Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Doimo tayyor bo‘ling!

Vatanparvarlik – dunyodagi eng oliy tuyg‘u. Yuragida Vatan muhabbati jo‘sh urmagan kishi na ota-onasini, na yor-u do‘sti, qavm-qarindoshini seva olmaydi. Shu boisdan xalqimizda bolalarga eng avvalo vatanparvarlik tuyg‘usini singdirishadi, ularda o‘z yurtiga mehr, sadoqat hissini shakllantirishga intilishadi. Bu an’ana bugun ham davom etmoqda. Maktabingizda  harbiy xizmatga chaqiruvga qadar o‘qitiladigan boshlang‘ich tayyorgarlik fanini eslang. Bu fandan harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy ta’lim ko‘rgan, doim qat’iy tartib-intizomga amal qiluvchi ustozlar dars berishadi, to‘g‘rimi? Ularni ko‘rganda siz ham sergak tortib, o‘zingizni yanada jiddiyroq tutasiz.

Mana shunday ustozlardan biri 1991-2012-yillari maktabda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani­dan saboq bergan mayor Rasulev Maxamadjon Mahmudovich bilan suhbat qurdik.

“Chaqiruv­ga  qadar boshlan­g‘ich tay­yorgarlik maktab ta’­limida, ayniqsa, yuqori sinflar uchun juda zarur fanlardan biri, deb hisoblayman. Boisi bu vaqtda o‘quvchilar voyaga yetish arafasida, bolalik olamidan kattalar dunyosiga o‘tish davrida bo‘ladilar. Atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga o‘zgacha nazar bilan qaray boshlashadi. Ana shunday vaqtda ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish farzandlarimizni yomon yo‘llarga kirib ketishdan, millatimiz uchun yot g‘oyalarga aldanishdan asrab qoladi”, – deydi, ustoz fanning siz o‘smirlar dunyoqarashini  shakllantirishdagi ahamiyatini tushuntirar ekan.

Ushbu fan o‘quvchi yoshlarga “saf tayyorgarligi”, “jismoniy tayyorgarlik”, “tibbiy tayyorgarlik”, “otish tayyorgarligi”, “harbiy ish asoslari” kabi amaliy bo‘limlar orqali harbiy tizim haqidagi boshlang‘ich tushunchalarni berish barobarida ularda metin intizom, sabr-bardosh, sabot va matonat  kabi zarur fazilatlarni shakllantirishda ham muhim hisoblanadi. Shu boisdan, barcha maktablar, avvalo, mana shu kabi amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur moddiy-texnika bazasini shakllantirgan bo‘lishi kerak.

Fan doirasida jismo­niy hamda ama­liy mash­g‘ulotlar­dan tash­qari ma’naviy-ma’rifiy, ax­loqiy ta’lim-tarbiya ham o‘rgatib boriladi, albatta. Harbiylarga xos qat’iy tartib-intizom va o‘zaro hurmatga asoslangan muomala odobi har bir o‘g‘il-qiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi. Ularning kelajak hayotida muhim saboqlarni olishi, kerakli xulosalar chiqarishida yordamchi bo‘ladi.

Maxamadjon aka o‘z faoliyati davomida o‘tgan bir-biridan qiziqarli mashg‘ulotlar, uchrashuvlarni yodga olib, ular haqida gapirib berdi: “O‘quvchilarning hammasi ham harbiy bo‘lishmaydi, harbiy sohaga qiziqishmaydi, ammo yuraklarda Vatan sevgisi paydo bo‘lishi, fursat kelsa, uning himoyasiga jonlarini tikib bo‘lsa-da otlanadigan farzandlarni tarbiyalash uchun ularga bu fan yuzasidan zarur bilimlarni o‘rgatishimiz kerak. Ularni fanga qiziqtirish uchun tez-tez harbiy qismlarga, Oliy harbiy o‘quv yurtlariga ekskursiyalar uyushtirish yaxshi usul, menimcha. Bunda harbiy tashkilotlarda e’lon qilinadigan “ochiq eshiklar kuni” juda qulay imkoniyat bo‘ladi. Men o‘z faoliyatim davomida bunday tadbirlarni imkon qadar ko‘proq tashkillashtirar, bolalar esa “Vatan himoyasi” kim tomonidan va qanday amalga oshirilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, hayratga tushar, Vatanni asrash naqadar buyuk va muqaddas burch ekanligini ich-ichdan his etishardi”.

Ha, chindan ham armiya muhitini, jangovar ruhni chuqurroq his etish uchun bunday sayohatlar ayni muddao. Axir siz ham harbiy qismlarga borishni, tanklarning, harbiy qurollarning qanday ishlatilishini  ko‘rishni yaxshi ko‘rasiz-ku, to‘g‘rimi? Shunday paytda sizda harbiy bo‘lish istagi paydo bo‘lgandir, ehtimol.

Siz kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lmang, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchingizdan olgan saboqlaringizni unutmang. Hamisha Vataningizni seving, uning himoyasiga har doim tayyor bo‘ling!

 

 Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.