Adabiy kecha
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 270-maktabda alloma bobolarimiz – gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan “Buyuk siymolarga taʼzim” nomli adabiy kecha boʻlib oʻtdi. Adabiy kechani maktab direktori Yoqutxon Fayziyeva ochib, ulugʻ ustodlarning dunyo tamadduniga va adabiyotimizga qoʻshgan bemisl xizmatlari haqida gapirdi. Adabiy kecha mehmoni Milliy gvardiya sardori Bobur Mansurov Zahiriddin Muhammad Boburning sarkardalik mahorati haqida, adabiyot va ona tili oʻqituvchisi Nasiba Hayitboyeva Alisher Navoiyning ulkan adabiy merosi haqida qiziqarli hikoya qilib berishdi.
Buyuk bobolarimiz hayoti aks etgan sahna koʻrinishlari bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Adabiy kecha soʻngida oʻquvchilar mutafakkir bobolarimizning gʻazal va ruboyilari, maqomlaridan ijro etishdi. Tadbir chinakam adabiyot bayramiga aylanib ketdi.
Shahrizoda SANAQULOVA