Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalikning oppoq ranglari

O‘zbekiston xalq shoiri, dramaturg, tarixchi va tarjimon, adabiyot sohasida beriladigan Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi Xalqaro mukofot, Ozarbayjon Yozuvchilar birligining Mikoyil Mushfiq mukofoti, Xalqaro “Oltin qalam” mukofoti va Do‘stlik ordeni sohibi Xurshid Davronni tanimagan, bilmagan kishi bo‘lmasa kerak. Kelajak avlodga ibrat namunasi sifatida biz Xurshid DAVRONning bolalik xotiralariga murojaat qildik.

 

Oqibat

Men Samarqand yaqinidagi qishloqlardan biri – Chordarada tug‘ilganman. Hali bu qishloq paydo bo‘lmasdan oldin bu yerda  onam – Fuzallobegimning bobolari Hikmatxo‘ja maxdum qo‘rg‘on  tiklagan. Qo‘rg‘onning atrofini mevazor-u uzumzorlar o‘rab turgan. Qo‘rg‘onning to‘rt tomonida darvozalari bo‘lgan, shu sababdan bu joyni odamlar “Chordara” (“To‘rt eshikli”, “To‘rt darvozali”) deb atay boshlashgan. Vaqt o‘tib qo‘rg‘on atrofida shakllangan qishloq ham Chordara nomini olgan.

Onamning otalari Vafoxo‘ja maxdum o‘z davrining o‘qimishli odamlaridan  bo‘lib, Peterburgda ta’lim olgan. Buyuk ma’rifatchi Mahmudxo‘ja Behbudiy izdoshlaridan edi.

Vafoxo‘ja bobom  Samarqandda 1926-yili tashkil etilgan  “Qizil qalam” jamiyati faoliyatida ishtirok etgan. Shokir Sulaymon rahbarlik qilgan bu jamiyatda Otajon Hoshim, Botu, Ziyo Said, Sotti Husayn, Anqaboy, Oltoy safidagi Uyg‘un, Hamid Olimjon, Mirtemir, Oydin singari yosh qalamkashlar ham bor edi. Bobom ijodkor bo‘lmagan, ammo xat-savodli, o‘qimishli odam sifatida “Qizil qalam” jamiyati ishlariga jalb etilgan.                                     

Otam, Davron Hasanov, Nayman urug‘idan. Ota urug‘im yashagan  Naymanqishloq bobom qo‘rg‘onining etagida edi. Bugungi Naymanqishloq Samarqand shahri tarkibidagi Kimyogarlar shaharchasiga yonma-yon joylashgan.

Otam o‘z davrining savodli ki­shilaridan edi. Chordara qish­lo­g‘idagi ilk maktab ham otamning harakati bilan qad ko‘targan.

Ota hovlimizning darvozaxona tarafi mevazor, etagi qator-qator voyish qilingan uzumzordan iborat edi. Hovli juda katta edi. Keyinchalik otam qish kechasi sandal – tancha isidan zaharlanib vafot etgan jo‘rasining bolalariga hovlimiz etagidan joy ajratib bergan  edi. Jo‘rasining qizi turmushga uzatilib, o‘g‘li Umar qishlog‘imiz yonida joylashgan harbiy qismga polk o‘g‘li bo‘lib qabul qilingach, har ikkisi   qishloqqa kelmay ketdi.

Umarni keyinchalik Toshkentda universitetda o‘qi­yotganimda ko‘rganman. Men jurnalistika fakultetining yotog‘ida yashab yurgan paytim edi. Umar meni qanday topganini hanuzgacha bilmayman.

 

Kichik bogʻbon

Otamning erkasi bo‘lganman. Dasturxon atrofida o‘tirganimizda nima suzilsa, eng birinchi menga olib kelinardi.

Otamni qattiq yaxshi ko‘rardim. Tun yarmidan oshsayam, uxlamasdan uyga qaytishlarini poylab o‘tiraverardim. Otam meni faqat bir marta dasturxon oldida navbatdagi “janjalim”ni boshlaganimda, qoshiq bilan tizzamga sekingina urganlarini eslayman.

Otam bog‘ bilan uzumga ishqiboz edi.  Hovlimizda uzumning qariyb 40 dan ortiq navi bor edi desam xato qilmayman. Maxsus xonada qishda uzum saqlardik. Birinchi e’lon qilingan she’rim ham uzum bilan bog‘liq. Oilamizning to‘ng‘ich farzandi – Hamza akam 3 yillik harbiy xizmatdan  qaytishini kutar edik. O‘shanda otam noyabrning boshigacha bir-ikki voyishdagi uzumni uzmay, qog‘oz bilan o‘rab saqlagan edi. Shu esimda muhrlanib qolgan ekan, yillar o‘tib, urushdan qaytmagan farzandini kutgan ona  haqida “Uzilmasdan qolgan uzumlar” she’rini yozganman. Respublika matbuotida bosilgan ilk she’rlarimdan biri mana shu she’r edi...

Otamdan o‘tganmi, bolalikdan daraxtga, boqqa mehrim baland. Darvozaxonadan hovliga kiraverishda otam menga ataylab joy ajratib bergan edi. Tengdosh jo‘ram Ismatillo bilan (uning ham bog‘chasi bor edi)  erta bahor yoki kech kuzda sahar chiqib, dalama-dala yurib, bog‘imizda yo‘q nihollarni izlardik. Bahorda, o‘zimizcha “eksperiment” qilib, to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi, nihollarni bir-biriga payvand qilish bilan mashg‘ul bo‘lardik.

Hovlimizning bir chekkasida “O‘ris daraxt” deb ataladigan novdalari sassiq og‘och pala-partish ko‘payib o‘sib yotardi. Necha marta ularni yo‘q qilishga urindik, foydasi bo‘lmadi. Bahor kelishi bilan yerga chuqur joylashgan ildizlaridan, “lop” etib ko‘karmalar paydo bo‘lar, hafta o‘tmay bir qarichcha bo‘y cho‘zardi.

Nima bo‘ldi-yu, novdasi gilosnikiga sal-pal o‘xshab ketgani uchunmi, bilmayman, mana shu sassiq daraxtni gilos bilan payvand qilish fikri tug‘ilib qoldi. Buni qarang-ki, payvand tutib, bir yil ichida bo‘yi ikki metrdan ziyod bo‘lib, hosil qildi. Bahor ketib, yoz avjiga kirgan paytda katta-katta mevasi qizardi. Ammo, uni yeb bo‘lmasdi, juda bemaza edi.  Bu tajribamni kuzatib yurgan kamgap otam, boshini chayqab “Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan”, – deganlarini hali-hanuz eslab yuraman.

 

Hayratning koʻzlari

Bolaligimni eslasam, otamning tunday qop-qora oti, “Orlyonok” velosipedim, “Olapar” degan itim, bobom qo‘rg‘onining qoldiqlari saqlanib qolgan dalada mol boqib yurganimda  chollarning bobom Vafoxo‘ja Mahsum haqida so‘zlagan xotiralari yodimga tushadi.

Maktab hovlimizdan uzoq emas, bor-yo‘g‘i 200 qadamcha narida joylashgan edi. Maktabga borgan birinchi kunim  dadam negadir meni otga mindirib olib borgan edilar. Buni ko‘rgan bir necha tengdoshim uylariga qaytib borganlarida, “meniyam otda olib borasiz”, – deb xarxasha qilgan. Ertasiga juda ko‘p otalar bolalarini otga mindirib olib kelishgan edi.

Otamning obro‘yi qishloqda juda baland edi. Maktab binosiyam otamning tashabbusi bilan tiklangan.

Bolalikda eng sevgan kitobim Mirkarim Osimning “O‘tror” qissasi bo‘lgan. Qayta-qayta o‘qirdim-u sira to‘ymasdim. Keyinchalik adibning boshqa asarlarini ham maroq bilan o‘qidim, ammo “O‘tror” sevimli bo‘lib qolaverdi. Tarixga bo‘lgan muhabbatim, she’rlarimdagi moziy nafasi, bir necha tarixiy hikoyalar-u qissalarim Samarqand va “O‘tror” bois ro‘yobga chiqqan deb o‘ylayman.

Bir paytlari qishlog‘imiz mozori yonidagi ariqdan hatlab o‘tsangiz, ulkan tepalikka duch kelardingiz. Bolalikda hamma narsa katta tuyularkan. Men hozir “hatlab o‘tsangiz” dedim-u, aslida bu ariq bolalik paytida kattakon soyday, tepalik esa tog‘day bo‘lib tuyulgani yodimda. Mana shu tog‘day tepalikka chiqib varrak uchirardik. Har safar bu tepalik ustiga chiqqanimda olisdagi tog‘larga tikilib xayol surgim kelar, xayol surganim sayin  tog‘lar butun haybati va zalvari bilan yaqinlashar, oxiri ularning moviy quchog‘iga singib ketganimni bilmay qolardim. Xullas, o‘sha tepalig-u olisdagi moviy tog‘lar meni shoirga aylantirgan bo‘lsa ajabmas.

O‘sha tepalikdan turib Registon minoralarini, Go‘ri Mir gumbazini ko‘rish mumkin edi. U paytlar Samarqanddagi eng baland bino to‘rt qavatli bo‘lardi. Shuning uchun ham bolalik tog‘ining cho‘qqisiga chiqib tikilgan bolakayning nigohini to‘sadigan to‘siq yo‘q edi.

Samarqand tomonga tikilar ekanman, onamning: “Biz oldin shaharda yashaganmiz, bu yerda esa bobongning qo‘rg‘oni – dala hovlisi bo‘lgan”, – degan so‘zlari yodimga tushardi.

 –  Bobongning shahardagi hovlisi haliyam bor, – deb hikoya qilardi onam. – Shundoq Registon maydoni qarshisidagi kinoxonaning orqasiga o‘tib, to‘g‘ri yuraversang, ikki qavatli o‘ris g‘ishtli imoratga ko‘zing tushadi. O‘sha bobongning hovlisi bo‘ladi.

Men bobomning ikki qavatli uyini ko‘raman, deb tikilardim-u dam o‘tmay bu o‘y unutilib, butun xayolimni olislarda yuksalib turgan minoralar, gumbazlar maftun qilib olardi. Tepalik ustida o‘tirgancha, onam so‘zlab bergan afsonalarni o‘ylardim. Ularni o‘ylab, yiroqdagi sehrli shahar ko‘chalari-yu maydonlariga borib qolganimni sezmay qolardim. Atrofimdan avtolar emas, sovut ko‘targan, egnidagi javshanlari yaltirab turgan alpkelbatli suvoriylar, madrasadan saboq olib qaytayotgan, boshlariga oppoq salla o‘ragan, moviy libos kiygan toliblar o‘tar, bozordan qaytayotgan qariyalarning yuki yengillashgan eshaklari horg‘in yo‘rg‘alardi.

Bir gal, taxminan, 10 yoshlarimda, hadeb yalinavergan bo‘lsam kerak, onam bobomning hovlisini ko‘rsatish uchun Samarqandga olib bordi.  Shundoq Sadriddin Ayniy muzeyi yonidan kirib Hovuzi sangin (Toshhovuz) mahallasiga  bordik. Mahalladagi yagona pishiq g‘ishtdan tiklagan ikki qavatli imorat ko‘rinishi bilan “Bobomning hovlisi shu bo‘lsak kerak”, – deb o‘ylaganman..  Onam meni ichkariga olib kirmagan. O‘zi bo‘lsa bobomni, biyimni, urushda bedarak ketgan akalari Nuriddin tog‘amni, bolalikning shirin damlarini eslab, uzoq vaqtgacha sukut saqlagan, ko‘zlaridan yosh oqqan.

 

Ibrat

Bolaligimda  ro‘y bergan va butun umr ibrat bo‘lgan bir voqeani unutolmayman. 7-sinfda men tumanning “Sharq tongi” gazetasiga xabar yoza boshlaganman. Bir kuni onam xivchin bilan akam ikkimizga  ajratilgan xonaga kirib keldilar. Bir so‘z demasdan savalay boshladilar. Men xonadan hovliga qochib chiqdim. “Nega urasiz, nima qildim?” –  dedim hiqillab yig‘lagancha. Onam “Nega yolg‘onni yozasan?” – dedilar jahldan tushmay. “Falonchi (onam yaqin dugonasining ismini aytdi) bir oydan beri kasalxonada yotgan bo‘lsa, sen uni “pilla topshirish rejasini ikki baravar qilib bajardi”, – deb yozibsan. Hozir u emas, boshqa kishi brigadir bo‘lgan. Nega meni sharmanda qilasan, borib so‘rasang, o‘lasanmi?”

Xullas, uyatchanligim tufayli pillaxonaga bormay, uzoqdan so‘rab-surishtirib yozgan kichkina xabarim e’lon qilingan kunning ertasiyoq onam jurnalistikaning va albatta, adabiyotning ham asosiy talabi – yolg‘on yozmaslik kerakligi haqida bir umrlik saboq bergan edilar.

 

Shoir oltoy

Yettinchi sinfda o‘qiyotgan paytlarim she’r yoza boshladim. Biroq,  she’r yozishimni hammadan yashirardim, nima uchun, bilmayman, uyalardim. Ammo, kunlardan bir kun bu sir oshkor bo‘ldi. O‘sha paytlar oqshom tushishi bilan o‘smir yuragimda kitobga, adabiyotga mehr uyg‘otgan, ona tili va adabiyot muallimasi bo‘lmish Subuha xolam (Olloh rahmatiga olsin) xonadoniga yo‘l olardim. Erta beva qolgan xolamning endigina shifokorlikka o‘qishini tugatgan  yolg‘iz o‘g‘li – Daler tog‘am Surxondaryoning Angor tumaniga ishga jo‘natilgan edi. Yolg‘iz qolgan xolam onamga ayttirib, meni dadamdan “qorovulchilik”ka so‘ragan edi. Garchi men ko‘p vaqtimni shusiz ham xolamnikida o‘tkazishimdan yaxshi xabardor dadam: “Faqat mollarni o‘tlatib kelishni unutmasin”, – deya rozi bo‘lgan edi. Meni xolamning xonadoniga ohanrabodek tortadigan narsa – kitoblar edi. Xolamning, bugun aniq bilaman, qishloqda boshqa hech kimnikida bo‘lmagan boyligi – kutubxonasi bor edi.

O‘sha sir ochilgan kuni odatdagidek xolamning uyiga borasolib kitoblar taxlangan tokchasi bor xonaga kirdim. Hozir esimda yo‘q, yo arman, yo gurji yozuvchisining tog‘da adashib qolgan bolalar sarguzashti haqida hikoya qiluvchi kitobini oldim-u xolamning yoniga chiqdim. Chiqdim-u xolamning qishlik botinkam qo‘njida yashirib yurganim – ikki-uch qavat buklangan qog‘ozlarni topib olib, “Bu nima ekan?” – deganday ko‘zdan kechirib turganini ko‘rib, joyimda qotib qoldim. Nihoyat: “Bularni o‘zing yozdingmi?” – deb so‘radi xolam. Men indamagach, savolini yana takrorladi. Men esa miq etmasdim. Xolam ahvolimni tushundi, shekilli, jilmaydi. So‘ng, nima uchundir “Shoir Oltoy!” – deya yelkamni siladi.

Men hamon nima qilishimni bilmasdan serrayib turardim. Xolam qo‘lidagi qog‘ozlardan birini ko‘rsatib: “Lekin, mana bunaqa she’rlar yozma”, – dedi jiddiy. Men “qaysi she’r ekan” degancha qog‘ozga tikildim. Go‘ri Mirga bag‘ishlangan she’r ekan. Esimda qolgan satrlari:

                                        Go‘ri Mir gumbazi bor,

                                        Samarqand o‘rtasida.

                                        Unda Amir Temur yotar

                                        Bolalari o‘rtasida.

Bugun o‘sha paytdagi she’rlarimni naqadar jo‘n, ibtidoiy bo‘lganini bilaman. Ammo o‘sha paytlarda men hali Amir Temur haqida yozish mumkin emasligini bilmasdim. Ilk she’rlarim Samarqand, Registon, Shohizinda haqida edi. Men Subuha xolamdan “Nega bunday she’rlar yozish mumkin emas?” – deb ham so‘ramadim. Xolam ham “Bunaqa she’rlar yozma” – deyishdan ortiq bir so‘z aytmadi.

Yuqorida yozganimdek, bobom Vafoxo‘ja Maxsum 30-yillarda qirg‘inbarot etilgani tufayli buvim – Latofat bibi, onam, xolalarim va tog‘alarim qanday dahshatli kunlarni bosh­laridan kechirganlarini mana endi bilaman. Shahardagi va qishloqdagi hovlilari musodara etilgan. Boshpanasiz, yosh farzandlari bilan ko‘chada qolgan buvim Latofat bibining qat’iyati, onajonim Fuzalloning otamga juda erta uzatilgani sabab bu xonadon davr dahshatlaridan omon qolgan edi.

O‘rni kelgani uchun qiziq bir gapni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Vafoxo‘ja Maxsum zurriyodlarining bir qismining familiyasi Vafoxo‘jayev, qolgan qismining familiyasi Vafoyev tarzida yoziladi. Mana endi bilaman, biror bir sovet tashkilotida ishlaganlar o‘zlarini ishga olishlari uchun to‘siq bo‘lgan “xo‘ja”ni familiyalaridan olib tashlashga majbur etilgan, oddiy bir ishlarda ishlab, kun kechirganlar Vafoxo‘jayev bo‘lib qolavergan.

Xullas, o‘sha kuni Subuha xolam qo‘limga qaytarib bergan she’rlarimni yana avvalgi joyi –  qishlik botinkam qo‘njiga yashirdim. Shu-shu xolam har zamon-har zamon “Ha, shoir Oltoy!” – deya erkalaydigan bo‘ldi.  Yillar o‘tib, she’riy kitoblarim chiqib, nomim el-u yurtga tanilgan kunlarda ham  “Ha, shoir Oltoy!” – deb erkalashini kanda qilmadi.

O‘sha sirim fosh bo‘lgan kuni xolam Go‘ri Amirga bag‘ishlangan “she’r”imni nega yozganimni so‘rab qolganida tushuntirib bera olarmidim, yo‘qmi, bilmayman. Anig‘i, tushuntirib berolmagan bo‘lardim. Mana endi bilaman: Sohibqiron bobomizning nomi tilga olinmagan o‘sha paytlardayam xalq yuragi, xotirasi uni unutmagani uchun yozgan ekanman bu she’rni. Samarqand havosi bu shavkatli insonga bo‘lgan mehr-muhabbat bilan to‘yingani uchun yozgan ekanman bolalarcha xom satrlarni. Chunki men ham o‘sha havodan nafas olardim. Hamon shu havodan nafas olaman.

 

Aql hassasiga tayangan bolalik

Mening nazarimda, asl ijodkor aql hassasiga tayangan, ammo bolalikning qo‘llarini qo‘yib yubormagan insondir.

Donishmand Chingiz Aytmatov “Yuragida bo­laligini saqlay olgan ijodkorgina iste’dodlidir”, – degan edi. Demak, kattalarday yashab, boladay yozish degan tushunchani, ijodkor umri davomida orttirgan tajribasi bilan bolalarga xos soddalik, beg‘uborlik va mehrni uyg‘un eta olish deb tushunish kerak. Aql – tajriba mahsuli. Faqat aqlga ishongan ijodkor baribir mag‘lub bo‘ladi. Mehr esa ilohiy tuyg‘u. Mehr avvaldan muhabbatning onasi, iste’dodning quvvati. Mehrning ildizi esa bolaligimizda, umrimizning beg‘ubor faslida. Uni yo‘qotib qo‘yishdan asrasin. Mabodo, yo‘qotib qo‘yilsa, yuzsizlikka, xiyonatga, imonsizlikka va so‘zfurushlikka yo‘l ochiladi.                                                                 

                                                                   

Suhbatdosh: Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.