Oʻttiz yillik koʻmakchim
1989-yilda Nizomiy nomidagi pedagogika institutini tugatib, oʻzim oʻqigan maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ish boshladim. Pedagogik faoliyatim davomida “Gulxan” jurnali mening koʻmakchim boʻlib kelyapti. Shogirdlarim bilan jurnalning har bir yangi sonidagi maqola, sheʼr, hikoya, topishmoqlarni oʻqib boramiz.
Sinfdan tashqari oʻqish darslarida “Gulxan” jurnali har bir oʻquvchimning qoʻlida boʻladi. Uning bir necha yillik taxlamlari sinf kutubxonasidan joy olgan. Bayram tadbirlarida esa shogirdlarim jurnaldan yod olgan sheʼrlarini zavq-shavq bilan aytib beradilar. Adiblarning rasmlari va ijodi berilgan sahifalar nafaqat boshlangʻich sinf, balki ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari uchun ham zarur qoʻllanma boʻlyapti. Biz bu yil ham jurnalga obuna boʻldik. Oʻquvchilarga chiroyli taʼlim va tarbiya berishimda jurnal mening beminnat koʻmakchimdir.
Gavhar VAISOVA,
Xorazm viloyati Gurlan tumani
20-maktab boshlangʻich sinf oʻqituvchisi