Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bitta qulfga bir nechta kalit

Yurtimizda akademik litsey, umumta’lim va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash haqli ravishda umidli, bilimga chanqoq yoshlarni kashf qilib bermoqda. Ayniqsa, bu borada 2022-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining o‘ziga xos o‘rni bor. Bundan maqsad, albatta, til o‘rganishni yoshlar orasida yanada kengaytirish, ishtirokchilar sonini oshirishdan iboratdir. E’tiborlisi, tanlov qisqa muddatda ommalashib ulgurdi. O‘tgan davr mobaynida uning barcha bosqichlariga jalb qilingan jami 110 mingga yaqin o‘quvchi misolida buni anglash qiyin emas.

Quvonarlisi, bu galgi bellashuvlar bilim va zukkolik bayrami sifatida har bir hududda alohida o‘tkazildi. Unda 6442 ta maktabning 32210 nafar o‘quvchisi qatnashdi. Quyida g‘oliblar, bugungi kun qahramonlari bilan tanishing:

1-o‘rin Jizzax viloyati, Jizzax shahri 22-maktab jamoasi;

2-o‘rin Namangan viloyati, Chortoq tumani 53-IDUM jamoasi;

3-o‘rin Toshkent shahri, 110-IDUM jamoasiga nasib etdi.

Aslida, o‘n minglab qorako‘zlarimiz qamrab olingan tanlovning yakuniy final bosqichiga yetib kelishning o‘zi katta g‘alaba.

G‘oliblarga medallar hamda egallagan o‘rniga mos ravishda 300 mln. so‘m, 400 mln. so‘m hamda 500 mln. so‘mlik pul mukofotlari topshirildi.

Shuningdek, Prezident sovg‘asi sifatida Respublika bosqichining barcha ishtirokchilari va ularning ustozlari, jami 84 nafar o‘quvchi va pedagoglar o‘z bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun xorijga ta’lim sayohatiga yuboriladi.

Ma’lumot o‘rnida: bellashuv har yili ingliz, nemis, fransuz tillari o‘qitiladigan maktablar o‘rtasida o‘tkaziladi. Har bir maktabning terma jamoasi 7-9-sinflarda tahsil oladigan 5 nafar o‘quvchidan tashkil topadi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ta’lim maskani 20-sentyabrga qadar Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining elektron tizimida o‘z jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazadi. Ro‘yxatdan o‘tgach, 20-oktyabrga qadar xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha qo‘lga kiritgan ko‘rsatkichlarini elektron tizimga kiritadi.

Tanlov tuman, hududiy, respublika bos­qichlarida o‘tkaziladi.

Aziz o‘quvchilar, xorijiy tillarni o‘r­ganishdan charchamang! Zero, til bilganga dunyo eshiklari hamisha ochiq. Ko‘p tilni bilish esa, bitta qulfga tushadigan bir nechta kalitga ega bo‘lish deganidir.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.