchi bo‘lsangiz, birinchi navbatda o‘zingiz yaxshi o‘qing. Agar ekologik muammolarni hal qilmoqchi bo‘lsangiz, atrof-muhitga e’tiborliroq bo‘ling. Bu oddiy gapdek tuyilishi mumkin, ammo ularning zamirida dunyoni o‘zgartirishga qodir kuch bor. Siz nima deysiz, aziz o‘quvchi?

Sevinch ABDUHAMIDOVA,

Samarqand davlat chet tillari

instituti talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.