Sinovli kunlarda
Yurtimizda kechayotgan karantin kunlari katta-yu kichik uchun sinovli davr boʻldi. Kimdir bu kunlarni juda mazmunli va serunum oʻtkazmoqda. Kimdir oltindan qimmat vaqtini besamar sarflamoqda. “Gulxan” ijodkorlari esa siz aziz muxlislar qoʻliga qiziqarli va mazmunli jurnal tutish maqsadida tinimsiz izlanmoqdalar.
Yaqinda tahririyatimizga Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan bir oʻquvchining otasi qoʻngʻiroq qilib, “Jurnalning navbatdagi soni qachon keladi? Karantin paytida bolalarimiz jurnal oʻqishsa boʻlardi. “Gulxan”ning bahor sonlari juda kechikdi”, dedi.
Men jurnalning aprel va may sonlari ketma-ket oʻquvchilar qoʻliga yetib borishini aytib, u kishi bilan xayrlashdim. Toʻgʻrisi, telefon goʻshagini qoʻygach, bolam oʻqisin, bekor qolmasin, deb qaygʻurayotgan otalar borligidan xursand boʻldim. Koshki edi, barcha ota-onalar ham shu Inson kabi bolasini jurnallarga obuna qilib qoʻysa va ana shu nashrning oʻz vaqtida qoʻliga tegishini nazorat qilsa. Koshki edi, ota-onalar bolalarining qoʻliga badiiy kitoblar tutishsa, birgalikda dars tayyorlashsa, rangli qogʻoz, rangli qalamlardan foydalanib mehnat darsidan uyga vazifa qilib topshirilgan vazifalarni bajarishda koʻmaklashishsa, fikrlashishsa... Ha, yurtimiz kelajagi bilimli, zukko va maʼnaviyatli avlod qoʻlida ekaniga, sherobodlik ota singari jonkuyar insonlar boshqa viloyatlarda ham koʻplab topilishiga ishonamiz.
Qadrli oʻquvchilar, bilamiz, shu kunlarda barchangiz uyda oʻtirib sinfdoshlaringiz, doʻstlaringiz bilan uchrasholmay, suhbatlasholmay bir-biringizni sogʻinib qoldingiz. Lekin hecham kayfiyatingizni tushirmang. Tez orada hammasi yana avvalgidek oʻz iziga tushadi, hayot karvoni oʻz yoʻlida davom etadi. Siz yaxshisi, internet orqali Alisher Navoiy nomli Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining @kitoboʻqiuz telegramm sahifasiga bogʻlaning. Mazkur sahifada kutubxona fondida mavjud va har bir inson umri davomida oʻqishi lozim boʻlgan adabiyotlarning elektron nusxalari – audiokitoblar taqdim etib borilyapti. Shuningdek, Facebook “Gulxan” jurnali, hamda telegramdagi @gulxan1929 sahifalarini oʻqib boring. Shunda hech qachon zerikish nimaligini bilmaysiz. Karantin davrida yoki taʼtil kunlarida zerikib ketdim, deguvchi bolalarni tushunmaysiz. Negaki siz zerikib qoladigan bolalar toifasiga kirmaysiz. Siz yashayotgan shahar yoki qishloqda internet aloqasi yoʻq boʻlsa, uydagi kitob va jurnallarni yana bir bor koʻzdan kechiring. Shunday kitoblar boʻladiki, ularni qayta-qayta oʻqib magʻzini chaqish kerak. Shunday teran, musiqiy sheʼrlar boʻladiki, yaxshi qoʻshiq tinglagandek maza qilib oʻqiysiz, huzur qilasiz. Agar uni ovoz chiqarib oʻqisangiz, har bir soʻzning, shoirning nafasini his qilasiz, sheʼrdagi misralar qalbingizga quyilib kirayotganini sezasiz. Va bu sheʼrlarni qanday qilib yodlab olganingizni bilmay qolasiz.
“Barkamol avlod markazi”ning iqtidorli, ijodkor bolalariga jurnalning alohida topshirigʻi bor. Siz shu kungacha oʻzi gapirib, oʻzi harakatlanadigan robotlar yasadingiz. Raketa va kema maketlarini ixtiro qildingiz, elektron oʻyinchoqlar yaratdingiz. Biz esa ixtirolaringizni jurnal sahifalarida yoritib bordik. Shuning uchun ham karantin kunlarida uyda bekor oʻtirmaganingizga ishonamiz. Sizdan ixtirolaringizning yangi namunalarini suratga olib, tahririyatimizga yuborishingizni soʻraymiz. Biz esa ularning eng yaxshilarini yurtimizdagi barcha tengdoshlaringizga oʻrnak qilib koʻrsatamiz.
Dunyo ahli tojdor virus bilan kurashayotgan bir pallada, shukrki, Oʻzbekistonda talofatlar soni koʻp emas. Hukumatimiz tomonidan kasallikka qarshi barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shu oʻrinda ham xalqimizning maʼnaviyati, kitobxonligi katta rol oʻynaydi. Chunki maʼnaviy immuniteti kuchli odamlarda ruhiyat kuchli boʻladi. Ruhiyati kuchlilarda esa turli xastaliklarga qarshi kurasha oladigan immunitet ham kuchli boʻladi. Shubhasiz, sogʻlom ruhiyatli xalqimiz bilan vaziyatni toʻgʻri baholab, joriy etilayotgan tartib-qoidalarga rioya etgan holda bu sinovlarni ham yengib oʻtamiz.