Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Adabiyot ko‘chasidan yurganlar...

Jurnalimizning o‘tgan sonlarida “Zomin-2024” yosh ijodkorlar seminari ishtirokchilarining she’rlarini, adabiyotshunos ustoz Ibrohim G‘afurovning bo‘lg‘usi shoir-yozuvchilarga tilaklari, pand-nasihatlari jam bo‘lgan “Ijodkor so‘zga mas’ul” maqolasini taqdim etgandik. Albatta, jurnalxonlarning orasida ijodkor yoshlar oz emas. Tabiiyki, ular ham Zomin seminari ishtirokchilariga havas qilgan, ular kabi adabiyotimizning katta ustozlaridan saboq olishni, ularga o‘z ijod namunalarini o‘qib berishni orzu qilgan bo‘lsalar kerak. “Gulxan” o‘quvchilarning mana shu orzusini qisman bo‘lsa-da amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Quyida adabiyotimizning zabardast vakillari tomonidan “Zomin-2024” seminari davomida aytib o‘tilgan qimmatli nasihatlarni to‘pladik. Marhamat, siz ham o‘qing, kelajakdagi ijod yo‘llaringizda bularga, albatta, amal qiling.

***

Badiiy ijod insonning har taraflama barkamol bo‘lishini talab qiladi, bilimingiz nihoyatda ye­tuk bo‘lishini taqozo etadi. Bularsiz yozilgan she’r, xohlaysizmi-yo‘qmi, boshqalarning takrori, taq­lidi bo‘lib qoladi.

 

Nurboy Jabborov

***

She’r yozadigan ku­ningiz tong boshqacha otadi. Qalbingizda og‘ir bir narsa bo‘ladi-yu, uni qog‘ozga to‘kib so­lasiz. She’r paydo bo‘ladi. Ko‘ngilning tubini mana shunday og‘ritib, bezovta qilib yaralgan she’r haqiqiy she’rdir.

 

Munavvara Usmonova

***

Agar she’ringiz yu­rakdan yozilgan bo‘lsa, u nima haqida bo‘lmasin, unda Vataningiz ish­tirok etadi. Biror daraxt, archa yoki yan­toq haqidagi she’r ham Vatanni kuylashi mumkin.

Agar she’ringiz soxta bo‘lsa, ming urinsangiz ham u na Vatanni, na tuproqni, na havoni madh etolmaydi. Soxta bir izhor bo‘lib qolaveradi.

 

Eshqobil Shukur

***

Yozuvchilikda faqat yo­zish kerak, o‘qish shart emas, deb o‘ylamang. Yozuvchilikning juda katta qismi, deyarli 90 foizi o‘qishdan iborat! Bu dunyoda qanchadan-qancha xalqlarning katta-katta adabiyotlari bor. Bu adabiyotlarda juda ko‘p ma’lumotlar berilgan. Agar ularni o‘qimasangiz, “velosipedni qayta ixtiro qilib” o‘tiraverasiz. Ijodingizni o‘qiganlar bundayini ko‘rganman, bunaqasi bor, deyishadi. Shuning uchun hamisha o‘qib-o‘rganishingiz shart.

 

Usmon Azim

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.