Qatʼiyatli Hamzaxon
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilarning taʼlim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Boshlangʻich sinf oʻquvchilarining dars xonalari zamonaviy jihozlangan. Nafaqat maktabdagi, balki sogʻligi tufayli uyda yakka tartibda taʼlim oluvchi bolajonlar ham doimo ustozlar eʼtiborida.
Ana shunday oʻquvchilardan biri Hamzaxon Asliddinov 4-sinfda oʻqiydi. Hamzaxonning xotirasi yaxshi, berilgan vazifalarni qunt bilan bajaradi. Odobi esa maktabda oʻqiydigan oʻquvchilar uchun oʻrnak boʻlsa arziydi. Onasi, qoʻli gul tikuvchi Gulnora opa oʻgʻlini hech kimdan kam qilmay tarbiya qilmoqda.
Unga tajribali oʻqituvchi Zamira Karimova dars beradi. Oʻquvchisining mavzuni tez oʻzlashtirib olishi, oʻtkir xotirasi, namunali xulqi, odobidan quvongan Zamira opa unga qoʻshimcha mavzularni ham oʻrgatadi.
Oyoqlari sogʻayishini, tezroq maktab hovlisida oʻrtoqlari bilan chopib yurishni maqsad qilgan Hamzaxonning barcha tengdoshlari yonida keng sinf xonasida saboq olgisi keladi. Shu bois shifokorlarning talabini soʻzsiz bajaradi.
Samimiy, koʻngli pok, bilimga tashna, irodali bu yigitchaning maqsadlari katta. Ana shu niyatiga erishishida ustozlarning eʼtibori, oilaning cheksiz mehri unga kuch-quvvat boʻlmoqda. Hamzaxon Asliddinovning qatʼiyat va jasorati hamma oʻquvchilarga oʻrnak boʻlsa arziydi.
Yorqinjon HAYITBOYEV,
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani
15-maktab 11-sinf