Ozod Sharafiddinov
Adabiyotshunos olim, adabiy tanqidchi O. Sharafiddinov 1929-yil 1-martda Qoʻqon yaqinidagi Oxunqaynar qishlogʻida tugʻildi. Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturada oʻqidi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955).
Ozod Sharafiddinovning ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari “Zamon. Qalb. Poeziya” (1962) asarida oʻz aksini topgan. XX asrning 60-80-yillarida u Choʻlpon hayoti va ijodini targʻib qilishga intildi. O. Sharafiddinov oʻzbek adabiyotining Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: “Adabiy etyudlar” (1968), “Isteʼdod jilolari” (1976), “Birinchi moʻjiza” (1979), “Abdulla Qahhor” (1988). Olim ijodida oʻzga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan “Yalovbardorlar” (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim oʻrin egallaydi. O. Sharafiddinov XX asrning 60-yillaridan XXI asrgacha boʻlgan oʻzbek adabiy jarayonidagi holatlarni “Talant – xalq mulki” (1979), “Adabiyot – hayot darsligi” (1981), “Goʻzallik izlab” (1985), “Haqiqatga sadoqat” (1988), “Sardaftar sahifalari” (1999), “Prezident” (2003) singari asarlarida aks ettirdi.
Mustaqillik yillarida O. Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. “Choʻlpon” (1991), “Choʻlponni anglash” (1994) “Eʼtiqodimni nega oʻzgartirdim” (1997) asarlarida munaqqidning estetik prinsiplari aks etgan. O. Sharafiddinov oʻzbek adiblari, madaniyat-sanʼat arboblari, olimlar haqida oʻnlab maqolalar yozdi. U jahon adabiyotining koʻplab namoyandalari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi: “Koʻlmak suvda quyosh parchasi” (Fransuaza Sagan), “Qadimgi xitoy nasri namunalari”, “Monumental targʻibot” (Vl. Boynovich), “Alkimyogar” (Paulo Koelo) singarilar.
O. Sharafiddinov XX asrning 90-yillari oʻrtalarigacha Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, 1995–1997-yillarda “Tafakkur” jurnali bosh muharrir oʻrinbosari, 1997–2005-yillarda “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri lavozimlarida ishladi. O. Sharafiddinov Beruniy nomidagi Davlat Mukofoti laureati (1970), “Buyuk xizmatlari uchun” (1999), “Mehnat shuhrati” (1997) ordenlari sohibi. 2002-yil 23-avgustda O. Sharafiddinovga mamlakatimizning oliy mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berildi.