Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Orom” maktabining onasi

Muallim – oʻquvchining qoʻlidan tutib yozishni, chizishni oʻrgatgan, tetapoya qilishimizga koʻmak bergan, butun borligʻini bolalar uchun sarflagan jasorat egasidir. Ana shunday sharafli nomga munosib ustozlardan biri, oʻzining ilm-maʼrifat va sanʼat borasidagi alohida tadbirlari bilan xalqimizning mehrini qozongan Gulnora Qoʻchqorovadir.

U poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi mashhur “Orom” nomli 38-umumtaʼlim maktabi direktori. “Sogʻlom avlod uchun” II darajali ordeni, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Xalq taʼlimi fidoyisi” va “Xalq taʼlimi aʼlochisi” unvonlari sohibi boʻlgan Gulnora opa taʼlim sohasida 42 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Bolalarga ilk saboqlarini fortopiano chalishni oʻrgatishdan boshlagan. Mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, sohaga oid qator islohotlarning amalga oshirilishida oʻzining munosib hissasini qoʻshgani va koʻp yillik samarali mehnatlari uchun bayram arafasida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” unvoni bilan mukofotlandi.

Koʻz nuri, qalb qoʻri, butun umrini yosh avlodga bilim va tarbiya berish uchun zahmatli mehnatini ayamagan Gulnora opa maʼrifat yoʻlida izlanishdan erinmaydi. U boshqarib kelayotgan “Orom” maktabida oʻqituvchilarni yangi gʻoyalar bilan ishlashiga, oʻquvchilarni sanʼat, adabiyot, ijodga qiziqtirishga, ularning iqtidorini rivojlantirishga alohida eʼtibor beriladi. Bu harakatlar natijasida maktab oʻquvchilari fan olimpiadalari gʻoliblari, sportning turli yoʻnalishlarida respublika sovrindorlari boʻlishdi. Bundan tashqari Gulnora opa maktab qoshida “Orom” ashula va raqs dastasini tuzgan. Mazkur guruh oʻquvchilari “Oʻzbekiston qoʻshiq bayrami”, “Umid nihollari”, “Navroʻz-umumxalq bayrami”, “Mustaqillik bayrami”, “Konstitutsiya kuni” kabi davlat tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

“Orom” ashula va raqs dastasi oʻz ijod mahsullarini Yaponiya, Hindiston davlatlari hamda Moskva shahri sahnalarida namoyish qilganlar.

Shuningdek, maktabda har yili “Teatr oyligi”, “Direktor soatlari”, “Ijodkor yoshlar taqdimoti”, “Bilimlarimizni sinaymiz” singari maʼnaviy-marifiy tadbirlar oʻtkazish anʼanaga aylangan. Ushbu maktabni nafaqat tuman, shahar miqyosida, balki Respublikamizning eng namunali ziyo dargohlaridan biri, deb dadil ayta olamiz.

Maktab oʻqituvchilari har bir oʻquvchining qiziqishi, dunyoqarashiga qarab ularga yoʻl koʻrsatishga, bilim berishga, mustaqil fikrlashni oʻrgatishga intiladilar. Bu maktabning jonkuyar, fidoyi hamda zamon bilan hamnafas ishlaydigan rahbarining mehnatlari samarasidir.

Oʻylaymizki, Gulnora opa bundan buyon ham shogirdlari, hamkasblari hurmatiga sazovor boʻlib, el ardogʻida oʻz faoliyatini davom ettiradilar.

“Gulxan” jamoasi va jurnalxonlari nomidan ularni yuksak mukofot bilan tabriklaymiz.

 

Islom Asilbekov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.