Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalikdan uzoq bolakay

Tarixda buyuklar koʻp boʻlgan. Ularning hayot yoʻli, amalga oshirgan olamshumul ishlari yillar oʻtsa-da oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Sababi, ularning barchasi odamlar turmush tarzini yengillatish, baxtli hayot sari odimlash, umuman olganda, dunyoni oʻzgartirish uchun butun umrini oʻz sevgan mashgʻulotlariga sarf etgan.

Tomas EDISON – tunu kun yangilik izlab yashagan, oʻz maqsadi yoʻlida hech narsadan, hatto oʻlimdan ham tap tortmagan kam sonli daholardan biri. Tomas Edison bugungi ulkan ilm-fan rivojiga mustahkam poydevor qoʻyib ketgan katta shaxslardan biri.

 

Ona mehri

Buyuk kashfiyotchi va olim Tomas Edisonning vafotidan soʻng uning xotira daftaridan shunday bitiklar topiladi. Bu voqea ona va farzand oʻrtasidagi ulkan muhabbatning yorqin ifodasi va oʻsha mehrning kun kelib katta bir shaxs paydo boʻlishida asosiy turtki boʻlganligini koʻrsatib turibdi.

 

“Maktabdan qaytgan kichik Tomas onasiga bir parcha qogʻoz tutqazadi:

– Bu xatni maktabdagi oʻqituvchim berib yubordi.

Ona katta hayajon bilan xatni ochadi. Undan oʻgʻlining tarbiyasi va bilimidan mamnun ustozning minnatdorlik soʻzlarini qidiradi. Xatni oʻqib boʻlgach koʻz yoshlarini oʻgʻliga koʻrsatmaslik uchun yuzini chetga buradi. Onasidagi bu keskin oʻzgarishlardan hayratga tushgan kichik Tomas xatda nima yozilganini soʻraydi. Bor hislarini ichiga yutib, koʻz yoshlarini kipriklari bilan zoʻrgʻa “qamab” turgan mushtipar ona xatdagi soʻzlarni baland ovozda bolasiga qayta oʻqib beradi:

“Sizning oʻgʻlingiz daho! Maktabimiz uning qobiliyatiga kichiklik qiladi. Shuning uchun siz unga uyingizda taʼlim bering”.

Yillar ketidan yillar oʻtadi. Oʻgʻliga hadsiz mehr qoʻygan ona kun kelib bu yorugʻ olamni tark etadi. Bir muddatdan soʻng onasining javonini koʻzdan kechirayotgan Tomas quti ichidagi xatni koʻrib qoladi. U bu nomani yaxshi eslab qolganligi uchun katta entikish bilan undagi soʻzlarga koʻz tashlaydi:

“Sizning oʻgʻlingiz kaltafahm, tentak. Ertadan boshlab biz uni maktabga kiritmaymiz!”.

Oʻz zamonasining katta olimiga aylangan Tomas Edison oʻziga qoʻyilgan bu “tamgʻa”ni oʻqib rosa yigʻlaydi va xotira daftarining bosh sahifasiga shu soʻzlarni bitadi:

“Edison chindan tentak va kaltafahm bola edi. Ammo aqlli va mehribon onasi tufayli dahoga aylandi.”

 

Amerikalik buyuk kashfiyotchi va fizik olim Tomas Alva Edison 1847-yilning 11-fevralida Amerikaning Ogayo shtati, Milan shaharchasida dunyoga keladi. Endigina maktabga chiqqan Al (ota-onasi uni erkalab ikkinchi ismi Tomas-Alvani qisqartirib shunday atashardi) u yerda bor-yoʻgʻi uch oygina oʻqiydi. Shundan soʻng maktabdan haydalgan oʻgʻlini onasi uyda mustaqil oʻqita boshlaydi. Tomas keyinchalik oʻz xotiralarida umrining ana shu lahzalari haqida ham toʻxtalib oʻtadi:

“Men shu onlarda bir-birimiz uchun kim boʻlganligimizni tushundim. Onam menga shunchalar sodiq, ishonchi cheksiz boʻlgan ekanki, men bu haqiqatni, afsuski, keyin anglab yetdim.”

Tomas Edison onasi haqida koʻp xotiralar yozgan. Ammo hayotining murakkab onlarini birgalikda, mardonavor yengib oʻtgan onasi toʻgʻrisida toʻla tafsilotni bayon eta olmaganligidan doimo kuyinib yashagan.

 

Ilk qadam – ilk tajriba

Edison oʻn yoshga toʻlganida kitob oʻqishni jon dildan sevib qoladi. Shu yoshidanoq Chembersning “Ensiklopediya”, Yumaning “Angliya tarixi” kitobini, Dobinning “Islohotlar tarixi”, Gibbonning “Rim imperiyasining inqirozi” kabi asarlarini oʻqib chiqadi. Ayniqsa, R. Parkerning “Tabiat falsafasi” nomli kitobi bilan tanishib chiqqach, tasavvurlari butunlay oʻzgarib ketadi. Oʻylay-oʻylay tomorqasidan chiqqan sabzavotlarni bozorda sotib kelishga qaror qiladi. Toʻplangan pullarga uy yertoʻlasida har xil tajribalarga moslangan kichik labaratoriya ochadi. U bu yerda tinimsiz tajriba oʻtkazib borar, otasining qarshiliklariga parvo qilmasdi. Ana shunday sinov tajribalaridan birini gʻozlar ustida olib boradi. Aniqrogʻi, aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda gʻozning tuxumini sunʼiy yoʻl bilan (inkubator) isitib, joʻja ochirmoqchi boʻladi. Bu gʻoya oʻsha davr uchun olamshumul voqea edi va Tomas bu tajribasini muvaffaqiyatli amalga oshiradi.

Edisonning otasi oʻz xotiralarida oʻgʻlining bolaligini faxrlanib tilga oladi: “Tomas bolalar oʻyini degan narsani bilmas, uning ovunchogʻi tutunli mashinalar va mexanik asbob-uskunalar edi”.

Uning zamondoshlaridan biri oʻz esdaliklarida shunday deydi: “Edisonlar uyi oldidan har kun oʻtar ekanman, ostonada munkayib kitob oʻqib oʻtirgan bola va uning onasi koʻrinar va men, nega bu bola maktabga bormaydi, deb hayron boʻlardim”.

Tomas har narsaga qiziqar, u uchun barcha yoʻnalishdagi bilimlar muhim edi. Kitob tanlamasligi sabab shahar kutubxonasidagi barcha kitoblarni oʻqib chiqadi. Tarixga oid turli kitoblar, Yumning siyosatga tegishli “Reformatsiya tarixi”, Gibbonning “Rum saltanatining halokati”, Sirksning “Umumiy tarix” va ilm-fan falsafasiga oid Richard Grin Parkerning “Sof va tarjibaviy falsafa”sini oʻqib chiqadi. Al kitob oʻqir ekan onasiga tinimsiz savol berar, onasi oʻgʻlining baʼzi soʻrovlariga javob berishga qiynalardi.

Tomas, ayniqsa, Parkerning asarlariga qattiq qiziqib qoladi. Sababi unda 1856-yilgacha boʻlgan deyarli barcha eng soʻnggi ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar: bugʻ mashinalari, havo sharlari, eng muhimi – kimyoviy va fizikaviy tajribalarning batafsil taʼrifi keltirilgan edi. Shundan soʻng u katta ishtiyoq bilan kimyoviy tajribalarga kirishadi. Tomas boshqalarga oʻxshamasligi hamda oʻta qiziquvchanligi bois barcha ehtiyotkorlikni bir chetga surib qoʻyar, oqibatda juda koʻp pand yerdi.

 

Muxbir Edison

Edison 14 yoshga kirganida oʻz jamgʻarmasi hisobidan “The Grand Trunk Herald” (Asosiy magistral axborot) nomli gazeta nashr eta boshlaydi. Muhim vazifalaridan biri tezkor axborot yetkazib berish boʻlgan mazkur gazeta koʻp oʻtmay butun mamlakatga ovoza boʻladi. Sababi unda oʻsha paytda Amerikada roʻy berayotgan fuqarolar urushi haqidagi eng soʻnggi tafsilotlar yoritilgan edi. Tomas gazetada bir paytning oʻzida ham muxbir, ham harf teruvchi, ham noshir, ham sotuvchi edi. Tez orada gazetaning adadi 400 nusxaga yetadi va oʻsha davrning nufuzli nashri “Times”ga tenglashib oladi. Ammo unga yana oʻsha qiziquvchanligi pand beradi. Nashr tayyorlanadigan dastgoh joylashgan vagonchasida kimyoviy tajriba oʻtkazayotgan vaqt vagon bexosdan portlab ketadi va dastgohga putur yetadi. Shu tariqa Tomasning “The Grand Trunk Herald” gazetasining faoliyati toʻxtaydi.

 

Katta maqsadlar sari

Zum oʻtmay uning qiziqishlari doirasiga telegraf tushadi. Qoʻshnisi Jeyms Vard bilan uylarining oʻrtasiga telegraf aloqasini oʻrnatadi. Aniqrogʻi, Tomasning bu ixtirosiga bir omadli tasodif yordam beradi. Bir kuni gazeta va butun sarmoyasidan ayrilgan Edison poyezd tagida qolib ketishiga bir bahya qolgan bolani qutqarib qoladi. Omadni qarangki, bolaning otasi Port-Guron shaharchasi yaqinidagi “Mont Klemens” stansiyasining boshligʻi ekan. Minnatdorlik sifatida u Tomasga telegraf ishlarida koʻmaklashadi.

Edison telegraf sohasiga 6 yil umrini sarflaydi. 22 yoshli Tomasning erishayotgan muvaffaqiyatlardan aslo koʻngli toʻlmas, odamlarga yanada koʻproq foydasi tegadigan yangilik yaratish istagida izlanishni davom ettirardi...

...Edison 1875-yilga kelibgina barcha qulayliklarga ega telegraf turini kashf qildi. Yangi apparat bir tizimda ikkitadan toʻrttagacha xabarlarni uzata olardi. Bu oʻsha davr uchun olamshumul kashfiyot edi...

 

***

Tomas Edison 1931-yil 18-oktabr kuni 84 yoshida vafot etadi. Umrining soʻnggi kunlarida bergan intervyularidan birida Edison shunday degandi: “Men oʻtgan umrimga achinmayman. Chunki hayotim davomida qoʻlimdan kelgancha odamlarga yordam berishga harakat qildim.”

 

Farhod ESHMOʻMINOV tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.