Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Raqqos yaproqlar”

Yaqinda tahririyatga koʻzlari quvonchdan porlagan chinozlik yosh ijodkor qizimiz Naima Anvarova kirib keldi. Qoʻlidagi yangi chop etilgan birinchi kitobini koʻrsatib,

– Suyunchi bering, ustoz, kitobim chiqdi, – dedi. Juda xursand boʻlib ketdim. Kitobchani qoʻlimga olib Naimani tabrikladim. Xuddi oʻzimning kitobim chiqqandek sevindim. Kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi oʻtkazgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida tavsiya qilinib, “Ijod” fondi tomonidan “Birinchi kitobim” turkumida chop etilgan, “Raqqos yaproqlar” deb nomlangan edi. Kitobga uchta yosh qalamkashning sheʼrlari jamlangan edi. Bular: Naima Anvarova, Moʻtabar Hasanova, Mohidil Abdullayeva. Bolalar uchun qalam tebratishga bel bogʻlagan, yozganlari bolalarning ruhiyatiga, tiliga, hayratlariga mos ekanligi bilan diqqatga sazovor boʻlgan bu yoshlarning ijod namunalari sizlarga ham manzur boʻladi, degan umiddamiz.

 

Moʻtabar Hasanova

 

Erinchoq quyosh

 

Barglar shitir-shitirlab,

Birdan kuylay boshladi.

Bulutlar jam boʻlishib,

Yerga yomgʻir tashladi.

 

Qushlar pitir-pitirlab,

Oʻzin oldi panaga.

Moshvoy tiqir-tiqirlab,

Kirib oldi xonaga.

 

Yomgʻiri tugab qoldi,

Koʻkdagi bulutlarning.

Yuzi yuvilmay qoldi,

Gulu maysa-oʻtlarning.

 

 

Naima Anvarova

 

Sichqonlar orzusi

 

– Qulogʻimga kirar deb,

Fillar qoʻrqarmish bizdan.

Hattoki xavfsirarkan,

Ortimizdagi izdan.

 

Bundan koʻra boʻlmasmi

Gʻamsiz, yayrab kuylasa.

Qani, shunday xayolni

Mushuk zoti oʻylasa.

 

 

Yomgʻir

 

– Yomgʻir nima? – deb savol

Bergandi ustoz,

Bolajonlar oʻylanib

Qolishdi biroz.

Shunda Hoshim oʻrnidan

Turib shartta der:

– Yomgʻirmi, bulutlardan

Oqayotgan ter.

 

 

Mohidil Abdullayeva

 

Sovgʻa

 

Tabiat kayfiyati

Bugun munchalar yomon.

Uyqudan kech uygʻongan

Oftob bobo, assalom!

 

Shumtaka shabboda ham

Sokinlikni unutdi.

Qorni yorilib ketdi

Oppoqqina bulutning.

 

Zaminga mehmon boʻldi

Samojonning koʻz yoshi.

Yomgʻir sinay boshladi

Oʻrik guli bardoshin.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.