Bayramlarga boy fasl
Ko‘klamni sog‘ingan dillarga quyoshning iliq nurlarini ulashib, o‘lkamizga bahor fasli tashrif buyurdi. U har yili quchog‘ini gul-u chechaklarga to‘ldirib, qo‘shaloq-qo‘shaloq bayramlarning qo‘lidan tutgancha keladi. Bu yil ham har yilgidek, eng avvalo, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tug‘ilgan kunni nishonlash bilan bahorga peshvoz chiqdik. Zulfiya tavalludining 105 yilligi munosabati bilan yurtimizning turli maskanlarida shoiraning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy kechalar, qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Biz ham jurnal ijodkorlari bilan Respublika bolalar kutubxonasi va bir qator maktablarda tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdik. Zulfiyaxonim haqida bilganlarimizni, o‘qiganlarimizni yig‘ilganlarga so‘zlab berdik.
Bir necha kun o‘tib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8-Mart Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqini tingladik. Ushbu tabrikdagi ayrim satrlarni yana bir bor eslab, siz jurnalxonlarga taqdim etishni joiz topdik.
“...Yer yuzida ongli hayot paydo bo‘libdiki, odamzod muqaddas ona siymosini, ayol zotini ulug‘lab, sharaflab keladi. Onalarimiz sharofati bilan Vatanimiz bog‘lari jannat bog‘laridek go‘zal va mo‘tabardir. Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor.
...Muhtarama ayollarimizdan 16 nafari Vatanimizning eng oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgani barchamizni quvontiradi. Xotin-qizlarimiz o‘rtasida fan doktorlari, professor va akademiklar, “Xalq o‘qituvchisi”, “Xalq shoiri”, “Xalq artisti” unvonlariga sazovor bo‘lgan yuzlab opa-singillarimiz borligi – bu bizning faxrimiz... Yurtimizda iste’dodli qizlarimizning qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning intilishi va mehnatini munosib qadrlashga alohida e’tibor berilmoqda... Ular o‘zlarining samarali mehnati, yorqin iste’dodi, ibratli fazilatlari bilan barcha tengdoshlariga o‘rnak bo‘ladilar, deb ishonaman...”
Bolalar davrasida bo‘lganimizda ulardan “Mart oyida yana qanday bayramlar bor?” deb so‘radik. Deyarli barcha bolalar 1-, 8-, 21-martdagi bayramlarga ta’rif berishdi-yu, qolgan muhim sanalar haqida bilmasliklari ayon bo‘lib qoldi. Shu savolni Toshkent viloyatidagi yana bir maktab bolalariga berdik. Ularda ham javob yo‘q. Demak o‘quvchilarga bu haqda hech kim ma’lumot bermagan ekan-da deb, quyidagi muhim sanalarni doimo yodda tutishlarini aytib, ularga izoh berdik:
1-mart – O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinov tug‘ilgan kun.
2-mart – Mustaqil O‘zbekiston respublikasi BMTga qabul qilingan kun.
21-mart – O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov tug‘ilgan kun.
21-mart – Butunjahon she’riyat kuni.
22-mart – Buyuk o‘zbek astronomi va matematigi, “Ziji Ko‘ragoniy” astronomik jadvalining yaratuvchisi, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek tug‘ilgan kun.
22-mart – BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish konvensiyasiga muvofiq nishonlanadigan Xalqaro obihayot kuni.
27-mart – Xalqaro teatr kuni.
Olamni yashillikka, gullarga burkab kirib kelayotgan Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, aziz muxlislar! Yangi O‘zbekistonda yangilanishlar fasli bor bisotini atrofga ko‘z-ko‘z qilib, sochib yubordi. Bahorning nafis ranglari tabiatdan odamlarning yuz-ko‘ziga, kayfiyatiga ko‘chib, butun borliq shodlikka burkandi. Ana shu shodlik va bahoriy kayfiyat barchamizga hamisha hamroh bo‘lsin.