Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olamni asrang, do‘stlar

Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yil 21-noyabr sanasidagi nutqida kirib kelgan Yangi yilga nom berish masalasiga alohida to‘xtalib, shunday dedi: “... bu borada biz el-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha o‘rgandik. Bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, boshlagan ishlarimizni yangi,  yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida men 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilishni taklif etaman.

Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha ona tabiat degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoiro­na so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiat­ga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiat­­ni asrash – insonni asrash demakdir.

... yil nomida belgilangan vazifalar bo‘yicha   ishlab chiqiladigan davlat dasturida  “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash,   ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarur.

­­Bugun siz azizlar bilan, xalqi­miz bilan yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Hech shubhasiz, bu davrning qanday bo‘lishi birgalikda o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan maqsad va vazi­falarni samarli amalga oshirishimizga bog‘liq. Ishonchim komil, bu – Yangi O‘zbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etadigan davr bo‘ladi...

Kelajak avlodlar, albatta, faxr bilan tilga oladigan ana shunday buyuk tarix va kelajakni yaratish bizning o‘z qo‘limizda”.

Darhaqiqat, kirib kelgan Yangi yilning  fa­qat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda dolzarb bo‘lib turgan tabiatni asrash bilan bog‘liqligi nafaqat soha mutaxassislari uchun, balki butun xalqimiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki ekologik barqarorlikni saq­lab qolish  butun dunyoning tashvishiga aylangan. Yurtimiz taraqqiyot yo‘liga chiqib oldi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, tu­rizm rivojlanmoqda. Bu degani, har qanday sharoitda ham tabiatga zarar keltirmay, uni asrab-avaylab, ko‘kalamzor maydonlarni ko‘­paytirish, “yashil” energetika ko‘lamini oshi­rish orqali tabiatga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi.

Shahar aholisi  hamisha toza, musaffo ha­vo­ga intilib yashaydi. Toza ko‘chalarda yurgimiz keladi, tabiatning  ko‘kalam­zor, so‘­lim go‘shalariga talpinamiz. Borliqning go‘­zalligi­dan bahra olgimiz keladi. Buning uchun uzoq masofalarni bosib, tog‘ yon bag‘irlari­­ga bora­miz, shaharning zichligidan, chang ko‘chalaridan qochib, xonadoni­miz derazalarini ham ocholmay qolamiz. Bularning bari salomatligimizni yo‘qotishga borib taqaladi. “Toza havo – tanga davo” degan xalq maqoli bejiz kelib chiqmagan. Ayrim chekka hududlarda  toza ichimlik suvining yo‘qligi, keyingi yillar­da ariq va daryolarning suvlari  ifloslanib ketgani xalqimiz sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilmoqda. Shahar bo‘ladimi, qishloqmi har yerning ekologik muammolari yetarlicha. Lekin ularni bartaraf etish payti keldi. Agar har birimiz ota-onamiz, buvi-bobolarimiz, uka va singillarimiz, sinfdosh, maktabdosh va ustozlarimizning bevaqt kasal bo‘lib qolishlarini istamasak, tabiatni, toza suvlarni, elektr quvvatini asrash haqida o‘ylashimiz shart. Kim qanday yo‘l bilan o‘z hissasini qo‘shadi, bu haqida jiddiy o‘ylab, uni amalga oshiradigan payt keldi. Demak, 2025-yilda biz atrof-muhitni asrash orqali yaqinlarimizni, olamni va kelajakni asraymiz!

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.