Biz – qudratlimiz
– Men ko‘p kitob o‘qigan, adabiyotga qiziqadigan bugungi kun bilan hamnafas o‘quvchi bilan suhbatlashmoqchi edim, – dedim Yashnoboddagi 152-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shoira Ergashevaga. U biroz o‘ylanib turdi-da, 9-“V” sinfidagi Ziyoda Rayimovani chaqirib berdi.
Ziyoda, “Yosh kitobxon” tanlovining shahar bosqichida sovrindor bo‘lgan ekan.
– Ziyoda eng birinchi o‘qigan kitobingni eslaysanmi? – so‘radim undan.
– O‘zbek tilidami yoki ingliz tilida? – savolimga savol bilan javob berdi u.
– Albatta, kitobxonlikni o‘zbek adabiyotidan boshlagandirsan?
– 5-sinfda o‘qiyotganimda dadam Antuan de Sent – Ekzyuperining “Kichkina shahzoda”si hamda Oskar Uayldning “Yulduz bola” kitoblarini sovg‘a qildilar. To‘g‘risi, ungacha uncha-muncha she’rlar o‘qib yurardim-u, kitob o‘qishga yo hafsala qilmasdim, yoki vaqt topmasdim. Chunki oilada to‘ng‘ich farzandman. Mendan keyin egizak singillarim bor. Ularga qarash, uy ishlarida onamga ko‘maklashish, kundalik darslarni tayyorlash deganday... Ammo “Yulduz bola” kitobini o‘qishni boshladim-u, shu paytgacha ajoyib lazzatdan bebahra yurganimni angladim. U mening eng yaqin do‘stimga aylandi. Kichik-kichik hikoyalardan iborat bu kitob inson bilan tabiatning o‘zaro bog‘liqligi haqida. Asarni oxiriga yetmaguncha uning qanday tugashini bilolmaysiz, juda mahorat bilan chiroyli usulda yozilgan. Kitobdan olgan taassurotlarimni har kuni sinfdoshlarimga gapirib beradigan bo‘ldim. Ishonasizmi, bu kitobni butun sinfimiz bilan qo‘lma-qo‘l qilib o‘qidik. Hikoyalarni o‘zaro muhokama qildik, bahslashdik. Keyin sinfdoshimiz Muxlisa “Yulduz bola” kitobidagi “Baxtiyor shahzoda” hikoyasi asosida yaratilgan multfilm diskini olib keldi. O‘sha kitob nafaqat mening, butun sinfdoshlarimning qalbida badiiy asarga muhabbat uyg‘otdi. Shuning uchun men, bolalar kitob o‘qimay qo‘ydi, degan gapga ishonmayman. Yaxshi kitob bo‘lsa, albatta, o‘qiladi.
– Sening uchun yaxshi kitoblar qaysi?
– “Cho‘qintirgan ota”, “Kichkina shahzoda”, “Boy ota va kambag‘al ota”, “Al- kimyogar”, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Qizil va qora”, “Da vinchi kodi”...
– Bu asarlarni o‘zbek tilida o‘qidingmi?
– Yo‘q, ingliz va rus tillarida.
– Nahotki, o‘zbek adabiyotida senga ma’qul asarlar bo‘lmasa?
– Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i yoqadi. Ammo ko‘proq ingliz tilida yozilgan asarlarda men o‘zim izlagan mavzuni topaman. Qarang, xorij adabiyotida do‘stlik haqida, do‘sti uchun jonini fido qilgan kishilar haqida ajoyib asarlar bor. Bizda esa Abdulla Oripovning “Jannatga yo‘l” dramatik dostonidagina do‘stlik mavzusi bor xolos. Agar adabiyotda chinakam do‘stlik ta’riflangan asarlar bo‘lganda ko‘pchilikning sodiq do‘stlari bo‘lar edi. Qo‘shilasizmi yo‘qmi, hozir hech kim “mening to‘rtta yoki ikkita haqiqiy, jon do‘stim bor”, – deb ayta olmaydi. Chunki odamlar bir-biriga unchalik ishonmaydi. Ko‘nglidagi alamini, orzusini birorta o‘rtog‘iga ayta olmaydi. Men bu haqda onamga aytganimda u kishi: “Senga opang yoki ukang, singling yoki akanggina, undan ham aniqrog‘i onanggina haqiqiy do‘st bo‘la oladi”, – dedilar. Balki, men xato gapirayotgandirman. To‘g‘risi, o‘zbek adabiyotidan yaxshi xabardor emasman. Kattalar ham bizni kitobxonlikka unchalik majbur qilishmaydi.
– Ko‘p kitob o‘qiganingga qaraganda, maktab kutubxonasiga a’zo bo‘lsang kerak?
– A’zo emasman. Bunga sabab birinchidan, kutubxonadagilar kitobni uyga olib ketishimizga ruxsat berishmaydi. Faqat o‘quv zalida o‘tirib o‘qish kerak. Bir-ikki soat mutolaa qilib endi voqealarga qiziqqan paytingda, kitobni topshirishga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, men o‘zim o‘qigan kitobni faqat o‘zimniki bo‘lishini xohlayman. Qahramonlar doim men bilan bo‘lishi, istagan paytimda kitobni ochib, ular bilan suhbatlashishim kerak. Uyda shaxsiy kutubxonam bor. Otam ham, onam ham bizga tez-tez kitob sovg‘a qilib turishadi.
– Uyda kitob o‘qishga, aniqrog‘i badiiy kitob o‘qishga vaqt topasanmi? Axir vaqt juda tez o‘tayapti, o‘quv kursi, repetitorga borish, uy vazifalari... onangning e’tirofiga ko‘ra, uy ishlarida uning yaqin yordamchisi ekansan, o‘n bir oylik egizak ukalaring bor ekan...
– Vaqt yetishmaydi, – deyish – bu faqat bahona. Agar odam astoydil xohlasa, hamma ishga ulguradi. Men badiiy kitoblarni asosan tunda o‘qiyman. Uy vazifalarimni ham kechqurun tayyorlayman. Mana kecha ham soat tungi birgacha uy vazifalarini bajardim. Ularni to‘g‘ri bajarganimdan kayfiyatim ko‘tarilib, tetiklashdim va yarim kechagacha “Robin Gud”ni o‘qidim. Asarni o‘qir ekanman, ingliz tilida so‘z boyligim ko‘payib bordi. Buni yurakdan his qilib, uyquga ketdim va o‘sha kayfiyatda uyg‘ondim. Yaxshi kayfiyat esa odamni o‘z kuchiga ishontiradi. Barvaqt turishning ham xosiyati bor. U kunga, vaqtga baraka beradi. Ertalab vaqtida uyg‘onolmagan, darsga kechikib kelgan o‘rtoqlarimni kuzataman. Darsda lanj bo‘lib o‘tiradi, ko‘p narsani ilg‘amay ham qoladi. Vaholanki, o‘sha sinfdoshim kamida yetti soat uxlagan. Men esa to‘rt soat. Alloma bobolarimiz ham bedorlikni yoqlashgan. Juda ko‘p kashfiyotlari ana shu bedorliklar evaziga yaratilgan, deb o‘ylayman.
– Ingliz tilini maktabda o‘zlashtirdingmi?
– Yo‘q, bilasizmi, maktab dasturi menga ma’qul emas. U eskirgan usul. Bir qolipda, zerikarli. O‘quvchini qiziqtira olmaydi. Bir misol. Sinfdoshim Niginani ingliz tili ustozi koyigani koyigan edi. “Senda til o‘rganish qobiliyati yo‘q, ikki dunyoda ham chet tilini tushunmaysan” va hokazo... Nigina o‘tgan yili yozda ikki oy ingliz tilini o‘rganish uchun o‘quv markaziga qatnadi. Ishonasizmi, o‘qituvchi ikki yilda o‘rgatolmagan bilimni u ikki oyda o‘zlashtirdi. Sababini aytaymi, sababi u yerdagi o‘qituvchi birinchi navbatda bolada o‘ziga bo‘lgan ishonchni uyg‘ota oladi, ikkinchidan, unga yaxshi munosabatda bo‘ladi. Xatosini yotig‘i bilan chiroyli qilib tushuntiradi. Bolani yuragini bezillatmaydi. Fanni yaxshi o‘zlashtirishida o‘quvchiga ustozning bilimidan tashqari mehri ham zarur. Bunga matematika o‘qituvchimiz Shahnoza Karimovaning uslubini misol qilsam bo‘ladi. Shahnoza opa dars bera boshlagan birinchi chorakda menga hamma fanlardan “5”, matematikadan esa “4” chiqdi. Bu menga alam qildi. Ustozdan hafsalam pir bo‘ldi. Shunda onam menga Bill Geytsning quyidagi so‘zlarini o‘qib berdi: “Mening do‘stim hamma fan imtihonlaridan a’lo natija oldi. Men esa ba’zi fanlarni yaxshi topshira olmadim. Hozirda o‘sha do‘stim “Microsoft” kompaniyasining injeneri, men o‘sha kompaniyaning direktoriman”.
Lekin bu menga tasalli bo‘lmadi. Rosti, matematikadan qo‘rqardim. Ammo Nargiza opaning muloyim muomalasi, har bir mavzuni hayotiy misollar bilan qiziqarli qilib tushuntira olishi tufayli bu fanni ham yaxshi ko‘rib qoldim. Avvallari men misollarning javobini partadoshimdan ko‘chirardim. Endi esa boshqalar mendan ko‘chiryapti. Nafaqat men, butun sinfimiz matematik bo‘lib qoldi.
Afsuski, sinfdoshlarim o‘z bilimlarini, fikrlarini ochiq ko‘rsata olishmaydi. Ularda dadillik yo‘q, hali o‘zlarini o‘zlari anglab olishmagan. Kelajakka doir biror aniq rejalari yo‘q. Ustozdan, sinfdoshidan, o‘rtog‘idan noroziligini, yoki kamchiligini aytishga cho‘chishadi. Yomon ko‘rinib qolishdan, tanqidga uchrashdan qo‘rqishadi. O‘zingiz o‘ylang, hozir qadrdon sinfdoshlari oldida to‘g‘r gapini aytolmagan bola ertaga omma oldida, notanish odamlar oldida qanday qilib mustaqil fikr bildiradi? Vaholanki, kishilarda mustaqil fikrlash, oshkoralik bo‘lmas ekan, jamiyatda ham rivojlanish bo‘lmaydi. Ba’zan, “Nega sinfda mening ishonchli do‘stim yo‘q”, – deb o‘ylab qolaman. Nazarimda, bunga tengdoshlarimdagi jur’atsizlik, atrofga loqayd munosabat, dunyoqarlarimizning mos emasligi sabab bo‘lsa kerak.
Men bilimim kengaygani sari hech narsani bilmasligimni sezib boryapman. Biroq, hamma narsada ham me’yor, chegara bo‘lishi kerak. Keragidan, imkoniyatidan ortiq bilim olishga urinish miyani charchatib qo‘yadi. Rivoyat qilinishicha, odam dunyoga kelishidan oldin undan: “Farishta bo‘lib jannatda qolasanmi yoki odamzod bo‘lib yer yuziga tushasanmi?” – deb so‘ralar ekan. Foniy dunyoni tanlagan odamni hayotda juda qattiq sinovlar kutar ekan. Har birimiz ana shu sinovlarga tayyor turishimiz, uni mustahkam iroda, bilim bilan yengib o‘tishimiz kerak. O‘shandagina maqsadimizga erishamiz. Maqsadni esa aniq qo‘yish kerak. Hayotda mujmallik ketmaydi. “Qilmoqchiman”, “uddalasam kerak”, deyish odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchini qirqadi. Xato qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Chunki qilingan xato bizni o‘z ustimizda ishlashga, to‘g‘ri yo‘lni topishga undaydi. Odam hayotda mustaqil bo‘lishi, hech kimga suyanib qolmasligi kerak. Shunda u o‘zidagi yashirin imkoniyatlarni ham yuzaga chiqara oladi. Men geografiya, tarixni yaxshi ko‘raman. Shu fanlar tufayli o‘zim qiziqqan mamlakatlar – Ispaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya tarixini, ularning yutuqlari, muvaffaqiyatlari zamirini topgandayman. Buyuk Britaniyaga havas qilaman. Kelajakda ko‘p asrlik tarixga ega, yuzlab olimlarni kashf qilgan Oksford univirsitetida o‘qish niyatidaman. Ammo Alloma bobolarimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissalari yuragimda faxr, g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otadi. Prezidentimiz uchinchi renessansni boshlash haqida fidoyilik qilayotgan paytda biz ana shu bobolarimizga munosib bo‘lishga, dunyoni o‘z bilim, zakovatimiz bilan zabt etishga intilishimiz kerak emasmi?!
“Biz qahramon bo‘la olamiz” filmi qahramonlaridan biri shunday deydi: “Yangi avlod eskisiga qaraganda doim qudratli bo‘ladi”. Men bu fikrga to‘liq qo‘shilaman va tengdoshlarimni o‘z qudratimiz bilan buyuk bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni dunyoga ko‘rsatib qo‘yishga chaqiraman.
Ustoz, tag‘in bu qiz juda katta gapirib yubordi, deb o‘ylamang. Men kelajakda libos dizayneri bo‘lmoqchiman. Ammo nazarimda har bir yosh kitobxon bo‘lishi, iqtisod, biznes ilmini bilishi va bu salohiyatini vatan ravnaqi yo‘lida ishlatishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki, Vatanimizni dunyodagi ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shish har birimizning burchimiz. Bu fikrimga tengdoshlarim qanday qarashadi, shuni bilishni istardim, – dedi Ziyoda.
Men uning qarashlariga to‘liq qo‘shilmagan bo‘lsam-da, fikringizni bilish uchun ularni boricha sizga yetkazdim. Marhamat, fikr va mulohazalaringizni kutamiz. Axir, haqiqat bahslarda tug‘iladi.
Muhabbat HAMIDOVA