Birinchi qoʻngʻiroq zavqi
Respublikamizdagi barcha maktablarda boʻlgani kabi Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 236-maktabda ham “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida Mustaqilligimizning 28 yilligi hamda “Bilimlar kuni” tantanali nishonlandi. Bayramni maktab direktori M. Yaminova ochib berdi. Bayramga tashrif buyurgan faxriy ustozlar, mahalla faollari hamda ota-onalar soʻzga chiqib Oʻzbekiston Respublikasi oʻz davlat mustaqilligini qoʻlga kiritgan buyuk tarixiy sana 1-sentabr xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotida ulkan burilish boʻlganini faxr va hayajon bilan gapirdi.
Tarixan qisqa davr ichida xalqimizning xohish-irodasi, kuch-qudrati, mashaqqatli bunyodkorona mehnati tufayli jahonda yangi, oʻz kuchi va salohiyatiga tayangan, taraqqiyot yoʻlida barqaror surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan davlat sifatida tan olinganini aniq misollar bilan tushuntirishdi.
– Oʻzbekistonning yanada yuksalishi uning bilimdon, vatanparvar yoshlari, yaʼni bizning qoʻlimizda ekan, bu ishonchni oqlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, fanlarni puxta oʻzlashtirishga astoydil harakat qilamiz. Oʻn birinchi sinf oʻquvchisi Muslima Mirahmedovaning bu soʻzlari yuqori sinf oʻquvchilarining qasamyodidek yangradi.
Shu kuni maktab ostonasiga ilk qadam qoʻygan 1-sinf oʻquvchilariga Prezident sovgʻalari topshirildi.
Maktab hovlisini toʻldirib birinchi qoʻngʻiroq jarangladi.
Oʻz muxbirimiz