Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“5” baho emas, 100 ball

O‘zbekiston maktablarida yangicha ba­holash tizimiga o‘tilayotgani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak? Bu avvalo Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarda tajriba si­fatida joriy etilgandi. Uning umumta’lim maktablarida qanchalik samarali ekanligini bilish maqsadida 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab yurtimizdagi 1500 ta maktabda o‘quvchilar sinov tariqasida yangicha baholash tizimiga asosan baholanmoqdalar.

Umuman olganda baholash tizimi ikki: summativ va formativ baholashga  bo‘linadi.

Formativda o‘quvchilar har kungi darslar bo‘yicha baholanib boraveradilar. Shu kungacha bizda mavjud bo‘lgan tizimni ham formativ baholash, desak bo‘ladi. Ammo aslida, formativ tizimda bizning an’anaviy (avvalgi) baholash tizimidan farqli ravishda o‘quvchining bilimiga emas, uning darsga qanchalik qiziqishi, faolligi, ustozning mavzuni qay darajada mahorat bilan tushuntirib bera olganligiga baho beriladi. O‘ylab ko‘ring, darsda ustoz tushuntirganlarini yoki kitobingizda berilgan ma’lumotlarni ikki-uch takrorlab, a’lo baho olishingiz mumkin, ammo vaqt o‘tib ularni eslolmaysiz ham. Bahongiz besh, ammo butun umrga yodingizda qolgan bilimlar nolga teng bo‘lishi mumkin. Bunday kamchilikni yo‘qotish, mavzularni xotirangizdan hecham o‘chmaydigan qilib uqib olishingiz uchun ham MMTV summativ baholash tizimini taklif etmoqda.

Summativ baholash deganda, o‘quv yili­ning ma’lum bir davri yoki fanning aniq bir bobi, bo‘limi yuzasidan umumiy bilimlarni aniqlashga qaratilgan sinovlar tushuniladi.

Summativ baholashning o‘zi ikki turga: BSB va CHSBga bo‘linadi.

BSB (bo‘lim summativ baholash) – har bir fan yuzasidan ma’lum bob yoki bo‘limlar, mavzular turkumi o‘zlashtirib bo‘lingach o‘tkaziladigan sinovlardir. Ular har chorakda 2-3 tagacha bo‘lishi mumkin. BSB an’anaviy baholashdagi nazorat ishiga o‘xshab ketadi, ammo unda ustozlar o‘z-o‘zini baholash, dars sifatini tekshirish, sinfdagi o‘quvchilarning necha foizi ma’lum bobni o‘zlashtirganini individual tekshirish imkoniga ega bo‘ladi.

CHSB (choraklik summativ baholash) – maktablardagi chorakliklar soni bilan teng miqdorda – to‘rt marta tashkil etiladi. CHSB haftaligi davomida o‘quvchilar barcha fanlar yuzasidan amaliy mashqlar, yozma savol-javoblar kabi turli ko‘nikmalarni tekshirishga qaratilgan sinovlardan o‘tadilar.

Mutaxassislar summativ baholash tizi­mi bolaning davomati, formasi, darsda hozirjavobligi yoki kamgapligini emas, balki u egallagan haqiqiy bilimlarni sinovdan o‘tkazishi bilan ahamiyatli ekanligini aytishmoqda.

Avvalboshda o‘qituvchi va ota-onalar tomonidan yangilik sifatida kutib olingan bu tizim haqida birinchi chorak yakunidayoq turli bahslar kelib chiqa boshlagandi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi ota-onalar uchun yaratilgan ba’zi guruhlarda quyidagicha fikrlarni uchratish mumkin:

“Men farzandimga baho uchun o‘qi­mayotganini tushuntiryapman, asosiysi bilim. O‘qituvchilar ham avvalgidek yaxshi dars berishyapti. Natijaning yaxshi bo‘lishi bola darsni qanday o‘zlashtirishiga bog‘liq deb o‘ylayman.”

“Baholashning yangi mezoniga ko‘ra chorak davomida bir fandan o‘quvchilar uchta nazorat ishi topshiradilar: ikkita BSB va bitta CHSB. Ular umumiy holda 90 balni tashkil etadi. O‘quvchi to‘rt marta maktabga borsa, bahosi tayyor. Bolalarning maktabga borish ishtiyoqi pasaydi. Bunday imtihonlarga ularning asab tizimi dosh bermayapti”.

 “Butun chorak davomida bajarilgan uy vazifalari va sinf ishlari uchun faqat 10 ball yig‘ish mumkin. Uyda bajarish uchun esa bir dunyo vazifa beriladi. Bu bajarilgan uyga vazifalardan hech qanday foyda bo‘lmasa bolada o‘qishga bo‘lgan qiziqish yo‘qoladi. CHSBni yaxshi bajarib, bir amallab belgilab chiqsa, shunga ko‘ra baholanyapti”.

Ko‘rinib turibdiki, har kimda turlicha fikr. Maktablar islohot arafasida ekan, biz ham buni siz o‘quvchilar hamda ota-onalaringizga to‘g‘ri tushuntirish, ba’zilarni xavotirga solayotgan muammolarga yechim topish yoki ularning oldini olish maqsadida faol ota-onalar hamda ustozlar bilan yangi mezon haqida suhbatlashdik:

 

Nazokat Turdiyeva, ona:

O‘g‘lim 8-sinf o‘quvchisi. Bu o‘quv yili baholarimni yaxshilayman, faqat besh baho olaman, deb maktabni boshladi. Ota-onalar majlisida sinf rahbari bu yildan ballik sistemada o‘qitilayotganini aytdi. Bolalar 1 baldan 10 balgacha olishlari mumkin ekan. Ustozi bundan xursand, chunki bolalar yuqori ball olishim kerak deb harakat qilyapti, dedi. Dars qilish  jarayonida o‘g‘limda bu harakatni sezdim. Sababli yoki sababsiz dars qoldirgan taqdirda ham darsda qatnashmagan soati uchun BSB topshirish kerak ekan. Bu bolalarni darsga o‘z vaqtida kelishiga, sababsiz dars qoldirmasligiga yordam beryapti, dedi o‘qituvchisi.

Dilnoza Sodullayeva, sinf rahbari:

Yangi baholash tizimida har bir dars, topshiriq, nazorat ishi, imtihon o‘zining aniq baholash mezoniga asoslanganligi bilan an’anaviy baholash tizimidan keskin farq qiladi. Endi o‘qituvchining roli asosan o‘quvchiga bilim berishga qaratilib, o‘quvchining bilimini baholashga aralashmaydi. O‘quvchining bilimini baholash aniq ishlab chiqilgan qoidalar asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri shaffof tarzda baholanadi. Mazkur baholashda amaliy mashg‘ulot va loyiha ishlarini bajarishga, ular orqali asosiy muammoni topib, xulosalar chiqarishga katta e’tibor qaratilgan. O‘quvchiga qo‘yiladigan ballar olgan bilimi, amaliyotda qo‘llashi va mulohaza yurita olishiga qarab taqsimlanadi. Shu sababli yangi baholash tizimi bo‘yicha olingan har bir nazorat o‘quvchini mustaqil tarzda o‘z ustida ishlashga, olgan bilimlarini amaliyot bilan bog‘lashga, xulosalar chiqarib mulohaza yuritishga, kreativ fikrlashga undaydi.

Dilafroz  Zayniyeva, ona:

Bugun ta’lim tizimiga ko‘p yangiliklar kirib keldi. Elektron kundalik bunga misol. Yaqin yillargacha o‘quvchilar kundalik daftar tutishar edi. Bunda nafaqat fanlardan olgan baholari, balki o‘qituvchi tomonidan o‘quvchining xulqi ham (namunali, yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz kabi so‘zlar bilan) baholanar edi. Sinf rahbari har hafta oxirida kundalik daftarga imzo qo‘yar va, albatta, ota-ona ham o‘sha sahifaga imzo qo‘yishi kerak edi. Shu asnoda o‘quvchining darsni o‘zlashtirishi, xulqi ota-ona tomonidan har hafta nazoratga olinardi. Qaysidir ma’noda kundalik daftar ota-ona va ustoz o‘rtasida ko‘prik, aloqa vositasi edi.

Elektron kundalikka esa, nima uchundir o‘rganishimiz qiyin bo‘ldi. Yil boshida 7-sinfda o‘qiydigan qizimning eletron kundaligiga to‘lov qildik. Ammo qancha harakat qilmaylik telefon orqali kundalik tizimiga kira olmadik. Shundan beri farzandimning biror fandan bahosini bila olmaymiz. “Bugun qanday baho olding?” degan savolimizga “Baholarning hammasi elektron kundalikda” deya javob beradi. Umuman olganda, bu tizim menga unchalik ma’qul emas.

Baribir baholar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar kundalik daftarni qo‘lingga olib, va­raqlab ko‘rishning, “5” baho  olsang uni sinf­doshlaringga, ota-onangga ko‘rsatib, o‘zing­dan minnatdor bo‘lishning gashti boshqacha edi.

Yangicha baholash tizimi ta’limda sifatni oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lsa-da, amalda uni samarali joriy qilishda turli qiyinchiliklar mavjud. O‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilar bu jarayonga to‘liq moslashishi uchun vaqt va ko‘mak talab etiladi. Maktablarning moddiy-texnik bazasi, ota-onalarning tizimni tushunish darajasi, o‘qituvchilarning yangicha yondashuvlarni egallashi, o‘rganib chiqishlari kabi omillar ushbu islohotlar maktablarga tezroq kirib borishi va ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishida muhim ahamiyatga ega.

Ta’lim islohotlaridan kutilgan natijaga erishish uchun nafaqat tizimning o‘zi, balki har bir ishtirokchi (maktab, o‘quvchi, ota-ona)ning faolligi talab etiladi. Shu bois, yangicha baholash tizimini sinchkovlik bilan kuzatib, o‘rganib chiqish va eng muhimi bilim olishdan to‘xtab qolmaslik zarur. Zero, o‘quvchi fanlarni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa, har qanday sinov tizimida ham a’lo bahoni qo‘lga kiritadi. Yurtimiz maktablarida joriy etilishi kutilayotgan yangicha baholash tizimining samarali bo‘lishi  nafaqat o‘quvchilar uchun, balki butun ta’lim tizimi kelajagi uchun ham g‘oyat muhimdir.

 

O‘z muxbirimiz

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.