Umr yoʻllarini yoritgan nur
Respublikamizning qaysi viloyati, tumaniga borib: “Gulxan” jurnalidan keldim”, desak, suhbatdoshimiz beixtiyor jilmayib: “Opa, Hamidova opa ishlayaptilarmi?! Men falon yilda u kishidan xat olganman. Juda ajoyib jurnalist: Maqola, lavhani ham hikoyadek qiziqarli qilib yozadilar, deyishadi. Bu eʼtiroflar bejiz emas. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibasi, jurnalist Muhabbat opa HAMIDOVA “Gulxan”da kamol topdi. Opaning bu dargohga ishga kelganiga bu yil 45 yil toʻlibdi. Bugun Navroʻz arafasida oʻzining tabarruk 65 yoshini nishonlayotgan jurnalistning bolalik xotiralari bilan tanishasiz.
“Goʻroʻgʻli” yangragan kechalar
Tuzel qishlogʻimiz shundoq Toshkent shahri bilan chegaradosh, etagidan Chirchiq daryosi oqib oʻtadi. Juda xushmanzara, bogʻlarga, ekinzorlarga boy manzil. Bolaligim 1960-yillarga toʻgʻri keladi. U paytda hali qishlogʻimiz koʻchalari asfalt qilinmagan, yozda biz bolalar qaynoq tuproqda oyogʻimizni juftlab yurib, traktor izi qoldirish oʻynardik. Oyogʻimiz jizillab kuyar, lekin biz parvo qilmasdik. Ust-boshimiz-u aft-angorimiz, kipriklarimiz tuproq boʻlib ketgachgina oʻzimizni ariqqa otardik. Shoʻngʻib-shoʻngʻib, miriqib choʻmilgach, apil-tapil kiyinib, bir yugurib “Qoraqosh” tepaga yetib olardik. Kim birinchi chiqish oʻynaganday tirishib, tirmashib tepa ustiga oʻrnatilgan temir minoraga chiqardik. U yerdan butun atrof kaftdagidek aniq koʻrinardi. Botib borayotgan quyosh esa xuddi qishlogʻimiz ustiga agʻanayotgandek tuyulardi. U paytlarda kolxozimiz dalalariga paxta ekilardi. Kolxozchilar kech kuzgacha daladan chiqmasdi. Qor yogʻib, havo sovugach, ochilmay qolgan koʻraklar terib olinib, odamlarning uylariga eltib berilardi. Dadam brigadir boʻlganlari uchun koʻpchilik biznikiga kelib, koʻrak chuvirdi. Ertasiga bu xom paxtalar koʻrak chuvish mashinasida qayta ishlanib quritilardi. Kechki payt koʻrak chuviyotganlar davrasiga biz ham qoʻshilardik. Kattakon xontaxtaga onam girdi patnis qoʻyardilar. Patnis jiyda, turshak, mayiz, olma, shaftoli qoqi, patir non bilan toʻla boʻlardi. Kattakon xonaning derazasi yonidagi pechkada gurullab olov yonar, pechka ustidagi tunuka chovgumda shaqillab choy qaynab turardi. Eng qizigʻi, bu davrada dadam uyning toʻrida oʻtirardilar. Qoʻllarida “Ravshan va Zulxumor”, “Chambil qamali”, “Kuntugʻmish”, “Malikayi ayyor” dostonlari yozilgan qalin, koʻk muqovali kitob. Dadam “Kuntugʻmish” dostonini shunday chiroyli ohangda oʻqirdilar-ki, xonada faqat u kishining ovozi yangrar, boshqalarning esa qoʻllari ishda, quloqlari dostonda boʻlardi. Ammo Kuntugʻmishning oʻgʻli Mohim onasi Xolbekaning qoʻlidan daryoga tushib ketib, baliq yutib yuborganida xotinlar yum-yum yigʻlashardi... Doston voqealariga berilib ketgan ayollar yarim kecha boʻlganda chuvilgan nam paxtalarni katta etakka yigʻib, bir chekkaga olib qoʻygach, doston davomini ertaga eshitishga kelishib, noiloj xayrlashishardi. Keyinchalik dalalarga paxta ekmay qoʻyildi, biroq qoʻshnilarimiz doston eshitish uchun har oqshom biznikiga chiqishni kanda qilishmasdi. Shu tariqa men ham, oʻrtoqlarim ham maktabga chiqquncha, “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlardan parchalar yodlab oldik. Keyin dadam uyga kattakon “Rekord – 9” televizorini olib keldilar. Endi qoʻshnilar televizordan konsert yoki hindcha filmlar koʻrishga keladigan boʻlishdi.
Dadamning qadrli sovgʻasi
Qoʻshnimiz Xosiyat xolaning qizi Turdibibi bilan juda qalin oʻrtoq edim. U aslida mendan bir yosh katta edi. Lekin doim birga yurardik. Shuning uchun yoshi yettiga toʻlganida unga ergashib men ham maktabga borganman. Avvaliga direktor meni maktab yoshiga yetmagan, deb oʻqishimga ruxsat bermagan. Lekin bir nechta savollariga yaxshi javob qaytarganim, “Ravshan va Zulxumor” dostonidagi Ravshanning dor ostida turib, otasiga aytgan soʻzlarini yoddan aytib berganimdan keyin rozi boʻlgan. Biz sinfda 23 ta oʻquvchi edik. Muharram opayimiz (biz ustozni shunday deb atardik) juda mehribon edi. Hammamizni oʻz bolasiday yaxshi koʻrar, har birimizni qoʻlimizdan ushlab harf yozishga oʻrgatardi. Chiroyli yozsak otkritka bilan mukofotlardi. Boʻsh paytimizda maktabimiz kutubxonasiga olib kirib, bizga eng qiziq, kitoblarni tanlab olib, oʻqib berardilar. Baʼzan oʻzimizga oʻqitardilar. Shunda sinfdoshlarim: “Muhabbat oʻqisin, Muhabbat oʻqisin” deb chugʻurlashardi. Men ertaklarni ham, sheʼrlarni ham dadamdan oʻrgangan ohangda ifodali qilib oʻqib berardim...
Mutolaaga mehr qoʻyishimizda kutubxonachimiz Toshtoʻgʻon opaning ham oʻzgacha hissasi boʻlgan. Kutubxonaga yangi kitoblar kelsa, har bir sinfga kirib: “Bugun kitob doʻkonidan bir talay kitoblar olib keldim. Bu haftada kim eng koʻp besh baho olsa, birinchi boʻlib yangi kitobni unga beraman”, derdilar. Biz hammamiz birinchi boʻlishga intilardik.
Kamiga dadam ham qachon bozorga tushsalar, albatta, yangi kitoblar olib kelardilar. “Bukri toychoq”, Zafar Diyorning “Tustovuq va xoʻroz”, N. Nosovning “Bilmasvoyning sarguzashtlari”, Marshakning “Styopa amaki” kitoblari oʻzbek tilida, kattakon oʻlchamda juda ajoyib rasmlar bilan bezatilgan edi. Oʻqigan sari oʻqiging keladigan bu kitoblarning sahifalari hamon koʻz oʻngimda turadi. Keyinchalik bu kitoblarning boshqa nashrlarini ham koʻrdim. Lekin baribir men uchun dadam sovgʻa qilgan oʻsha kitoblar chiroyli koʻrinardi. Balki u kitoblarni uyda – oila davrasida ukalarim bilan birga oʻqiganim, birga muhokama qilganim uchun shundaymikin, hanuzgacha bunday jozibani boshqa hech bir kitobda his qila olmadim.
Arilar hujumi
Oilada toʻrt oʻgʻil, ikki qiz edik. Opam bizdan ancha katta boʻlgani uchun oyimni dastyoriga aylanib qolgan, biz bilan oʻynashga vaqti yoʻq edi. Men ukalarim bilan lanka tepardim, futbol oʻynardim, ariq boʻyidagi tutdan suvga kalla tashlab, ancha joygacha suv tagida suzib borardim. Eng qizigʻi, dadam menga ot minishni ham oʻrgatgan edilar. Bir kuni dadam saman otini hovlimiz devori yonidagi oʻrikka egarini yechmasdan bogʻlab qoʻyib, oʻzlari qoq tush payti boʻlgani uchun uyda dam olayotgan edilar. Men hech kimga aytmasdan devorga chiqdim, undan ot egariga oʻtdim. Asta arqonni yechdim. Ot avvaliga yurgisi kelmay tixirlik qildi. Men egar ostiga qistirilgan qamchinni olib, uni beliga kuch bilan urdim. Ot jahldanmi yoki meni jazolash uchunmi yeldek uchib ketdi. Jilovni tortsam ham toʻxtamadi. Shu yugurgancha dala shiyponiga bordi. Aksiga olib u yerda na qorovul Aʼzam amaki, na oshpaz Asem apshe koʻrinmadi. Men jilovni tortish oʻrniga yurishga qistagandek silkitibman. Ot yana yugurib ketdi. Shu yugurganimizcha bedazorni kesib oʻtib, daryoga kelib qoldik. “Xayriyat, chanqabdi, suv ichayotgan payti tushib olaman”, deb oʻyladim. Ammo qayoqda, u suvni hidlab, bir pishqirdi-yu daryoga tushdi. Oyogʻi silliq toshga tegib toyib ketdi. Shunda jilov qoʻlimdan, oyogʻim uzangidan chiqib “shalop” etib daryoga tushdim. Daryoning sertosh, tezoqadigan joyi ekan. Besh-olti qadamcha toshdan toshga urilib, sirpanib oqqach, oʻzimni tutib oldim. Qirgʻoqqa qarab suza boshladim. Sohilga yetgach suvga egilgan tol shoxidan ushlab qirgʻoqqa intildim. Birdan yuzim, peshanam, boʻynim jizillab achishdi. Bir shoʻngʻib suvdan chiqdim. Oʻzimni qirgʻoqqa tashladim. Qancha yotdim bilmadim. Koʻzimni ochsam, uyda yotibman. Dadam otini qidirib shiyponga kelayotganida Oftob urgan amaki (haqiqiy ismini bilmasdim, u dalada ishlayotganlarga har doim: “Hormanglar, oftob urganlar”, deb oʻtgani uchun odamlar uni shunday chaqirishardi) meni otni yugurtirib daryo tomonga ketganimni aytibdi... Dadam meni qirgʻoqda behush holda topibdilar. Charchaganimdanmi, qoʻrqqanimdanmi yoki arilar hujumidanmi hushimdan ketgan ekanman. Uch kunda yuzimdagi shishlar qaytdi. Qaytib otga minmadim.
Hayotimni yoritgan nur
Ilk yozgan sheʼrlarimni adabiyot oʻqituvchimiz Sanʼat opaga koʻrsatardim. Opa taniqli yozuvchi Vali Gʻafurovning jiyani edi, sheʼrni yaxshi tushunardi. Ikkita sheʼrimni kamchiliklarini toʻgʻrilab berdilar. Ularni “Gulxan” jurnaliga joʻnatdik. Koʻp oʻtmay jurnalning adabiy xodimi Xayriddin Saloh degan shoirdan: “Koʻproq kitob oʻqing, sheʼr yozish qoidalarini oʻqituvchingizdan oʻrganib oling. Sizdan yaxshi sheʼrlar kutib qolamiz”, degan javob keldi. Men bundan ruhlanib, yanayam koʻproq kitoblar oʻqiy boshladim. Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Uygʻunning oʻnlab sheʼrlarini yodlab oldim. Shu orada maktabimizda Gʻafur Gʻulom tugʻilgan kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan adabiy kechaga yozuvchi Hamid Gʻulom bilan soʻz ustasi Muxsin Hamidovlar kelishdi. Oʻsha paytda Toshkentda qattiq zilzila boʻlgan, Gʻafur Gʻulom betob boʻlib qolgan ekan. Hamid Gʻulom oʻquvchilarga u kishining salomini yetkazdi. Men Gʻafur Gʻulomga bagʻishlangan sheʼrimni aytib berdim. Shunda Hamid Gʻulom qoʻlida aylantirib turgan chiroyli avtoruchkasini sovgʻa qilib, “Kattakon yozuvchi boʻlgin”, deb duo qildi. Muxsin Hamidov esa, “Hamidovlar mashhur boʻlishi kerak, boʻsh kelma”, deb yelkamga qoqib qoʻydi. Men olgan sovgʻa butun qishloqqa doston boʻldi. “Mashʼal” romanining muallifi kimsan Hamid Gʻulom Mahmudjonning qiziga oʻz ruchkasini beribdi. Bunda bir hikmat bor, deyishdi. Kolxozimiz raisi, Mehnat Qahramoni Turob ota Normuhamedov ataylab maktabimizga keldi. Maktab oʻquvchilarini yigʻib, men haqimda gapirdi. Menga oʻzi Yaponiyadan keltirgan yaltiroq sharf sovgʻa qilib: “Bizning kolxozdan ham mashhur odamlar chiqishi kerak-da, boʻsh kelma, ona qizim”, deb peshonamdan oʻpib qoʻydi. Shundan keyin qishloqda dadamniyam, meniyam obroʻmiz oshib ketdi. Men ona tili va adabiyot fanidan tuman, viloyat fan olimpiadalarida gʻolib, respublika olimpiadasida sovrindor boʻldim. Bir kuni tumanimiz gazetasiga xabarlar yozib yuradigan Turgʻunboy aka Eshtoyev uyimizga keldi. Gazeta qoshida yosh muxbirlar toʻgaragi ochilganini, xohlasam u yerga olib borishini aytdi. Bu toʻgarakda meni istarasi issiq, yoqimtoy bir yigit jilmayib kutib oldi. Keyinchalik bilsam, Abduhamid Fozilov ekan. U kishining maqola, lavhalarini gazetada oʻqib turardim. Toʻgarak mashgʻulotlariga qatnab, koʻp narsa oʻrgandim. Oʻrganganlarim asosida qishlogʻimizdan chiqqan birinchi oʻqituvchi Bagida opa Kamayeva haqida “Qishloq ziyokori” nomli maqola yozdim. U gazetada bosilgach, Bagida opa va 44-45-maktab oʻqituvchilari menga rahmat aytishib, “Butun qishlogʻimiz aholisini savodli qilgan muallima haqida yaxshi yozibsan”, deb maqtashdi. Shundan keyin kattalar meni “shoira qizim” deb chaqiradigan boʻlishdi. Oh, men haqiqiy ijod zavqini oʻshanda yurak-yuragimdan his qildim va kelajakda, albatta, jurnalist boʻlaman, deb ahd qildim.
Maktabni tamomlab, hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdim. Nemis tilidan kirish imtihonini topshirayotganimda domla gazetada chiqqan maqolalarim nomlarini soʻrab, “Qiynalsangiz oʻzbekcha javob beravering”, dedi. Lekin men barcha savollarga nemis tilida javob qaytardim. Javoblarimni diqqat bilan tinglagan domla: “Mabodo jurnalistikaga kirolmasangiz, romana-german fakultetiga borib meni soʻrang. Bizga sizdek talabalar kerak”, dedi-yu ism-sharifi yozilgan qogʻozni qoʻlimga tutqazdi. Men esa ichimda, “Xudo xohlasa, albatta, jurnalist boʻlaman”, deb takrorlardim. Chunki jurnalistika bor boʻyi bilan meni oʻziga rom qilib olgan edi. Shukr, niyatimga yetdim. Bir ball yetmagani uchun kunduzgi emas, kechki boʻlimga qabul qilishdi. Kunduzi esa “Gulxan” jurnali muharriri Toʻlqin akaning: “Gulxan” jurnali begʻubor olam boʻlgan bolalarga xizmat qiladi. Bolalar bilan ishlagan odam hech qachon qarimaydi, bolalik olamidan ketgisi kelmay qoladi”, degan samimiy maslahatlari bilan jurnalga ishga keldim. Ustozning bashorati toʻgʻri chiqdi. Salkam yarim asrdan buyon “Gulxan” bilan, Gulxanjon bilan birga ishlab kam boʻlmadim. Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Omon Matjonlardek adabiyotimizning buyuk salaflari bilan yonma-yon ishlashga, ularning ishonchini qozonishga sazovor boʻldim. Bugungi kunda adabiyotimiz, madaniyatimiz, xalq xoʻjaligimizning rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan yuzlab isteʼdodlarni kashf qilishda ozmi, koʻpmi ulushim borligidan faxrlanaman. Ular ustoz, deb yoʻqlab kelganlarida quvonchdan yasharib ketaman. Ish faoliyatim mobaynida qalamim charxlandi “Kokilli ilon”, “Hakka xolaning hangomasi”, “Sehrgar bola” kabi oʻndan ortiq kitoblar yozdim.
“Gulxan” yashashim, ijod qilishim uchun yuragimga oʻzgacha taft, iliqlik berdi. Bugun esa koʻnglimni yoritib turgan nur – “Gulxan”imsiz hayotimni, tasavvur qilolmayman.
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA