Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Birgamiz – kuchlimiz

Assalomu alaykum, “Gulxan”ning aziz muxlislari. Bir muddat tanaffusdan so‘ng siz bilan yana jurnal orqali uchrashib turibmiz. Butun dunyoga tarqalib,  minglab odam­larning hayotdan ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan koronavirus tufayli jurnalning 3-4-sonlari biroz kechikib qo‘lingizga tegdi. Lekin aslo xavotir olmang, biz ijodkorlar mamlakatimizda e’lon qilingan karantindan so‘ng shiddat bilan ishlab, yil oxirigacha jurnalning barcha 12 ta sonini tayyorlab, siz mushtariylarga yet­kazamiz. Bilamizki, o‘z nav­batida siz o‘quvchilar ham ka­rantin davrida e’lon qilingan qoidalarga rioya qilyapsiz. Va bundan buyon ham toki virus tag-tugi bilan yo‘qolib ketmaguncha o‘zingizni eh­ti­yot qilishni unutmaysiz. Siz karantin davrida onlayn tarzda o‘qishingizni davom ettirdingiz. Internet orqali ulana olmagan bolalar esa televizor orqali dars saboqlarini o‘zlashtirdilar.

“Covid-19” kasalligi tufayli O‘zbekiston xalqi ham og‘ir si­novdan o‘tmoqda. Bu kasallik tugab bit­maguncha hammamiz axborot vositalarida e’lon qi­linayotgan tartib-qoidalarga rioya etishimiz shart va zarur. Xabaringiz bor, bu qanday yuqayotganini sezdirmay ko‘payadigan, odamlarni og‘ir ahvolga soladigan kasallik ekan. Hatto, dun­yo­dagi eng rivojlangan, eng kuchli va boy davlatlar ham ushbu kasallikning ta­lofatlaridan gangib, cho­rasiz qolgan bir paytda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatlar tajribasidan ke­lib chiqqan holda, aniq reja asosida koronavirusning ol­dini olish chora-tadbirlarini yo‘l­­ga qo‘ydilar. Yurtimizdagi bor imkoniyatlarni ishga solib, xalqimizni ushbu falokatdan eson-omon olib chiqishga harakat qil­moqdalar. O‘z navbatida xalqimiz ham muhtaram Prezidentimizni qo‘llab-quvvatlab, ushbu si­novdan ahillik va birdamlikda, hamjihatlikda o‘tib olish uchun nimaiki talab qilingan bo‘lsa, munosib javob qaytarishga harakat qilmoqda.

Qadrli o‘quvchilar, dunyodagi eng bilimli, eng kuchli shifokorlarning ma’lum qilishicha, koronavirus tezda yo‘qolib ketadigan kasallik emas. Lekin dunyo olimlari un­ga qarshi dorilar yaratishmoqda. Sizning vazifangiz esa virus asoratlari yo‘qolguncha vaqtingizni to‘g‘ri rejalashtirib, o‘zingiz uchun qiziqarli bo‘lgan fanlar va mashg‘ulotlar bi­lan shug‘ullanib, karantindan so‘ng yanada mustahkam bilimlar bilan o‘qishni davom ettirishdir. Amir Temur bobomizning mashhur hikmatli so‘zlarini doimo yodda tuting: “Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar”.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.