Dunyoning ixtirochi bolalari
Bolalar, orangizda izlanuvchan, yangilikka o‘ch, bilimli tengdoshlaringiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Yaqinda Toshkent shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Turk dunyosi bolalarining 5 - Bilim va madaniyati” festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida uch kun davom etgan bu ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston va Turkiyaning yuqori darajali rahbarlari, diplomatlar, ziyolilar ishtirok etdi. O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va boshqa rasmiylar namoyish etilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishib chiqib, katta qiziqish bildirdilar.
Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar, Turkiya-O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Usmon Mesten, Turk dunyosi bolalar jamg‘armasi rahbari Azimyor Tuney Gung va Yozgat Bozok universiteti o‘qituvchisi Mustafo Buyukat ko‘rgazmani ko‘zdan kechirib, loyiha muallifi bo‘lgan bolalar bilan suhbatlashdilar.
Turk dunyosi bolalar jamg‘armasi prezidenti Go‘ng‘or Azim Tuna ushbu ilm-fan va madaniyat bayrami turli davlatlardan kelgan bolalarning hamjihatligiga hissa qo‘shishini aytdi.
Har bir loyiha o‘ziga xos ahamiyatga ega. Tadbirning uchinchi kuni eng yuqori baholangan loyihalarning 6 tasi saralab olindi. Unga ko‘ra buxorolik Jahongir Ramazonov “Ofitsiant robot” va turkiyalik Helin Seshil Demirtash “Aqlli yo‘l harakati boshqaruvchisi” dasturiy loyihasi uchun oltin medal, ozarbayjonlik Ferid Huseyno‘g‘lu “Do‘st-u dushmanni taniydigan ko‘zoynak” va qrimlik Melek Bilhye Mirzaieva “Namlikdan suv olish” dasturiy loyihasi uchun kumush medal, Moldoviya-gagauziyalik Diana Mitolgo “Kasb tanlashda adashma” va qozog‘istonlik Abdulloh Shomansurov “Avtomobilni nazorat qiluvchi chip” dasturiy loyihasi uchun bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan bolalar, ularning ixtirolari haqida jurnalimizning kelgusi sonlarida tanishib borasiz.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA