Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Achchiq bodomning shirin tuhfasi

Aziz o‘quvchilar, tabiatda shunday ne’matlar borki, ularni iste’mol qilish unchalik ham yoqimli bo‘lmaydi. Biroq shifobaxsh xususiyatlari juda ko‘p. Masalan, achchiq bodom. U dori sifatida tabobatda qadimdan ishlatilib kelinadi. Uning tarkibidagi vitamin E yallig‘lanish, shamollashni davolashga yordam beradi. Achchiq bodom yog‘i uch mahal ikki oshqoshiqdan sakkiz kun ichilsa, bobo va buvijoningizni qiynaydigan bod kasalligi tuzaladi. Agar shifokorlar ichingizda zararli gijja va parazitlar borligini aniqlagan bo‘lsalar, shu yog‘ni uch mahal bir oshqoshiqdan sakkiz kun iching. Faqat qat’iy parhez tutishingiz ya’ni, non va choydan boshqa narsa tanovul qilmasligingiz kerak.  Shunda ichagingizdagi har qanday qurtlar tushadi. Bu yog‘ yana quloq og‘rig‘ini ham bartaraf qiladi. Uch mahal bir oshqoshiqdan ichilsa, yo‘tal, astma va sariq kasalliklaridan sog‘ayishga yordam beradi.

Ibn Sino bobomiz achchiq bodom mag‘zi va yog‘ini qon tupurishga barham berish vositasi sifatida qo‘l­laganlar. Zotiljam, buyrak, qovuq kasalliklarida, peshob yo‘llaridagi toshlarni tushirishda, jigar va taloqdagi tiqilmalarni ochishda tavsiya qilganlar. Olimning fikricha, bodomning hamma turi miya uchun foydali bo‘lib, ko‘z quvvatini oshiradi, qabziyatda yengil surgi vazifasini bajaradi. Me’da-ichak, o‘pka yal­lig‘langanda, bosh og‘rig‘i, uyqusizlikda shirin bodom yeyish foydali. Oyoq-qo‘llar uvishganda achchiq bodom moyini surtish kerak.

Shirin bodom mag‘zi gepatitni davolashda ham qo‘llaniladi. Buning uchun bir kunda uch mahal besh dona mag‘iz yeyiladi. Har kuni mag‘izlar soni besh donadan oshirib boriladi va o‘n beshtaga yetgach, davo kursi tugallanadi.

Agar sizga sepkillaringiz yoqmayotgan bo‘lsa, achchiq bodom yog‘ini yuzingizga surting. Shuningdek, u nuqtali qontalash izlarni, oftobda qorayishni ham ketkazadi. U oyijoningizga kosmetologiyada eng qulay, hamyonbop ko‘makchi bo‘la oladi. Bu yog‘ yuz terisiga sog‘lom va yorqin ko‘rinish beradi. Teri qarishining oldini olib, yumshatadi va oziqlantiradi. Soch, kiprik, qoshlarga surtsangiz, o‘sishiga yordam beradi. Uy sharoitida achchiq bodom yog‘idan ajoyib niqoblar tayyorlash mumkin. Buning uchun 10 milligramm yog‘ga 2-3 tomchi efir yog‘i qo‘shiladi va u qog‘oz sochiqchaga shimdirib olinib, 15-20 daqiqa yuz terisiga qo‘yiladi. Kattalar bu niqobdan har kuni foydalanishlari mumkin. 

Xulosa qilib aytganda, achchiq bodom ozuqa emas, doridir. Yaqinlaringiz yordamida uning mag‘zi va yog‘idan to‘g‘ri foydalana olsangiz, salomatligingizni tabiiy yo‘l bilan himoya qilgan bo‘lasiz.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.