Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yetuklik asosi

Aziz o‘quvchi, huquq insonga biror ishni amalga oshirish uchun berilgan, qonun bilan mustahkamlangan imkoniyat va imtiyozdir. Haq-huquqlar qat’iy qaror topgandagina ilm o‘rganishga ishtiyoqingiz, yangilikka intilishingiz yuzaga chiqadi. Yurtimizda 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar siz va aka-opalaringizning ma’naviy, jismoniy va intellekt jihatdan kamol topishingiz uchun yaratilgan. Bulardan eng asosiysi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir.

 Unda har bir bolaning jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi kafolatlanadi. 64-moddada ota-onalar farzandlarini voyaga yetgunlarigacha boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari haqida so‘z yuritiladi.

Davlat esa yetim, ota-onalarining vasiy­ligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitish ishlarini o‘z zimmasiga oladi. Konstitutsiyamizning 41-moddasida bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, maktab ishlari davlat nazoratida ekanligi belgilab berilgan.

 “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi bo‘yicha voyaga yetmaganlar belgilangan tartibda dispanser nazoratida bo‘lish, bolalar va o‘smirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davo­lanish, sanitariya-gigiyena ta’limini olish, sog‘lig‘iga mos sharoitlarda mehnat qilish kabi huquqlarga egadirlar. Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor voyaga yet­maganlar uchun esa alohida imtiyoz va sharoitlar yaratilgan. “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida 16 yoshga to‘lmagan bolalar, shu­ningdek, nogiron va yetim bolalarga sport hamda sog‘lomlashtirish xizmatlari bepul ko‘r­satilishi belgilab qo‘­yil­gan. “Alkogol va ta­maki mah­sulotlarining tar­qatilishi hamda is­te’mol qilinishini chek­lash to‘g‘risida”gi Qo­nunda nafaqat voyaga yetmaganlar, balki yigirma yoshga to‘lmaganlarni bu mahsulotlarning sal­biy ta’siridan asrashga doir qoidalar haqida so‘z yuritiladi. “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning pro­filaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunda ham sizning huquqlaringizni himoya qiluvchi ko‘plab qoidalar bor. Qonunning 6-moddasida o‘quv-tarbiya muassasasini o‘zboshimchalik bilan tark etgan yoki mashg‘ulotlarga uzrli sabablarsiz kelmayotgan bolalar haqida shu muassasa rahbariyati zudlik bilan xabardor qilinishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

2018-yilda “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, bolalarning ma’naviyatiga aks ta’sir ko‘rsatuvchi kompyuter o‘yinlari, ijtimoiy tarmoqlardagi videolar va boshqa axborotlarni cheklash, teleko‘rsatuvlarni yosh bo‘yicha tasniflashning huquqiy yechimlari asoslab berildi.

Xulosa qilib aytganda,  har tomonlama sog‘lom hayot kechirishingiz, sifatli ta’lim olishingiz uchun davlatimizda barcha sha­roitlar yaratilgan. Agar imkoniyatlardan unumli foydalanib, ko‘proq o‘qib, izlansangiz jamiyatda o‘z o‘rniga ega, yetuk inson bo‘lib ulg‘ayasiz.

 

Sardora  JALILOVA,

Qashqadaryo viloyati yuridik texnikumi o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.