Ilk qadamda – ikkinchi
yoxud chim ustida xokkey oʻynashni bilasizmi?
Biz odatda mashhur sportchilar-u ularning hayratomuz yutuqlari haqida toʻlqinlanib gapirishni xush koʻramiz. Tilga oladigan sport turlarimiz ham chegaralangan: oʻzimiz bilgan oʻsha boks, kurash, futbol va shaxmat. Ammo bugungi kunda dunyoda shunday sport maydonlari paydo boʻlmoqdaki, bu bahslarning salmogʻi va nufuzi boshqalaridan qolishmaydi. Masalan, chim ustida xokkey oʻynashni olaylik. Bu ham sport, xalqaro darajada tan olingan sport. Shu sabab hozirgi kunda jahonning minglab chim maydonlarida xalqaro miqyosdagi qiziqarli musobaqalar oʻtkaziladi. Xullas, bugungi suhbatimiz, chim ustida xokkey oʻynash, anigʻrogʻi, yurtdoshlarimizning bu borada erishayotgan yutuqlari haqida.
Qanaqa musobaqa, qanaqa gʻalaba, deysizmi? Eshitmadingizmi? Unda diqqat qiling.
Sentabr oyining ikkinchi oʻn kunligida Singapurda tashkil etilgan chim ustida xokkey boʻyicha Osiyo Kubogida yurtimiz ayollar terma jamoasi faxrli ikkinchi oʻringa sazovor boʻlib, kumush medallar bilan taqdirlanishdi. Hammasi yosh, siz kabi shijoatga toʻla qizlar. Kumush medallarning yana bir ahamiyati shuki, terma jamoamiz bu yutugʻi orqali 2020-yil Yaponiyada chim ustida xokkey boʻyicha boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlarining final bosqichida qatnashish yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.
Endi musobaqa tafsilotlariga toʻxtalsak. Singapur, Xitoy Taypeyi, Bangladesh, Shri – Lanka, Gongkong va Oʻzbekiston termalari ishtirok etgan musobaqa chin maʼnoda katta bahs sahnasiga aylandi. Avvalo, Gonkong terma jamoasiga hech bir imkoniyat qoldirmagan hamyurtlarimiz (5:0) keyingi bahslarda Bahraynni 6:0, Shri-Lankani 8:0 hisobida ortda qoldirishdi. Xitoy Taypeyi bilan murosasiz durangga imzo chekkan oʻzbekistonliklar faqatgina mezbonlar – Singapur terma jamoasiga kichik hisobda (1:0) imkoniyatni boy berishdi. Umumiy natijalar haqida esa yuqorida toʻxtalib oʻtdik.
Musobaqalar davomida terma jamoamiz aʼzolari – Zulfiyaxon Hasanboyeva, Gulruh Ramazonova, Shahrizoda Qahramonovalar katta koʻrsatkichlarni qayd etishdi. Yana bir faxrga arzigulik yutuq – terma jamoamiz aʼzosi Sabina Adizova musobaqaning eng yaxshi oʻyinchisi deb topildi va maxsus mukofot bilan taqdirlandi.
Gʻoliblar eʼtirofga, maqtovga loyiq. Shu maqsadda Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida boʻlib oʻtgan chim ustida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi aʼzolarini taqdirlash marosimi chinakam bayram tusini oldi. Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi prezidenti Bahodir Ahmedov oʻz nutqi soʻnggida “men sizlarning mahoratingizga ishonaman. Umid qilamanki, sizlar Olimpiada oʻyinlari yoʻllanmasini ham qoʻlga kirita olasiz va bu yoʻlda sizlarga omad va zafarlar tilayman”, – dedi.
Musobaqa malikasi – Sabina Adizova bu ishonchga javoban oʻz hislari va maqsadlarini yashirib oʻtirmadi:
– Men oddiy oilada voyaga yetdim. Ammo orzularim doimo yuksak boʻlgan. Bugun ana shu maqsadlarimdan biriga erishdim, deya olaman. Ishonamanki, bu hali boshlanishi. Bizga umid bogʻlab katta imkoniyatlar yaratib berayotgan davlatimiz, xalqimiz uchun yana va yana harakat qilishga, gʻalabalarimiz sonini doimo oshirib borishga soʻz beraman.
Yurt bayrogʻini dunyo maydonlarida koʻtarib, oʻzbek nomini olamga taratayotgan yoshlarga har qanday soʻz, har qanday orzu yarashadi. Umid qilamizki, ularning keyingi qadamlari ham omadli boʻladi.
Farhod ESHMOʻMINOV