Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan
Sehrli musiqaday jaranglovchi bu ajib soʻzlarni ilk bor bolaligimda – urush boshlangan yili eshitgandim. Yosh tomoshabinlar teatrining Eski Joʻvadagi almisoqdan qolgan torgina zali. Odam tirband. Sahnada past boʻyli, kulcha yuzli, istarasi issiq artist koʻzlari chaqnab, ovozini bir koʻtarib, bir pasaytirib hayajon bilan sheʼr oʻqimoqda.
Vatan – ona soʻzi naqadar laziz,
Sensan har narsadan moʻtabar, aziz,
Hurmatingni saqlar har bir oʻgʻil-qiz,
Muqaddas, moʻtabar, ulugʻ Vatanim,
Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan.
Koʻp oʻtmay teatr zali ichida oʻtirgan ham, sheʼrni sahnada oʻqiyotgan artist ham unut boʻldi. Sheʼr misralari va ayniqsa, har band oxirida takrorlanayotgan “Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan” degan ibora goʻyo yuragimda tugʻilib, ichimdan joʻshib chiqayotganday. Uchta oddiy soʻzdan tarkib topgan bu otashin xitob sheʼr emas, butun umr boʻyi amal qiladigan tantanavor qasamday jaranglardi. Keyin chindan-da shunday boʻldi – Uygʻun qalamiga mansub bu misra butun umrim mobaynida menga hamroh boʻlib kelmoqda. Qalamim yetib borgan turli makonlarda turli sharoitlarda bu misra mendan soʻrab ham oʻtirmay, birdan qalbimda jaranglab ketadi. Shunda yurtimizning saxiy quyoshidan bahramand boʻlgan yam-yashil dalalarday koʻnglim yorishib ketadi. Tomirlarimda yangi kuch yugurayotganday oʻzimni bardam seza boshlayman.
Vatan. Vatan tuygʻusi. Vatan muhabbati. Nimadir bular? Bular qanday sehrli qudratki, hali voyaga yetmagan, dunyo koʻrmagan, turmushning past-balandlaridan bexabar, oʻyin-u shoʻxliklardan oʻzga dardi yoʻq bir oʻsmirning yuragiga jo boʻlib olib, butun umr uning xatti-harakatini, yurish-turishini boshqarib turadi. Bu tuygʻu inson farzandida tugʻma boʻlarmikin? Yoki goʻdak tamshana-tamshana onasini emganida, ona suti bilan birga bu tuygʻu uning ham tomirlariga yugurarmikan? Umuman, “Vatan” deganining oʻzi nadir? Tugʻulib oʻsgan uyingmi? Beshikda qulogʻingga kirgan mungli va ayni chogʻda nurli allami? Buvingning ertaklarimi? Maktabmi?.. Albatta, bularning hammasi va yana allaqancha narsalar birlashib, “Vatan” degan narsaning soʻnmas timsolini yaratsa kerak. Va yana oʻylayman-ki, bolaning murgʻak qalbidagi ilk bor paydo boʻlgan Vatan timsoli har qancha yorqin boʻlmasin, hali oʻzining shakl-u shamoyilini toʻla topib ulgurmagan boʻladi. Vatan tuygʻusi insonning oʻzi bilan birga oʻsib ulgʻayadigan tuygʻu boʻlar ekan. Tajribangiz ortgani sari, hayot doshqozonida qaynab pisha borganingiz sari Vatan degan narsani chuqurroq qadrlaydigan boʻlib qolasiz, Vatan haqidagi tasavvuringiz toʻlishib, kengayib, boyib boradi. Vatan tuygʻusi butun vujudingizni qamrab oladi, har bir hujayrangizga tomir yozadi. Siz endi anglay boshlaysizki, Vatan nafaqat joʻshqin yoshlik damlari bilan soʻlim maskandir. Inson ham niholday gap – uni undirib-oʻstiradigan ona zamin bor, quyosh, suv, havo uni oʻz neʼmatlaridan bahramand qiladi. Shuning uchun bularning bari inson uchun aziz va ardoqli. Lekin bular hali tugal Vatan emas. Odamzod shunday yaratilganki, u boshqalardan ajralgan holda, yakka-yolgʻiz, soʻppayib umrguzaronlik qilolmaydi. Toʻgʻri, odamlar orasida tarkidunyo qiladiganlari, tanholikni yoqtiradiganlari, hech kimni jini suymaydiganlari ham bor. Ammo ular har qancha tanho boʻlmasin, el-u yurtdan yuz oʻgirib, har qancha gʻorlar ichini makon qilmasin, baribir, minglab rishtalar orqali odamlar bilan, dunyo bilan bogʻliq boʻladi. Hatto umrining yarmini xumni vatan qilib oʻtkazgan qadimgi yunon faylasufi Diogen ham, baribir, shogirdlari bilan, boshqa faylasuflar bilan aloqada yashagan. Ota-onalar, farzandlar, qarindosh-urugʻlar, yor-u birodarlar, doʻstlar-u dugonalar har qanday inson hayotiga turfa xil maʼno ato qiladi. Odam ularni yaxshi koʻrishi, ular bilan inoq yashashi mumkin, ularni yoqtirmasligi ham mumkin. Lekin nima boʻlganda ham ularning hammasidan yuz oʻgirib, hammasidan butunlay kechib ketib boʻlmaydi. Xullas, qarindosh-urugʻ, doʻst-u birodarlar, mahalla, jamoa, qolaversa, butun jamiyat odamning oʻsib-ulgʻayishida, umrguzaronligida istasa-istamasa unga tayanch boʻladi, uning parvoziga qanot beradi. Shuning uchun “Vatan” tushunchasi muayyan joʻgʻrofiy hududnigina qamrab olmaydi, balki uning tarkibiga butun jamiyat, uning kechagi kuni, buguni va ertasi ham kiradi. Shuning uchun men “oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan” deya bot-bot takrorlaganimda bilaman-ki, men vatanimga kerakman. Kimligimdan, yosh-u qariligimdan, kasb-u korimdan qatʼi nazar. Bilamanki, mensiz Vatanimning nimasidir kemtik, notoʻkis boʻlib qoladi. Ayni chogʻda shuni ham bilamanki, Vatanim menga koʻproq kerak. Vatan mensiz yashashi mumkin, lekin men vatansiz yashayolmayman...
Ozod Sharafiddinov