Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Havosiz qancha yashaymiz?

Havosiz yashashni ta­sav­­vur qila olasizmi? Biz uni ko‘rmaymiz, lekin mavjudligini har lahzada his qilamiz,  nafas olamiz! Shu ko‘rinmas havo bizga eng aziz ne’mat – tiriklikni beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson oziq-ovqatsiz uch haftagacha (ba’zilar hatto ikki oygacha), suvsiz uch-to‘rt kungacha yashashi mumkin. Ammo, havosiz atigi 3 daqiqa yashay oladi, xolos!

Havo o‘zi nima?

Havo – atmosferadagi mavjud gazlarga berilgan umumiy nomdir. Atmosfera – bu Yer sayyorasini o‘rab turgan gazlar qatlami bo‘lib, u Yerning tortishish kuchi sababli Yerdan ketib qolmaydi va doimo Yer atrofida uni himoya qilib turadi. Qanday qilib deysizmi? Atmosfera quyoshdan keladigan zararli ultrabinafsha nurlarni so‘rib oladi va yerga o‘tkazmaydi. Aynan atmosfera sababli yerdagi issiqlik undan tashqariga chiqib ketmaydi va Yer boshqa sayyoralar kabi kunduzi qizib, kechasi esa muzlab ketmaydi. Harorat bir me’yorda saqlanadi. Atmosfera besh qatlamdan iborat: troposfera, stratosfera, mezosfera, termosfera va ekzosfera.

Havo ifloslanishi

Afsuski, inson faoli­yati, sanoatlashuv be­baho havomizning iflos­lanishiga sabab bo‘l­­moqda. Ol­tingugurt birik­ma­lari, azot oksidi, ug­­lerod dioksidi, ug­le­rod monoksidi kabi bir qancha ifloslantiruvchi moddalarning havoga chiqarilishi insonlar va yerdagi boshqa organizmlar salomatligi uchun jiddiy  muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bugungi kunda havoning keskin ifloslanib ketishiga asosiy sabablar sifatida quyidagilar ko‘rsatilmoqda.

  • Transport, isitish, energiya ishlab chiqarish uchun qazilma yoqilg‘ilarni yoqishi;
  • Sanoat korxonalaridan chiqadigan turli xil zaharli gazlar;
  • Xloroflorokarbonlarni chiqaradigan havo sovutgichlaridan foydalanish;
  • O‘rmonlarning qisqarishi.

Havoning ifloslanishi  natijasida yurak-qon tomir, o‘pka faoliyati bilan bog‘liq nafas olish tizimi kasalliklari ko‘payadi. Respirator kasalliklar tarqalishining jadal o‘sishi, asosan ifloslangan havodan nafas olishdan kelib chiqadi.

Smog tumanmi?

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Toshkentda shu yillarda tez-tez chang bo‘ronlari va tumanli havo kuzatilmoqda. Aslida, bu meterologiya tilida “smog” deb ataladi. Smog – bu chang, yonilg‘i bug‘i aralashmasidan iborat zaharli havodir. So‘zning o‘zi inglizcha “smoke” – tutun va fog – tuman so‘zi birlashmasidan hosil bo‘lgan.  Smog hosil bo‘lishining asosiy sabablari sifatida zavod va fabrikalardan chiqayotgan tutunlar, ko‘mir va boshqa yonilg‘ilarni yoqish natijasida hosil bo‘ladigan zaharli gazlar, avtomobillar, sanoat chiqindilari, quyosh nurining at­mos­feradagi bosh­qa zarrachalar bi­­­­lan reaksiyaga kiri­shu­vi, vulqon kabi tabiat hodisalari ko‘r­sa­­tiladi. Smog hodisasi asosan katta va sa­noatlashgan shaharlarda ku­za­tiladi. Smog inson salomatligi uchun o‘ta xavfli bo‘lib, odamlarda keyin­chalik o‘pka va nafas olish tizimida jiddiy ka­salliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ob-havodagi bunday o‘zgarish ilk bora Londonda kuzatilgani uchun bu hodisani London smogi ham deyishadi.

Biz tabiatga qanday yordam bera olamiz?

Havo ifloslanishining oldini olish uchun esa har bir odam ekologik bilimga ega bo‘lishi va havoni ifloslantirmaslik, ona tabiatni asrash uchun o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Qanday qilib deysizmi? Masalan, keraksiz chiroqlar, kompyuter, televizorni o‘chirib qo‘yish yoki energiya tejovchi vositalardan foydalanish orqali biz kamroq elektr energiyasi sarflaymiz.   Freon moddasi ishlab chiqaruvchi havo sovutgichlaridan kamroq foydalanishimiz lozim. Shuningdek, chiqindilarni kamaytirish, ularni belgilangan joyga tashlab, ko‘cha va hovlilarni supur­ganda changitmay, suv sepib, havoga chang ko‘tarilishini oldini olsak ham  ifloslanishiga qarshi kurashgan bo‘lamiz.

Eng asosiysi, atrofimizdagi yashil do‘stlarimiz – daraxtlarni parvarish qilish, yangi ko‘chatlar ekish, uyimizda yashil burchak tashkil qilish va turfa gullar o‘stirish orqali biz havoga yordam bera olamiz.

Qanday qilib deysizmi? Keling, aynan shu savolga javobni o‘zingizdan izlab ko‘ring.

 

Dilnavoz NAJIMOVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.