Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kasbim – faxrim

Maktabning yuqori sinf oʻquvchilariga anonim soʻrovnoma tarqatildi. Ular esa: “Kelajakda kim boʻlmoqchisiz”, “Kasbni puxta egallash uchun nimalarga eʼtibor berish lozim”, “Maktabda qaysi toʻgaraklarga qatnashasiz”, “Kasb tanlashda kitobning oʻrni” kabi savollarga mustaqil javob berishdi. Shu mavzuda insholar tanlovi ham oʻtkazildi.

Insholar orqali oʻquvchilarimizning orzu-maqsadlari, kelajakdagi katta rejalari bilan tanishib oldim. Tanlov gʻolibi Sardorning “Yozuvchi Chingiz Aytmatovning shunday gapi bor: “Oʻqituvchilik – mamlakatning buyuk qudratidir...” Haq gap. Sharafli kasbning noni ham qattiq, ham mashaqqatli. Unga munosib boʻlish, ortimizda tirgakdek turgan ona yurtimizga Vatan deya yuragi lovullaydigan shogirdlarni tarbiyalab yetkazishdek masʼuliyatli vazifa bor ular zimmasida. Bilimlar qasriga tetapoya qadamlar bilan kirib kelayotgan bolani qoʻlidan tutib, oʻqish, yozish, fikrlashni oʻrgatadi. Ortiqcha eʼtirof va mulozamatdan xoli, baʼzan munosib yutuqlarni ham shogirdim olsin deya maydonni boʻshatib qoʻyishadi. Ular ana shunday kamtar, fidoyi kasb egalaridir.

“Men ham kelajakda ana shunday ulugʻ kasb egasi boʻlmoqchiman. Bu bolalik orzuim. Otam “Ustoz otangdek ulugʻ, uning yuziga tik boqma. Ularni eʼzozla. Kam boʻlmaysan”, deb bot-bot takrorlardi. Ushbu soʻzlarning qanchalar haqiqat ekanligini maktabni bitirish, katta hayot ostonasiga qadam tashlash arafasida yurak-yuragimdan his qilyapman...” degan eʼtirofini oʻqib, oʻzimdan, tanlagan kasbimdan gʻururlanib ketdim. Va bundan buyon ham bor mahoratim bilan shogirdlarimga bilim berishga ahd qildim.

Nigora HASANOVA,

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi 22-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.