Abdusaid Koʻchimov
Abdusaid Koʻchimov 1951-yili Samarqand viloyatining Urgut tumanida tugʻilgan. 1967-yilda tumandagi 37-oʻrta maktabni bitirgach, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida oʻqidi. Mehnat faoliyatini “Oʻqituvchi” nashriyotida musahhihlikdan boshladi. 1972–1984-yillarda “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida muxbir, boʻlim mudiri, masʼul kotib lavozimlarida ishladi. 1984–1987-yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida masʼul kotib, 1987–1991-yillarda respublika bolalar gazetasida bosh muharrir, 1991–1992-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul lavozimlarda ishladi. 1997–2005-yillarda Oʻzbekiston Davlat teleradiokompaniyasiga rahbarlik qildi. 2017-yildan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Abdusaid Koʻchimovning birinchi sheʼr va maqolalari matbuotda eʼlon qilinganida u oʻrta maktab oʻquvchisi edi. Keyinchalik uning “Kashfiyotchi bolalar” (1978), “Mening Oʻzbekistonim” (1979), “Toshburgut” (1981), “Mening yulduzim” (1984), “Chanoq” (1985), “Halqa” (1987), “Ikki bahor” (1990), “Umid daraxti” (1992) kabi kitoblari chop etildi. “Yosuman” (doston, 2000), “Baland togʻlar” (Saylanma, 2002), “Koʻzlarimning qarogʻidasan” (2006), “Muhabbat bogʻlari” (2008), “El suv ichgan daryo” (esselari, 2009), “Saylanma” (toʻrt tomlikning 1-jildi, 2011) sheʼriy asarlari nashr etildi; ikki qismli “Boychechak” (2001), toʻrt qismli “Baland togʻlar ortida” (2003) badiiy filmlari ekran yuzini koʻrdi.
Yozuvchi “Chanoq”, “Ikki bahor” kabi sheʼriy toʻplamlarida bolalar va oʻsmirlar hayotidan poetik lavhalar chizgan boʻlsa, hikoya va qissalardan iborat “Mening yulduzim”, “Halqa” majmualarida koʻproq qishloq hayoti, bolalar xarakteriga xos voqealarni tasvirlaydi.
A. Koʻchimov tarjimon sifatida qardosh xalqlar adiblarining bir qator sheʼr va hikoyalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Oʻz navbatida uning asarlari ham xitoy, rus, qirgʻiz, turkman, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Abdusaid Koʻchimov 1994-yili “Shuhrat” medali, 1999-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.