Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Moviy halqa – vahshiy halqa

Hisob-kitoblarga qaraganda, sayyoramizda bir daqiqada yarim million dona sigaret chekilar ekan.

* * *

Agar bundan yuz yil avval, odamzodni “Tamaki va ayollar”, ellik yil muqaddam “Tamaki va yoshlar” mavzusi xavotirga solgan boʻlsa, bugungi kunda kashandalar davrasi yanada yoshardi. Endi ommani “Tamaki va bolalar” muammosi jiddiy tashvishlantirmoqda.

 

Bu fakt va raqamlar bilan tanishar ekanman, tanaffus paytida maktabning pana-pastqam joylarida, hatto xojatxonaga berkinib olib, qoʻrqa-pisa ogʻizlaridan tutun burqsitayotgan, bu bilan oʻzlari bilib-bilmay murgʻak vujudlarini zaharlayotgan maktabdoshlarim koʻz oldimdan oʻtishadi. Kelishgan qaddi-qomatli, yoqimtoy bu bolalarni kelajakda yarimjon, kasalmand boʻlib qolishlarini oʻylab, vahimaga tushaman. Ular oldiga yugurib borgim, qoʻllaridagi sigaretni yulib olgim keladi. Biroq, bu gapim ham, maslahatim ham ularga yoqmasligini, bir ogʻiz gap bilan dilimni vayron qilishlarini oʻylab, noiloj toʻxtab qolaman. Qiziq, oʻzlari hali yosh bola-yu chekishga qachon oʻrgana qolishdi ekan?! Ana shu savolimga javob izlab, 3-4 ta kashanda bolani kuzatdim.

Odatda hammasi kattalarga taqliddan boshlanar ekan. Mana shu sigaret chekayotgan aksariyat bolalarning otasi kashanda ekan. Baʼzi bolalar shunchaki qiziqishdan, yana biri nihoyatda jiddiy koʻringan oʻqituvchisining qattiq-qattiq tutun tortayotganidan zavqlanib, unga oʻxshashga intilib chekishni boshlasa, bir xil bolalar esa kunda-kunora namoyish qilinayotgan teleserial qahramonlariga havasi kelib sigaretga mehr qoʻyar ekan. Yana birovi esa chekishni zamonaviylik belgisi, deb bilar ekan.

Nima maqsadda chekishmasin, tamakini nechogʻlik yalab-yulqashmasin, baribir u odamzodga doʻst boʻlmaydi. Ana shu halqa-halqa boʻlib yarmi oʻpkaga, yarmi havoga beozorgina tarqalayotgan moviy tutun qanday yovuz qudratga ega ekanligini bilishganda edi...

Vaholanki, 25 dona sigaret tarkibida 125 mg nikotin, 40 mg ammiak, 0,5 mg mis gazi va boshqa koʻplab zaharli moddalar bor. Inson organizmining tamakiga eng taʼsirchan qismi asab tolalari boʻlib, tamaki tutuni birinchi navbatda unga taʼsir qiladi. Ilk marta chekayotgan bolaning boshi aylanadi, ogʻriydi, xotirasi pasayadi, koʻrishi yomonlashadi, taʼm bilish sezgilari susayadi. Chekishni koʻpaytirgan sari bronxit, yoʻtal, keyinchalik sil, oʻpka va til raki kabi bedavo dardlarga yoʻliqadi.

Tamakini shunchaki bir havas yoki madaniyatlilik belgisi deb chekayotgan tengdoshlarim mana shu fakt va raqamlarga jiddiyroq eʼtibor qaratishganda, odamzodga berilgan eng muqaddas neʼmat – hayotni oʻz qoʻllari bilan qisqartirmagan, oʻzlarini sogʻlom, sayyoramiz havosini musaffo boʻlishiga hissa qoʻshgan boʻlishardi.

Aksariyat bolalar chekishni 11 yoshdan boshlashadi. Bu paytda ular kuniga 2-3 dona sigaret chekishadi. 15 yoshli maktab oʻquvchisi oʻrta hisobda haftasiga 25-30 dona sigaret tutunini yutadi.

Hurmatli ota-onalar, oʻqituvchilar, mahalla kattalari, bolangizni, oʻquvchingizni beparvo qoldirmang. Choʻntaklarini qarang, barmoqlarini tekshiring, ulardan tamakining badboʻy hidi kelmayaptimi! Yuqoridagi suratda aks etgan koʻngilsiz holat sizning oilangizda, maktabingizda, mahallangizda uchramayaptimi?!

 

Dinara HUSIMARDONOVA,

Samarqand viloyati Nurobod shahridagi

“Nigoh” fotostudiyasi qatnashchisi.

“Gulxan” 2003-yil dekabr

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.