Ibrohim Gʻafurov
Noyob isteʼdodi va samarali ijodi bilan jamiyatimizning maʼnaviy va ijtimoiy ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan atoqli maʼrifatparvar adib, yirik olim, faol jamoat arbobi Ibrohim Gʻafurov 1937-yil 27-dekabrda Toshkentda hunarmand oilasida tugʻilgan.
1956–1961-yillarda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) ning filologiya fakultetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1961-yilda Gʻafur Gʻulom nashriyotida kichik muharrirlikdan boshlagan Ibrohim Gʻafurov oʻzining mehnatsevarligi tufayli shu nufuzli nashriyotda tahririyat mudiri, bosh muharrir lavozimlarini ham sharaf bilan uddaladi. 1982-yildan esa xalqimizning sevimli nashri “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosh muharrir oʻrinbosari vazifasini bajardi.
1995-yilda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini tashkil etish tashabbuskori boʻldi. Partiyaning 1996–yilda tashkil qilingan “Milliy tiklanish” gazetasiga rahbarlik qildi.
Filologiya fanlari nomzodi, izlanuvchan olim I. Gʻafurov yigirmanchi asr oʻzbek adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan buyuk soʻz sanʼatkorlarining murakkab va ibratli hayot va ijod yoʻliga bagʻishlangan “Goʻzallikning olmos qirralari” (1964), “Unutilmas bogʻ” (1965), “Joziba” (1970), “Yonar soʻz” (1973), “Yam-yashil daraxt” (1976), “Yurak alanga” (1980), “Lirikaning yuragi” (1982), “Sheʼriyat – izlanish demak” (1984), “Oʻttiz yil izhori” (1987), “Til erkinligi” (1998) kabi adabiy-tanqidiy, badiiy kitoblar yaratdi.
Badiiy tarjima sohasida ham oʻziga xos maktab yaratgan soʻz ustasi jahon adabiyotining mumtoz namunalari – Fyodor Dostoyevskiy, Lev Tolstoy, Jeym Joys, Ernest Xeminguey, Fridrix Nitsshe, Gabriyel Garsia Markes, Chingiz Aytmatov, Vladimir Rasputin singari betakror ijodkorlarning asarlarini oʻz ona tiliga mahorat bilan tarjima qildi.
Ibrohim Gʻafurov “Darvoza”, “Humo qushim”, “Qaldirgʻochim” kabi sheʼriy nasrlari yoxud mansuralari bilan kitobxonlar eʼtiborini qozondi.
Oʻz kasbining ustasi va fidoyisi Ibrohim Gʻafurov hukumatimizning “Mehnat shuhrati”, “Doʻstlik” ordenlari hamda “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” yuksak unvoni bilan taqdirlangan.