Adabiyot har insonning yuragida yashaydi
Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim, tarjimon Zuhriddin Isomiddinovning alohida kitob va to‘plamlarda, markaziy gazeta va jurnallarda adabiyot, tarjima, ona tilimiz, ijtimoiy hayot, ma’naviyat, milliy va diniy qadriyatlar borasida uch yuzdan ortiq maqolalari bosilgan. Bir qancha badiiy hamda ilmiy tarjimalari nashr etilgan. Yana bir katta xizmati — ko‘plab qirg‘iz yozuvchi-shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasi akademigi.
Z.Isomiddinov 2017-yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidentiga sovg‘a qilgan “Manas” eposini qirg‘iz tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Shuningdek, “Qirg‘iz xalq ertaklari”ni ham o‘zbekchaga o‘girgan, “Ona yurtim – Qirg‘iziston, O‘sh...” nomli 452 betli kitobi chop etilgan. Ko‘plab ilmiy kitoblari O‘zbekistondan tashqari Turkiya va Qirg‘izistonda ham nashr etilgan
Mirzakalon Ismoiliy, Izzat Sulton, G‘aybullo Salomov kabi ustozlari haqida yozgan hikoyalarining ibrati ham, hikmati ham bor.
Quyida olimning bolalik va o‘smirlik xotiralarini e’tiboringizga havola etamiz.
MA’MUROBOD – ONA QISHLOG‘IM
Men 1953-yil 1-yanvarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining Ma’murobod degan chekka bir qishlog‘ida tug‘ilganman. Ikki asr avval dasht bo‘lib yotgan hozirgi Shahrixon o‘rniga odamlar ko‘chirib keltirilgan, obod qilingan. Unga Qoradaryodan kanal – Shahrixonsoy qazilib, suv keltirilgan. Keyin bu suv yo‘lida ko‘p shahar-u qishloqlar ham barpo bo‘lgan. Oradan yillar o‘tib, Qo‘qon xoni Xudoyorxondan “mana bu yerda chiroyli bir qishloq barpo bo‘ldi, unga o‘zingiz nom qo‘yib bering”, deya iltimos qilishgan ekan. Xon “Ma’murchilik bo‘lsin, obod joy bo‘lsin”, deya tilak bildirib, Ma’murobod deb nom bergan.
Men oilada birinchi farzandman. U zamonda tug‘ilgan kunim yangi yil ekanligini birov bilmabdi ham. Ertasi kuni o‘qituvchi amakimga aytishsa, “Iye, yangi yil kuni tug‘ilibdi”, degan ekan. Bobom dehqon, o‘ta xudojo‘y, ancha badjahl, haqgo‘y, so‘zga boy odam edi. Machitdan qaytgach, eshitgan rivoyatlarini, ibratli voqealarni ba’zan ta’sirlanib, ko‘zda yosh bilan bizga gapirib berardi. Otam o‘qimishli kishi bo‘lgan. Maktabni bitirgach, Toshkentda elektr texnika bo‘yicha o‘qigan va bir umr O‘sh paxta tozalash zavodida bosh energetik bo‘lib ishlab, shu yerdan nafaqaga chiqqan. Men ikki oylik chaqaloq bo‘lgan chog‘imda oilamiz Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi hovlimizga ko‘chib o‘tishgan. 1959-yilda shahar chekkasidagi “Qizil yulduz” deb ataladigan maktabga chiqdim. Bog‘-rog‘larga ko‘milgan, bir qavatli, bor-yo‘g‘i 4 ta sinfxonadan iborat oddiy bir maktab edi.
“BITTA JANJAL BO‘LSAYDI…”
Ota-onam juda erta turmush qurishgan, ammo umri bo‘yi ahil yashashdi. Men bunaqa oilani ko‘rmaganman. Onda-sonda qo‘shnilarnikida baqir-chaqir bo‘lib qolar edi: kimningdir otasi onasiga baqirgan, kimdir bolasini urishgan. O‘zimcha o‘ylardim: “Bizning uydayam bir janjal bo‘lsaydi, o‘zi qanaqa bo‘larkin-a, janjal?” Nihoyat, aytganim keldi – bir kuni kechki payt, hech gapdan hech gap yo‘q, otam onamga bir shapaloq tushirdi. Onam “Voy!” degancha yuzini ushlab o‘tirib qoldi. Men (yosh bola emasmanmi) quvonib ketdim, o‘rnimdan turdim-da bobomning xonasiga qarab yugurdim: “Bobo! Otam onamni uryapti!”, dedim xursandligimdan irg‘ishlab. Bobom salobatli, jiddiy inson edi. Hovliga chiqib, “Nima gap?” dedi otamga. U indamay yerga tikildi. Shunda bobom keliniga qarab: “Ayb senda, men bilib turibman!”, dedi. Bilsam, kechki payt darvoza taqillaganda, onam chiqib javob bergan ekan. Endi shomdan keyin birov chaqirsa, ayol kishi darvozaga chiqishi durust emas ekan. Onam o‘sha paytlarda 23-24 yoshda, yosh edi-da.
BOLALIKNING XAYOLI UCHQUR
Ikki og‘iz buvim haqida ham gapiray. O‘ttizinchi yillarning o‘rtalari ekan, hamma och-nahor. Non-non deb odamlar jon berayotgan zamon. Nima bo‘libdi-yu, bobom bir belbog‘ un topib kelib, non yopishni buyuribdi. Tandirdan non hidi chiqishi bilanoq “Assalomu alaykum, Isomiddin aka!” deb bobomning tengqurlaridan besh-olti kishi kirib kelibdi. Hammalari so‘riga chiqib o‘tirishibdi. Bir burda bo‘lsa ham berarmikin, deb ilinj bilan kutishayotgan ekan. Non qizargach, buvim uzib, savatga solibdi. Nima qilish kerak? Yashirib olib kirib ketishning imkoni bo‘lmasa. Buvim nima qilibdi, deng: o‘sha bir savat nonni so‘rining o‘rtasiga qo‘yibdi: “Olinglar, osh bo‘lsin”!
Chollar bir-biriga qarab, yig‘lab yuborishibdi, bittagina nonni ushatib yeb, duolar qilib chiqib ketishibdi. “Eee, kampir, zap ish qilding-da!”, deb bobom ham rosa xursand bo‘lgan ekan.
Otam 25 yashar chog‘ida men 6-7 yoshli bola edim. Otamning ham goho bolaligi tutar – ikkovimiz birga o‘ynar, birga velosiped uchardik. Meni minishga o‘rgataman deb velosiped orqasidan yugurib yurgani, birga hakkalash o‘ynaganlarimiz esimda. Shuning uchunmi, goho: “Aslida mening ota-onam bobom bilan buvim bo‘lishsa kerak, “o‘g‘lim, biz qarib qoldik, shu ukangni o‘zingga bola qilib olgin”, deb otamdan iltimos qilishgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylardim. Bolalikning xayoli qanday uchqur bo‘ladi!
YAQINLARIMNI YIG‘LATGAN ASAR
Adabiyot dunyosiga kirib kelishimda bolaligimda ro‘y bergan bir voqea ta’sir qilgan deb o‘ylayman. Besh yo olti yoshlarda edim. Otam bir kuni buvim bilan onamga bir kitobdan hikoya o‘qib berdi. Keyin bilsam, u Abdulla Qahhorning hikoyalar to‘plami ekan. Kechki ovqatdan so‘ng buvim bilan onam “Bemor” hikoyasini eshitishdi. Hikoya kambag‘al Sotiboldi va uning bemor ayoli haqida. Qo‘shni kampirning “Begunoh bolaning duosi o‘tadi” degan gapi va otasining qistovi bilan to‘rt yashar qizaloq har tong uyg‘onib, nola qiladi: “Xudoyo, ayamdi daydiga davo beygin”... Ammo qancha yelib-yugurishmasin, onani xastalik yengadi. Sotiboldi joni uzilgan ayolining yonida uxlab yotgan qizini ko‘tarib, narigi xonaga olar ekan, u uyqu aralash pichirlaydi: “Xudoyo, ayamdi daydiga davo beygin”... Hikoyaning shu yeriga kelganda buvim bilan oyim hiqillab yig‘lab yuborishdi. Men esa, bola aqlim bilan bu holatdan hayronman.
Otam umrining oxirigacha kitob o‘qib o‘tdi. Hozir o‘ylasam, otam tabiatan olim odam bo‘lgan ekan. Har bir narsaga mulohaza bilan javob berar, ahyonda bir “Eh, meni ilmim yo‘q-da, ilmim bo‘lganda buni yozar edim”, deb qo‘yar edi. Elektr texnikasi sohasiga kiritgan yangiliklari uchun Ittifoq ixtirochi va ratsionalizatorlari uyushmasiga a’zo qilib olingan, tashabbuslari O‘rta Osiyodagi barcha paxta tozalash zavodlariga tatbiq etilgan ekan. Ammo biz bundan bexabar edik – otam ishidagi yutuqlari haqida churq etib og‘iz ochgan emas.
Onam esa mahallamizda ochilgan savodsizlikni bitirish kursiga qatnab faqat harflarni tanib olgan, xolos. Endi o‘ylasam, onamda shoiralik kayfiyati kuchli ekan, ammo buni sezdirmasdi, yashirar, xijolat bo‘lardi. U kirgan uy yashnab ketar, bir uy ayol onamning gaplarini eshitishga mushtoq, lekin eng muhimi, onam tosh qalbli odamlarga ham samimiy mehr berib, ularning qulfi dilini ochib yuborardi. Onamsiz mahallamiz xotinlari bir joyga bormas, usiz zerikib qolishardi. Bunga onamning yoshi oltmishlardan oshganda amin bo‘ldim. Yaqinda vafotidan necha yillar keyin eshitib qoldim, qarindosh ayollar bir dasturxon atrofida yig‘ilishib, soddagina mushoira o‘tkazishibdi, u yo bu mavzuda navbatlashib she’r o‘qishibdi, xotinlar onamning shuncha ko‘p she’r yod bilishini ko‘rib lol bo‘lib qolishgan. Yoki yana bir misol. Bir kelinimizning 80 yoshli onasi og‘ir bemor bo‘lib qoldi. Hol so‘rab borgan onamga qarab shivirlab: “Turg‘unoy, o‘tiring yonimga. Boshimni quchog‘ingizga olib, menga alla aytib bering”, debdi. Alla eshitib, uyquga ketibdi, qancha kunlar uxlamagan ekan. Ikki kundan so‘ng vafot etdi. Odam... bir umr bolaligiga qarab intilib, bolaligini qo‘msab o‘tar ekan-da.
Onam allani mungli, allaqanday hazin ohangda aytardi.
O‘QITUVCHI O‘Z FIKRIGA EGA BO‘LSIN
Birinchi o‘qigan kitobim Mirmuhsinning “Iqbol” nomli kitobi bo‘lgan. Katta formatda, rangli va sodda, judayam bolalarbop kitob edi. Hali ham o‘sha kitobni eslasam, bolalik tuyg‘ularim yodimga keladi. Ikkinchi o‘qigan kitobim ham Mirmuhsinning she’riy kitobi bo‘lgan:
“Yer yuzidagi amakijonlar,
Shirin kulchalar bering bizlarga...
Ammo urush qilmang!” , deganday misralari bor edi.
Yodimda qolgani: bu kitob garmoshkaga o‘xshar, varaqlari ich-ichidan ochilib, yoysangiz ikki quloch, taxlasangiz kichkina kitob bo‘lib qolardi.
5-sinfda o‘qir ekanman, “Gulxan” jurnaliga 2-3 ta she’rlarimni yubordim. Tohir Hobilov degan odamdan menga “She’rlaringizni o‘qidik, fikrlashingiz yaxshi, ammo kamchiliklari ham bor. Ko‘proq kitob o‘qing”, degan javob xati keldi. Xatni ancha yillar saqlab yurdim. Keyinchalik bilsam, bu xatni O‘zbekiston xalq yozuvchisi bo‘lgan Tohir Malik yozgan ekan.
60-yillarning ikkinchi yarmida radioga qiziqish hamma yigitchalarni qamrab olgandi. U paytda hozirgidek karaoke, turli kompyuter o‘yinlari yo‘q, oddiy bir radioapparat yasab, o‘zimiz efirga chiqardik. Mo‘jiza-ku! Umrimizda ko‘rmagan, boshqa shaharlarda yashaydigan bolalar bilan bog‘lanib, gaplashardik. Bora-bora shu darajada qiziqib ketdimki, Qozondami yoki Ufadami, radiotexnika bo‘yicha oliy o‘quv yurti bor ekan, shu yerga o‘qishga boraman, deb o‘zimcha orzu qildim. Ammo maktabni bitirish paytida maqsadim o‘zgardi va jurnalistikaga hujjat topshirishga qaror qildim.
Menga eng ko‘p ta’sir qilgan asar Jek Londonning “Martin Iden” romani, deb o‘ylayman. Chingiz Aytmatov asarlari esa badiiy didni o‘stirishda beqiyos qiymatga ega. Chunki hayot bor bo‘yicha, mohirona tasvirlangan. Maktabda, oliy o‘quv yurtida ham adabiyotdan o‘ta bilimli, kasbiga fidoyi ustozlar ko‘p edi. Tal’at Solihov, Begali Qosimov, Boybo‘ta Do‘stqorayev kabi domlalar... Ba’zilari o‘sha qattol siyosatli yetmishinchi yillardayoq bizga Cho‘lpon she’rlarini eshittirishgan, fikrimiz hur bo‘lishiga harakat qilishgan.
O‘qituvchi o‘z shaxsiy fikriga, adabiyotda o‘z qarashiga ega bo‘lsa, u haqiqiy muallim bo‘ladi. Shukrki, hayotimda shunday insonlar ko‘p uchragan.
UCHQUN O‘ZINGIZDAN CHIQSA
Abdulla Qahhorning “Olam yasharadir” degan hikoyasi bor. Nazarimda, yosh bola paytimizda bu olamning o‘zi yoshdek edi. U zamonda qiyinchilik ko‘p edi, ammo soddalik, oddiylik ham bor edi. Maktabimiz hovlisidagi yo‘laklar chetiga terib qo‘yish uchun soyga tushib, shag‘al orasidan har birimiz piyoladek kattalikdagi silliq toshlarni olib chiqardik. Shu tarzda ham mehnatda pishardik, ham maktabimizga yanada mehr berardik. Hozirgi bolalarning hayoti ancha murakkab bir dunyoda kechayotganga o‘xshaydi. Bolalarni mehnatning azobidan ozod qilish, albatta, yaxshi, ammo mehnatsiz o‘stirish xato deb bilaman. Nazarimda, har bir bolaning o‘zidan tashabbus chiqishi kerak. Bu tashabbusni uchqun deb bilaylik. Uchqunsiz olov yonadimi?
Har bir odamning yuragida adabiyot yashar ekan. Maktabni bitirayotgan paytimda bir dehqon tog‘am qirg‘izlarning “Manas” dostonini o‘qigan ekan, gapirib berdi (Mirtemir tarjimasi). Manas yosh yigit paytida Xizr alayhissalom unga yordam berib, birga bug‘doy ekishgan ekan”, degan jumlalari qulog‘imda qoldi. Universitetda o‘qib yurgan paytimda kurs ishidan “Manas” tarjimasini oldim. O‘qishni tugatishda diplom ishimga, keyinchalik nomzodlik ishimga “Manas” eposi mavzu bo‘ldi. Qarang, o‘rinli bir turtki inson hayotida qanchalar muhim! Oddiy bir dehqon odamning adabiyotni his qilishi goho uncha-muncha odamnikidan muhimroq bo‘lishi mumkin ekan-da. Ehtimol, qay bir ishda muvaffaqiyatga erisha olmayotganimizning sababi – yo‘limizni topa olmayotganimizdan bo‘lsa kerak.
Bola kelajakda qaysi sohada kasb-hunarning etagini tutishidan qat’iy nazar, adabiyotga yaqin bo‘lishi kerak. Masalan, huquqshunos badiiy kitob o‘qimasa, u sudlanayotgan odamga jabr qilib qo‘yadi. Chunki uning dilidagini tushunmaydi. Xo‘sh, anov odam nimaga shu jinoyatga qo‘l urdi, nima majbur qildi uni shunga? Agar adabiyotga yaqin bo‘lsa, motivlarini tushunib oladi. Adabiyot barcha soha kishilarini ijodiy fikrlashga tortadi. Badiiy kitob o‘qimaydigan odam oliy ma’lumotli, diplomli mutaxassis bo‘lishi mumkin, ammo uni ziyoli deb bo‘lmaydi, bu ikki tushuncha boshqa-boshqa narsa...
Dilafro‘z ZAYNIYEVA yozib oldi