Xotira va qadr-qimmat bogʻi
Ayni karantin kunlariga toʻgʻri kelgan Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi har yilgidan oʻzgacha kayfiyatda nishonlandi. Ushbu shonli sana munosabati bilan davlatimiz rahbari poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilgan Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurdi. Hammamizga maʼlumki, Oʻzbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushi yillarida gʻalabani taʼminlashga ulkan hissa qoʻshgan. Lekin bu jasoratni bor boʻyicha koʻrsatib beradigan yaxlit majmua yoʻq edi. Oʻtgan yili Prezidentimiz oʻzbek xalqining urush yillaridagi jasorati va matonatini namoyish etadigan betakror bogʻ barpo etib, unda bu qahramonlikni abadiylashtirish tashabbusini ilgari surgan edi. Shundan soʻng Gʻalaba bogʻi uchun 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mohir meʼmor va muhandislar, rassom va haykaltaroshlar, quruvchi va turli soha mutaxassislarining fidokorona mehnatlari tufayli ushbu ajoyib majmua 9-may bayramida qurib bitkazildi. Tarixchi olimlar esa qahramon ajdodlarimiz haqida juda muhim yangi maʼlumotlarni topib, Gʻalaba bogʻida tashkil etilgan “Shon-sharaf muzeyi”ni boyitdilar.
Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bagʻishlangan keng koʻlamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi. Shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekistondan bir yarim million kishi ishtirok etgan deb hisoblab kelingan ekan. Yangi topilgan maʼlumotlarga koʻra, salkam ikki millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Urush oʻchogʻiga aylangan oʻlkalardan esa bir yarim million kishi Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar boʻlgan. Xalqimiz bu odamlarning barchasiga mehr-muruvvat koʻrsatgan, bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan. Oʻzbekiston xalqi jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarogʻ, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa koʻplab zarur mahsulotlarni yetkazib berib turgan. Urush boʻlayotgan hududlardan yurtimizga zavod-fabrikalar koʻchirib keltirilgan va ishga tushirilgan. Bu zavod-fabrikalarda xotin-qizlar, keksalar bilan bir qatorda oʻsmir bolalar ham kecha-yu kunduz tinimsiz mehnat qilishgan. Mana shularning bari “Shon-sharaf” muzeyida oʻz aksini topgan.
Yodingizda boʻlsa 9-may bayrami kuni barcha telekanallarda “Oʻzbekkino” tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi namoyish etildi. Bu filmni hammamiz oila davrasida katta hayajon va koʻzimizda yosh bilan tomosha qildik. Oʻzbek xalqining eng ogʻir, eng fojiali, mashaqqatli davriga bagʻishlangan bu asar tom maʼnoda qahramonlik namunasi boʻlib, barcha tomoshabinlar qalbini larzaga soldi. Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida yashagan Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh oʻgʻlidan qora xat olgan. Uning toʻrt kelini beva, besh nabirasi yetim boʻlib qolgan. “Ilhaq” filmi ana shu matonatli va metin irodali ona va uning oilasiga bagʻishlanadi. Shu oʻrinda Prezidentimizning buyuk Gʻalabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan quyidagilarni eslatib oʻtmoqchiman: “... Katta gʻurur va iftixor bilan taʼkidlab aytmoqchiman: Gʻalaba bogʻining markazida “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida barcha Oʻzbekiston onalariga qoʻyilgan haykal boʻlib, ona Vatan ramzi sifatida qad rostladi. Hech shubhasiz, ushbu yodgorlik butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun qutlugʻ ziyoratgohga, oila, vafo va sadoqat degan muqaddas tushunchalar timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga qadam qoʻygan har bir yigit-qiz millatimizning qonida, suyagida boʻlgan noyob maʼnaviy fazilatlarni asrab-avaylab, qadrlab yashash uchun mana shunday ulugʻ insonlardan tarbiya va ibrat oladi, deb ishonaman”.
Xalqimizda “Yuz marta eshitgandan, bir marta koʻrgan yaxshi” degan hikmatli ibora bor. Biz Gʻalaba bogʻi haqida juda koʻp gapirishimiz mumkin. Hademay karantin kunlari nihoyasiga yetadi. Shunda siz ustozingiz yoki ota-onangiz bilan albatta bu bogʻni borib koʻring, ajdodlarimizning oʻlmas xotirasiga ehtirom koʻrsating.