Sogʻinaman seni, maktabim
Bolaligimda maktabga borishni juda yaxshi koʻrardim. Hattoki, koʻchadagi bolalar bilan yakshanba kuni, garchi, yoshimiz yetmasa ham maktabga borardik. “Ustoz-ustoz” oʻynardik. Mana shunga ham birpasda oʻn uch yil boʻlibdi. Qiziq, umr oʻtar, vaqt oʻtar deganlari shu boʻlsa kerak. Kechamiz oʻtib ketdi, endi qaytmaydi. Oʻtgan har daqiqa gʻanimat ekan-a?! Yaqindagina darslarda tezroq tanaffus boʻlishini kutadigan, daqiqa sayin soatiga qaraydigan baʼzi oʻquvchilar ham endi maktabni sogʻingan.
Bizni maktab juda ajoyib-da. Chekka bir qishloq maktabida dunyoning voqealari boʻladi. Bugun shularni eslab-eslab, oʻyga toldim. Har kuni sinfdoshlar bilan koʻrishishga oʻrganib qolgan ekanmiz. Ochigʻi, ular bilan koʻp urishsak, talashsak ham besh daqiqaga bormay yana oʻsha-oʻsha qadrdonlarga aylanib ketamiz. Menimcha, bu qishloq bolalariga xos boʻlgan kechirimlilik boʻlsa kerak. Bugun karantin tufayli ana shu sinfdoshlarimning qadri qay darajada ekanini bildim. Matematika ustozimiz Kamol aka chindan donishmand ustoz. Hamma ustozimiz yaxshi. Ammo, ularning orasida matematika ustozimizning oʻrni boshqacha. Oʻzim matematikadan juda “ofarin”ga oʻqimasam ham, shu ustozimizning hikmatlarini, rivoyatlarini, kuldirib dars oʻtishlarini yaxshi koʻraman. Bizni maktabda matematika musiqadan quvnoq oʻtadi, agar misollarni toʻgʻri yecha olsangiz. Yana qaysi ustozimizni yozsam boʻlarkan. Ha, topdim... Gulnora opa degan ustozimiz boʻlardi. Hozir boshqa maktabga ishga oʻtib ketganlar. Shu ustozimizning ham qadrini hech bilmagan ekanmiz. Umuman, biz oʻquvchilar maktabning qadrini bilmagan ekanmiz. Mana hozir televizorda termulib oʻtiramiz. Dars oʻtayotgan ustozlarni oʻzimning ustozlarimga taqqoslab koʻraman. Yoʻq, oʻxshashmaydi... Aynan, nimasi oʻxshamaydi, lekin bunisini bilmayman. Online darslarni oʻtgan ustozlarni, mukofotli oʻqituvchilar deb eʼlon qilishdi! Mayli, ming mukofoti boʻlsa ham, oʻzimizning ustozlarga yetmas ekan. Bizning ustozlarimizning mukofoti boʻlmasa ham allanimasi bor edi. Balki, bu mehrdir.
Bitiruvchi sinfmiz. Bu yogʻi karantin. Agar shu yaramas virus – karantin boʻlmaganida edi, “Soʻnggi qoʻngʻiroq”qa butunlay boshqacha tayyorlanardik. Butunlay boshqacha ruhda oʻtkazardik. Bir-birimizni bagʻrimizga bosardik. Qoʻlimizni koʻksimizga qoʻyib, ustozlardan uzr soʻrardik. Afsus, ming afsus. Endi diydor uchun ham kutish, uyda qolish kerak. Uydamiz, lekin koʻngil maktabda, xayol maktabda, oʻy maktabda. Qadri qimmat maktabning qadrini arzon bilgan ekanmiz. Oʻzimizcha, tanaffuslarni kutgan ekanmiz-a. Bugun oʻsha tanaffuscha onni maktabda sinfdoshlar davrasida oʻtkazishga intiqmiz. Ha, chindan ham gʻalatimiz. Oldimizdagini qadrini bilmaymiz-u, uzoqlashgan sari boshidan sevib boramiz. Lekin, unda kech boʻlar ekan... Seni kech sevgan, seni kech qadringga yetgan oʻquvchilaringni kechir, maktabim.
Mayli, borar yoʻllar qumli boʻlsa ham,
Bagʻri keng, poklikka tasvir – matlabim.
Qancha tasvirlasam, shuncha qisqa, kam,
Seni sogʻinamiz, ona maktabim.
Yorqinjon Hayitboyev,
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi
15-maktabning 11-sinf oʻquvchisi