Baralla yangrasin oʻzbek kalomi
Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga 30 yil toʻldi. Mazkur sana munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida bu kunni mamlakatimizda keng nishonlash toʻgʻrisidagi Prezidentimiz Qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra yurtimizning barcha viloyat, tuman, shahar va qishloqlarida, taʼlim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda bu bayram puxta tayyorgarlik asosida yuqori saviyada oʻtkazilishi taʼkidlandi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda bu Qonun qabul qilinganidan buyon ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzi ancha ortdi, keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Shu sohada ishlayotgan olimlar zimmasiga tilimizni har tomonlama rivojlantirish uchun koʻplab imkoniyatlar yaratildi. Tarixda birinchi marta oʻz ona tilimizda davlatning asosiy bosh qonuni – Konstitutsiya yozildi. Davlat madhiyasi shu tilda yangradi. Barcha rasmiy hujjatlar, davlat miqyosidagi ish qogʻozlari ona tilimizda yuritila boshladi. Shu oʻrinda siz oʻquvchilarga bir misol keltirmoqchiman. Biz mustabid tuzum davrida oʻqidik. Oʻsha paytlarda maktabni tamomlagan yoshlar oʻqishga kiradimi, ishga joylashadimi oʻz arizasi, tarjimayi holi, shaxsiy varaqasi va boshqa hujjatlarni rus tilida yozar edi. Rus tilini yaxshi bilmaganlar hamma yerda dakki eshitardi. Shuning uchun ham oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi misli koʻrilmagan hodisa boʻldi.
Mana oradan yillar oʻtdi, Ona tilimizning mavqei yanada oshdi, mustahkamlandi. Uning sofligini taʼminlash, nufuzini oshirish borasidagi harakatlar hech toʻxtamadi. Shunga qaramay afsuski, oʻz ona tilida bexato yozadigan, fikrini ravon ifodalab berolmaydigan kishilar soni ortib bormoqda. Bunga misol qilib tahririyatimizga kelayotgan xatlarni aytib oʻtmoqchiman. Baʼzan yarim qogʻozlik xatlarda oʻndan ortiq imlo xatolari boʻladi. Maktabni, oliygohni tamomlab ishga kirayotgan yoshlarning aksariyati oddiygina xodimlar boʻlimi uchun zarur boʻlgan hujjatlarni oʻz ona tilida yozishga, toʻldirishga qiynaladilar. Toʻldirganlari ham koʻplab imlo xatolarga yoʻl qoʻyadilar. Savol tugʻiladi “Buning sababi nimada?” Keling, bu savolga birgalikda javob topamiz. Mana, ikki yildirki davlatimiz rahbari siz oʻquvchi-yoshlarni koʻproq kitob oʻqishga jalb qilyaptilar. Uzoq viloyat va tumanlardagi chekka qishloqlarda kutubxonalar ochish, ularni yangi nomdagi badiiy adabiyotlar bilan toʻldirishga koʻrsatma berdi. Yurtimizda tez-tez kitob bayramlari, festivallar, kitob koʻrgazmalari oʻtkazilyapti. Kitob aksiyasi va kitob marafonlarida ota-onalar, mahalla ahli tomonidan maktablarga yuzlab kitoblar sovgʻa qilinmoqda. “Kitobxon shou”ning tashkil etilishi esa kitobsevar bolalar uchun ayni muddao boʻldi. Xullas, oʻqiyman, zehnimni oshiraman, deganga barcha sharoitlar yaratilyapti. Maʼlumki, koʻp mutolaa qilgan bolalarning soʻz boyligi moʻl boʻladi. Ular soʻzlarni bexato yozishni kitobdan oʻrganadilar. Kitob oʻqigan sari fikrlash qobiliyati oʻsib boradi, dunyoqarashi, bilim doirasi kengayadi. Bunday bolalar oʻrni kelganda bir mavzu yuzasidan ota-onasi ustoz va murabbiylari bilan bemalol, xuddi kattalardek fikrlashadigan, bahslashadigan darajaga yetadilar. Oʻziga boʻlgan ishonch ortadi, maʼnaviyati yuksaladi.
Xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida chempionlik shohsupasiga koʻtarilgan gʻoliblar eʼlon qilingach, oltin medal sohibi mamlakatining madhiyasi yangraganini hammangiz televizor orqali kuzatgansiz. Qanday hayajonli lahzalar...
Butun dunyodan kelgan sportchilar va muxlislar davrasida Oʻzbekiston madhiyasi yangraydi. Onadek aziz, Vatandek muqaddas boʻlgan oʻzbek tilida jaranglaydi bu madhiya. Bu lahzalarning shukuhi va hayajoni haqida chempionlarimiz koʻp marta faxrlanib eslaydilar. Ha, aziz jurnalxonlar, jahon hamjamiyatida oʻzbekning oʻz ona tilida aytgan kalomi baralla yangramoqda. Uni kelajakda yanada gullab-yashnatish, yuksaltirish esa sizga ham bogʻliq.