Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navroʻz shodiyonasi

Yangilanish va uygʻonish faslining ilk kunlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktabda, Sharq Xalqlarining eng qadimiy bayrami Navroʻzga bagʻishlangan sayl boʻlib oʻtdi.

Erta tong, qadriyatimiz hashar bilan boshlandi. 200dan ziyod manzarali koʻchatlar ekildi.

Navroʻz sayli tantanalari karnay-surnay navolari-yu, doirachilar oʻrtasidagi batl hamda sport milliy oʻyinlari bilan boshlandi. Doshqozonlarda sumalaklar qaynab, katta qozonlarda osh damlandi. Bayramona kayfiyat ufurib turgan maktab hovlisiga oʻrnatilgan sahnada maktab oʻquvchilari mehmonlarga oʻz iqtidorlarini namoyon etishdi.

Ayniqsa, yuqori sinf oʻquvchilarining respublikamizning barcha viloyatlaridagi bir-birini takrorlamas millat urf-odatlari, anʼanalaridan maʼlumot beruvchi sahna koʻrinishlari yigʻilganlarda oʻzgacha taassurot qoldirdi.

Bayramda sirk aktyorlari oʻzlarining ajoyib chiqishlari bilan koʻpchilikni hayratga solishdi. Xalqimiz sevgan xonanda va estrada yulduzlari esa davraga xursandchilik ulashib, bir-biridan dilrabo qoʻshiqlar ijro etib tomoshabinlarga chinakam bayram kayfiyatini ulashdi.

Shuningdek, besh tashabbus asosida “Navroʻz – mening nigohimda” mavzusidagi tanlovda Muhayyo Tursunmatova rahbarligidagi 10-sinf oʻquvchilari tayyorlagan Navroʻz tarixi anʼanalari aks etgan videorolik kreativ deb topildi. Milliy sport oʻyinlari hamda rassomchilik yoʻnalishida tanlovi gʻoliblariga mukofotlar topshirildi.

M. HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.