Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toʻkilmagan koʻz yoshlar

Oʻn bir yil davomida uchta maktabda oʻqidim. Birinchisi bogʻcha-maktab edi. U yerda bogʻchadan keyin boshlangʻich, yaʼni 4-sinfgacha taʼlim berilardi. Boshlangʻich sinfni tugallash arafasida ota-onalar, ustozlarim va sinfdoshlarim bilan bitiruv kechasi tashkillashtirgan edik. Oʻshanda, bundan keyin sinfdoshlar har xil maktablarda oʻqishimiz, bir-birimiz bilan koʻrishish imkoniyati kam boʻlishini murgʻak qalbimiz ila his etganimiz uchun koʻz yoshlarimizni tiya olmagan edik.

Keyingi maktabda uch yil oʻqidim. Soʻngra oilamiz bilan boshqa tumanga koʻchib oʻtdik. Sakkizinchi sinfni yana yangi maktabda davom ettirishimga toʻgʻri keldi. Toʻgʻrisini aytsam, har safar yangi maktab, yangi sinfdoshlar va oʻqituvchilarga moslashish oson boʻlmadi. “Yangi oʻquvchi”lik yuki sinfdoshlarim bilan bemalol gaplashib, darslarda erkin javob berishimga xalal berardi...

Kuzatuvlarim natijasida shuni bildimki, maktablardagi oʻqituvchilarning dars oʻtishi, oʻquvchilarning tartib-intizomi ham bir-biridan keskin farq qilar ekan. Ayniqsa, hozirgi maktabimda oʻquvchilar soni shu qadar koʻpki, ularga odob-ahloq tushunchasini tushuntirish ham qiyin masaladek. Oxirgi toʻrt yil ichida sinf rahbarimiz 6-marta oʻzgardi. Sinfdoshlarim haddan tashqari shoʻx. Ular sabab maktab direktoridan tinmay dashnom eshitaverish hech qaysi oʻqituvchiga yoqmasdi-da. Gohida hamma fanga javob berishga doimo tayyor boʻlgan tartibli oʻquvchilarga esa “quloqsiz” sinfdoshlari qatorida tanbeh eshitish malol kelardi. Oʻqituvchilar: “Shuncha yillar davomida bunday tartibsiz sinfni koʻrmadik”, deyishganida aʼlochi oʻquvchilarga judayam alam qilardi. Menimcha, bir sinfga ikki sinf rahbari tayinlanishi juda kam uchraydigan holat boʻlsa kerak. Oʻsha kam uchraydiganlar qatorida bizning sinf ham bor.

Bundan ikki oy avval maktabdan kelib oyimga: “Soʻnggi qoʻngʻiroq”dan keyin maktabimni ham, sinfdoshlarimni ham sogʻinmasam kerak. Tezroq shu maktab tugay qolsaydi”, degan edim. Keyin, bir necha kun oʻtgach tojdor virus sabab barcha taʼlim muassasalari va tashkilotlarda karantin eʼlon qilindi. Bir oy oʻtar-oʻtmas ustozlarimning tanbehini, sinfdoshlarimning shoʻxliklarini ham sogʻindim. Onlayn darslarda ishtirok etib, maktabdagi jonli saboqlarning zavqi bebaho ekanligini tuydim. Hattoki, “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbiri ham onlayn oʻtkazildi. Shu payt negadir yigʻlagim keldi-yu, lekin koʻzlarimdan yosh chiqmadi. Bitiruvchi boʻlish hissi menga doimo yaxshi niyat qilish kerakligini, shamoldek oʻtayotgan kunlarni, yonimizdagi har bir insonni boricha qabul qilib, qadrlash lozimligini uqtirgandek boʻldi. Ichimdan bir ovoz: “Bu “Soʻnggi qoʻngʻiroq” – bizning xayrlashuvimiz emas. Hali oradan biroz vaqt oʻtib, sinfdoshlarim bilan oliy oʻquv yurti talabasi boʻlganimiz haqidagi xushxabarni aytib, birgalikda quvonch qoʻngʻirogʻini chalamiz. Oʻshanda haqiqiy bayramni nishonlaymiz. Men koʻz yoshlarimni oʻsha umidli kunlar shodiyonasi uchun saqlab qoʻyaman”, dedi.

 

Shahrizoda SANAQULOVA,

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi

221-maktabning 11-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.